Fan-texnika | 17:01 / 04.05.2020
9598
3 daqiqa o‘qiladi

Mobiuz Sirdaryo viloyati abonentlari uchun cheksiz qo‘ng‘iroqlarni taqdim etdi

Foto: Mobiuz

Mobiuz mobil operatori Sirdaryo viloyatining bir qator hududlarida aloqani tikladi hamda viloyat aholisi uchun qo‘ng‘iroqlarni narxlanmaydigan qildi. Bu haqda kompaniya rasmiy sayti ma'lum qildi. 

Sirdaryo viloyatining aholisi uchun shu kunlar sinovli keldi – Sardoba suv ombori to‘g‘onidan suv chiqishi oqibatida bir qator qishloqlar hududini, ekin maydonlarini suv bosdi, Mirzaobod, Sardoba, Oqoltin tumanlaridagi 20 ta mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi boshqa joylarga favqulodda ko‘chirildi.

Ushbu holat hududlardagi uyali aloqa bilan ta'minlashga ham ta'sir ko‘rsatdi. Mobiuz'ning 14 ta baza stansiyasi faoliyatini tiklash uchun kompaniya mutaxassislari tomonidan tezkor texnik ishlar olib borildi. Elektr energiyasi uzilgan hududlarda dizel-generator uskunalari orqali stansiyalar faoliyati ta'minlanmoqda. Eng katta talafot ko‘rgan hududlardagi yana 5 ta obektda suv bosishi oqibatlarini bartaraf qilish ishlari bilan bir maromda aloqa tiklanadi.

Hozirda Sirdaryo viloyati aholisiga katta g‘amxo‘rlik va e'tibor kerak. Mobiuz mobil operatori sirdaryoliklarga yordam qo‘lini cho‘zgan holda qo‘ng‘iroqlar nol qiymatidagi narxlashga o‘tganligini ma'lum qiladi. Ya'ni Mobiuz'ning har qanday tarif rejasidan foydalanayotgan aholi daqiqalar to‘plami yakunlangandan keyin may oyi oxirigacha O‘zbekiston bo‘yicha cheksiz qo‘ng‘iroqlarni amalga oshirishi mumkin.

«Sirdaryoliklar uchun o‘z yaqinlari, xayrixohlar, davlat organlari bilan doimiy aloqada bo‘lish juda muhim. Shuning uchun Mobiuz mehr va e'tibor ko‘rsatgan holda viloyat aholisi uchun tarif rejasidan qat'iy nazar cheksiz qo‘ng‘iroqlarni amalga oshirishni yo‘lga qo‘ydi. Bundan tashqari, kompaniya va xodimlar talafot qurbonlariga xayriya yordamini ko‘rsatish maqsadida pul mablag‘larini yig‘moqda. Bu haqida ijtimoiy tarmoqlarimizdagi rasmiy sahifalarda batafsil ma'lumot beramiz», - deya, izohladi Mobiuz'ning jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha rasmiy vakili Sardor Tojiyev.

Mavzuga oid