O‘zbekiston | 07:45 / 22.06.2024
35308
3 daqiqa o‘qiladi

Elektr energiyasi va gaz uchun tariflarni shakllantirish tartibi tasdiqlandi 

Belgilangan tartibda tasdiqlangan elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun tariflar 2026 yildan boshlab, uch yildan kam bo‘lmagan muddatga amal qiladi. 

Vazirlar Mahkamasining “Yoqilg‘i-energetika tarmog‘ida tarif siyosatini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan 2035 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston yoqilg‘i-energetika tarmog‘idagi tarif siyosatining asosiy yo‘nalishlari belgilandi

Hujjat bilan elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun tariflarni shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi nizomlar tasdiqlandi. 

Tariflar ishlab chiqarish, qazib olish, uzatish va boshqa tizimli xizmatlar, taqsimlash va foydalanish va kapital xarajatlarni to‘liq qoplashni hisobga olgan holda sotish xarajatlaridan kelib chiqqan holda shakllanadi.

Belgilangan tartibda tasdiqlangan elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun tariflar 2026 yildan boshlab, uch yildan kam bo‘lmagan muddatga amal qiladi. 

Elektr energiyasining yagona va tabiiy gazning markaziy xaridori elektr energiyasi va tabiiy gazni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasi tomonidan belgilangan tariflar bo‘yicha sotib oladi hamda sotadi. 

Aholining kam ta’minlangan va himoyaga muhtoj qatlamlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash elektr energiyasi va tabiiy gazning bazaviy normasini qo‘llash hamda ular uchun tariflar oshganda kompensatsiyalar berish yo‘li bilan ta’minlanadi. 

Tartibga solinadigan tariflar o‘zida xarajatlarni aks ettirishi, elektr energetika tarmog‘ining samarali ishlashi rag‘batlantirilishini ta’minlashi va ijtimoiy kompensatsiyalarni hisobga olishi lozim.

Elektr energiyasi uchun tariflarni shakllantirish tartibi to‘g‘risida nizom quyidagilarni nazarda tutadi:

  • elektr energiyasi uchun tariflarni shakllantirish mexanizmi;
  • tashkilotlar uchun talab qilinadigan daromadni va iste’molchilarning turli guruhlari uchun elektr energiyasi uchun tariflarni shakllantirish tartibi;
  • tariflarni asoslash uchun hujjatlarni taqdim etish;
  • tariflarni shakllantirish ustidan davlat nazorati va boshqalar. 

Tabiiy gaz uchun tariflarni shakllantirish tartibi to‘g‘risida nizom quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  • tariflarni tartibga solish tamoyillari;
  • turlar bo‘yicha xarajatlarni va talab qilinadigan daromadni hisob-kitob qilish tartibi;
  • subsidiyalanadigan tariflar;
  • xarajatlar, aktivlar va daromadlarni taqsimlash tamoyillari va boshqalar.

Mavzuga oid