Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
NYT Kursk oblastida okkupatsiyadan keyingi hayot haqida reportaj tayyorladi
Ukraina TIV gazetani Rossiya propagandasini qo‘llashda aybladi. «Axmat» komandiri maqolani maqtadi.
Oleg Palchyk / Global Images Ukraine / Getty Images
The New York Times gazetasi 12 iyul kuni Kursk oblastining 2024 yil avgustidan 2025 yil martiga qadar ukrain armiyasi tomonidan ishg‘ol qilingan qismidan reportaj tayyorladi. «O‘lim manzarasi: Ukraina Rossiyaga bostirib kirgan joydan nimalar qoldi» sarlavhali material jurnalist Nanna Haytmann muallifligida yozilgan. Bu g‘arb mediasida frontning Rossiya tomonidan reportaj e’lon qilinishi bilan bog‘liq kamyob misoldir. Maqola Ukraina hukumati vakillarining g‘azabini keltirdi, ular Haytmann Rossiya propagandasini qo‘llaydi deb hisoblamoqda. The New York Times (Amerikadagi liberal nashr)da e’lon qilingan reportajni chechenlarning «Axmat» bo‘linmasi komandiri Apti Alaudinov maqtadi.
Nanna Haytmann — nemis jurnalisti, Magnum fotograflar kooperativi a’zosi, Yoqutistondagi o‘rmon yong‘inlari fotosuratlari uchun 2022 yilgi World Press Photo mukofoti laureati hamda Putin davrida o‘sgan rossiyalik yoshlar haqidagi davomli fotosuratlar uchun 2024 yilgi Pulitser mukofoti finalchisi. U Moskvada yashab, ijod qiladi.
The New York Times gazetasida Haytmanning urush davridagi Rossiya hayoti to‘g‘risidagi materiallari (masalan, Xitoy modasi hamda urushdan qaytgan askarlar reabilitatsiyasi haqida) oldin ham e’lon qilingan. Shuningdek, Haytmann Suriya va Tojikiston to‘g‘risida materiallar chiqartirgan. Uning ishlari Time, Le Monde, Stern va boshqa sifatli nashrlarda ham berilgan.
Haytmann Kursk oblastiga 2025 yil martida, Sudja rayoni markazi ozod etilishi bilanoq kelgan. U bu shaharchada olti kunni o‘tkazgan.
O‘z reportajida Haytmann vayron bo‘lgan uylar, ko‘milmagan jasadlar, hamma yoqda sochilib yotgan va portlamay qolgan o‘q-dorilar, o‘qlar ilma-teshik qilgan mashinalar, o‘q va portlash ovozlari, chirishdan chiqayotgan hidlarni tasvirlaydi. U mahalliy aholi o‘zining og‘ir ahvolga tushib qolgani uchun nafaqat ukrain armiyasi, balki Rossiya hukumatini ham ayblaydi.
Mahalliy aholi vakili Oksana Lobodova jurnalistga o‘z singlisi okkupatsiya ostida yashashni istamasdan Cherkasskoye Porechnoye qishlog‘idan Kursk shahriga ketgani, onasi esa qo‘shni Russko Porechnoye qishlog‘ida qolganini aytadi. Keyinroq onaning jasadi uy hovlisidan topilgan — rasmiy ma’lumotga ko‘ra, u oskolka tegishidan halok bo‘lgan. Ayol 68 yoshda bo‘lgan. «Odamlar omon qolishining qandaydir yo‘li bormidi? Yetti oy davomida sovuq kunlarda suvsiz, yegulik, dori-darmon va elektrsiz yashashga to‘g‘ri kelgan. Bemor pensionerlar. Ularni o‘ldirishdimi yoki o‘zlari o‘lishdimi, buning nima farqi bor? Ularni shunchaki o‘z holiga tashlab qo‘yishgan», — deya Lobodovaning so‘zlarini keltirgan Haytmann.
Mahalliy aholi vakillarining ko‘pchiligi Haytmannga Ukraina bilan yaqin aloqalari haqida aytib berishgan. Jurnalist bilan suhbatlashganlardan biri Lyubov Blashchuk — G‘arbiy Ukrainada tug‘ilgan. Oksana Lobodovaning ham Xarkivda yashovchi qarindoshlari bor. Shu bilan birga, bu odamlar urush sabablari haqida gap ketganda, Rossiya propagandasi tezislarini takrorlaydi: go‘yoki bu ishlarning barchasi NATOni kengaytirishga harakat qilingani, «ukrainlarning miyalari yuvilgani» va hokazolar tufayli sodir bo‘lmoqda.
Ular shuningdek, rossiyalik harbiylar ham, ukrain harbiylari ham o‘zini yaxshi tutishgani haqida gapirishgan: tibbiy yordam ko‘rsatilgan, oziq-ovqat bilan ta’minlashgan. «Ular bir-biri bilan urushishdi, bizga esa hech kim teginmadi», — degan Haytmanning suhbatdoshlaridan biri.
Jurnalist chechenlarning «Axmat» maxsus topshiriqli bo‘linmasi jangchilari bilan ham gaplashgan, bu jangchilar hududni ozod etishdagi hal qiluvchi bo‘lgan «Truba» («Potok») amaliyotida ishtirok etgandi. 2025 yil martida rossiyalik harbiylar Sudjani shturm qilishda gaz quvuri orqali harakatlanib, ukrain pozitsiyalarini aylanib o‘tgan va ularning ortidan chiqqandi. Harbiylardan biri amaliyot oxirida ko‘rish qobiliyati yomonlashgani va tana harorati ko‘tarilib ketgani haqida aytadi. «Axmat» komandiri Apti Alaudinov esa Haytmannga jangchilaridan biri zaharlanib vafot etgani, ikki harbiy salomatligidagi muammolar tufayli xizmatdan bo‘shatilgani, boshqalari uzoq vaqt davolanishini ma’lum qilgan.
Haytmann front zonasiga qanday borib qolgani The New York Times materialida izohlanmagan. Shu bilan birga, muallifning o‘zi unga «vaqti-vaqti bilan» «Axmat» jangchilari hamrohlik qilgani va ushbu bo‘linma komandiri Apti Alaudinov bilan telegram orqali aloqada bo‘lib turganini aytadi. Keyinroq Alaudinov «Rossiya 1» telekanali efirida Haytmanning reportajini maqtadi, uning so‘zlariga ko‘ra, bu material g‘arb auditoriyasiga Kursk oblastida bo‘layotgan voqealarning «asl manzarasi»ni yetkazgan.
Harbiy harakatlar maydonining Rossiya nazorati ostidagi qismidan olingan ma’lumotlarning aksariyati, jumladan, ma’lum bir odamlarning hayoti haqidagi hikoyalar hukumat propagandachilari va Z-blogerlar tomonidan beriladi. Rossiyadagi jurnalistlar, jumladan g‘arb nashrlari uchun ishlaydigan mustaqil jurnalistlar kamdan kam hollarda front chizig‘iga yoki hech bo‘lmaganda unga yaqin joyga borish uchun akkreditatsiya olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. 2022 yilda «Kommersant» muxbirlari Donetsk va Mariupolga borishgan, shundan so‘ng gazeta o‘z reportajlarida ko‘p narsaga sukut saqlagani va senzuraga yon bergani uchun tanqidga uchragandi.
Kursk oblasti bo‘yicha esa, region gubernatori Aleksandr Xinshteyn 2025 yil martida, ukrainlar okkupatsiyasining yakuniy davrida va hudud ozod etilganidan keyingi kunlarda bu yerga xorijiy nashrlarning 93 vakili kelgani, ular orasida g‘arbliklar ham bo‘lganini aytgandi. Ulardan hech biri batafsil reportaj taqdim etmadi.
RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov to‘g‘ridan to‘g‘ri ayni vaqtda Rossiyada «harbiy senzura vaqti» ekanini tan olgandi. 2022 yildan buyon mamlakatda «rossiyalik harbiy xizmatchilar to‘g‘risidagi feyklar» va «armiyani obro‘sizlantirish» haqidagi qonun amal qiladi, unga ko‘ra, urush haqida rasmiy versiyadagidan (ya’ni Mudofaa vazirligi hamda boshqa davlat organlari tarqatgan press-relizdan) farq qiluvchi noto‘g‘ri ma’lumot tarqatganlik uchun 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etilish mumkin.
Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan keyin Ukrainada ham harbiy senzura joriy etilgan: Rossiyaning tajovuzkorligi va Ukraina hududlarini bosib olishini oqlash, qonuniy deb tan olish va inkor etish jinoiy javobgarlikka tortiladi. Ammo xalqaro jurnalistlar u yerda ishlashni davom ettirmoqda - keng ko‘lamli urushning dastlabki oylarida u yerda Rossiyaning mustaqil nashrlari muxbirlari ham bo‘lgan. Associated Press xodimlari, ukrainalik Yevgeniy Maloletka va Mstislav Chernov Mariupoldan qilgan reportajlari uchun 2023−2024 yillarda Pulitser mukofoti hamda «Hujjatli film» nominatsiyasida «Oskar» mukofotini qo‘lga kiritdi.
Nanna Haytmanning bu maqolasi The New York Times nashrida e’lon qilingani va ayniqsa uning «Axmat» bilan yaqindan hamkorlikda ishlagani fakti — Ukrainadagi rasmiy shaxslar g‘azabiga sabab bo‘ldi. Ukraina tashqi ishlar vazirligi rasmiysi Georgiy Tixiy shunday degan: «The New York Times’da voqealarni rossiyalik harbiy jinoyatchilar bilan birgalikda yoritishni ma’qul ko‘rgan odam eng ahmoqona qarorni qabul qilgan. Bu balans yoki „tarixning ikkinchi tomoni“ emas. Bu shunchaki Rossiya propagandasiga auditoriyani chalg‘itishga imkon berishdir».
Dezinformatsiyaga qarshi kurashish markazi (Ukrainadagi davlat organi) shuni qayd etadi: reportajda hatto Rossiya Ukrainaga hujum qilgani ham eslanmagan, tinch ukrainlar Rossiya tajovuzidan aziyat chekayotgani haqida ham biror so‘z yo‘q. «Bir tomon tajovuzkor bo‘lgan urushda kontekstni keltirmagan holda betaraflik qilish dezinformatsiyaga aylanadi», — deyilgan idora bayonotida.
Hozircha Haytmann ham, The New York Times ham Rossiya propagandasini qo‘llab-quvvatlash haqidagi ayblovlarga rasman munosabat bildirmadi.
Mavzuga oid
20:02 / 05.11.2025
Shimoliy Koreya Rossiyaga yana besh ming askar yubordi
16:19 / 26.09.2025
Rossiyalik propagandachi Tigran Keosayan vafot etdi
14:37 / 21.07.2025
Aliyevning Ukrainaga iltifotidan keyin Z-kanallar Ozarboyjon bilan urushga tayyorlanishga chaqira boshladi
21:16 / 08.07.2025