O‘zbekiston | 16:03 / 12.12.2022
11208
2 daqiqa o‘qiladi

Ishga qabul bo‘yicha tanlovlar suhbat bosqichida inson omili minimallashadi

O‘zbekistonda ishga qabul qilish bo‘yicha tanlovlarning suhbat bosqichida inson omili minimallashadi. Bu haqda Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi xabar beryapti.

Qayd etilishicha, agentlik vacancy.argos.uz portali orqali davlat organlari va tashkilotlaridagi vakant lavozimlar uchun o‘tkazilayotgan tanlovlar suhbat bosqichi takomillashtirilmoqda.

Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlari yagona ochiq portali orqali o‘tkaziladigan ochiq tanlovlar 3 bosqichda tashkil etiladi: nomzodlar arizalarini tegishli malaka talablari bo‘yicha o‘rganish, test sinovi hamda suhbat.

Ikki yil mobaynida agentlik davlat organlari va tashkilotlari bilan hamkorlikda malaka talablarini yagona shakl asosida belgilash hamda test sinovi bosqichini shaffof tarzda tashkil etishga qaratilgan qator loyihalarni amaliyotga tatbiq etdi.

Endilikda suhbat bosqichida inson omili minimallashtiriladi. Bu borada agentlik ikkita yangilikni barcha davlat organlarida joriy etmoqda:

— suhbat jarayonida nomzodlarga berilayotgan savollar vazni teng bo‘lishini ta’minlash maqsadida barcha savollar yagona platformada tasodifiy tanlash (random) dasturi orqali beriladi;

— tanlov komissiyasi a’zolari tomonidan suhbat jarayonida nomzodlarni platforma o‘zida baholash va qo‘yilgan ballni izohlash yo‘lga qo‘yiladi.

Mavzuga oid