O‘zbekiston | 08:21 / 31.12.2020
5020
2 daqiqa o‘qiladi

Degradatsiyaga uchragan yerlar konservatsiya qilinadi

Vazirlar Mahkamasining «Qishloq xo‘jaligi yerlarini konservatsiya qilish tartibi to‘g‘risida nizomni tasdiqlash haqida»gi qarori qabul qilindi.

Norma’ning yozishicha, qaror bilan quyidagilarni nazarda tutuvchi Qishloq xo‘jaligi yerlarini konservatsiya qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi:

  • konservatsiya qilinadigan qishloq xo‘jaligi yerlarini aniqlash va xatlovdan o‘tkazish tartibi;
  • qishloq xo‘jaligi yerlarini konservatsiya qilish tartibi;
  • yerlarni konservatsiya qilish tadbirlarini moliyalashtirish.

Degradatsiyaga uchragan yerlarni konservatsiya qilish – bunday yerlarni unumdorlik va tabiiy xususiyatlarini tiklash uchun talab etiladigan, biroq 5 yildan kam bo‘lmagan muddatga vaqtinchalik maqsadli foydalanishdan chiqarish.
 
Yer uchastkasidan foydalanuvchi (egalik qiluvchi) va tuman hokimligining arizasiga asosan 5 ish kuni ichida xulosani tayyorlash uchun komissiya tuzish haqida qaror qabul qilinadi.
 
Komissiya tarkibiga yer uchastkasidan foydalanuvchi (egalik qiluvchi), Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi (o‘rmon xo‘jaligi yerlarida), Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, DSQ huzuridagi Kadastr agentligining hududiy bo‘linmalari hamda Tuproqshunoslik va agrokimyo ITIning mas'ul xodimlari kiritiladi.
 
Degradatsiyaga uchragan qishloq xo‘jaligi yerlarini xatlovdan o‘tkazish materiallari, bonitirovka ma'lumotlari, geobotanik tadqiqotlar, davlat statistika materiallari, yer uchastkalaridan foydalanuvchilarning qishloq xo‘jaligi faoliyatiga oid hisobot hujjatlari asosida takliflar ishlab chiqiladi.
 
Komissiya ishining natijalariga asosan degradatsiyaga uchragan qishloq xo‘jaligi yerlaridan keyinchalik foydalanish (qishloq xo‘jaligida foydalanishdan chiqarilmagan holda yerlarni tiklash, konservatsiya qilish, yerlarni boshqa toifaga o‘tkazish) bo‘yicha tavsiyalar beriladi.
 
Konservatsiya qilish tadbirlarini o‘tkazishga oid xarajatlar respublika budjeti va mahalliy budjetlar, shuningdek egalik qiluvchining mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
 
Hujjat 18.12.2020 yildan kuchga kirdi. 

Mavzuga oid