Jahon | 18:47 / 16.05.2024
27134
3 daqiqa o‘qiladi

To‘qayev Markaziy Osiyo davlatlarini qarama-qarshi qo‘yishga urinayotgan tashqi kuchlar haqida gapirdi

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Markaziy Osiyo davlatlarini bir-biriga qarama-qarshi qo‘yish va mintaqada tarqoqlikni yuzaga keltirishga urinayotgan tashqi kuchlarga birgalikda qarshi turishga chaqirdi.

Foto: Oqo‘rda

Bu haqda To‘qayev 16 may kuni Markaziy Osiyo davlatlarining xavfsizlik kengashlari kotiblari bilan uchrashuvda aytib o‘tgan.

“Shuni ishontirib aytamanki, biz bunday yondashuvlar va urinishlarni qat’iyan rad etamiz. Umuman olganda, mamlakatlarimiz o‘rtasida biz o‘zaro maqbul yechim topa olmagan masalalar yo‘q va bo‘lmasligi ham kerak. Ishonchim komilki, mushtarak qadamlarimiz va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashning uyg‘un bo‘lishigina qardosh xalqlarimiz farovonligiga yo‘l ochib beradi”, – degan u.

Qozog‘iston rahbari so‘nggi bir necha yilda mintaqaviy hamkorlik va o‘zaro ishonch borasida tub o‘zgarish bo‘lganini ta’kidlagan.

Foto: Oqo‘rda matbuot xizmati

“To‘la-to‘kis mas’uliyat bilan ayta olamanki, bundan 10 yil oldin Markaziy Osiyo mintaqasida bunday holat yo‘q edi. Hozir davlatlar rahbarlari, hukumatlar rahbarlari, xavfsizlik kengashlari kotiblari, kuchishlatar idoralar rahbarlari – iqtisodiy idoralar rahbarlarini-ku aytmasa ham bo‘ladi – bir-biri bilan yaqindan hamkorlikda ishlayapti. Va bu – Markaziy Osiyo mintaqasidagi vaziyat barqaror taraqqiyot yo‘nalishiga chiqayotganining juda yaxshi belgisi”, – degan Qosim-Jo‘mart To‘qayev.

U Qozog‘istonda ro‘y bergan suv toshqinlari vaqtida mintaqa davlatlari ko‘rsatgan ko‘mak uchun minnatdorlik bildirgan: “Biz bunday qo‘llab-quvvatlashni yuksak qadrlaymiz va buni chinakam do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashning dalili deb hisoblaymiz”.

Foto: Oqo‘rda matbuot xizmati

Ma’lumot uchun, Markaziy Osiyo respublikalari xavfsizlik kengashlari kotiblarining birinchi uchrashuvi Ostona shahrida bo‘lib o‘tdi. Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili iyunda Olmaotada Markaziy Osiyo davlatlari va Rossiya xavfsizlik kengashlari kotiblarining birinchi uchrashuvi o‘tkazilgandi.

Markaziy Osiyo davlatlari prezidentlari oltinchi maslahat uchrashuvi uchun 9 avgust kuni Ostonaga yig‘iladi.

Mavzuga oid