O‘zbekiston | 12:31 / 02.11.2025
8331
6 daqiqa o‘qiladi

Poytaxt va viloyat kesishadigan nuqta: “Food city” chorrahasi qanday bo‘ladi?

Bektemir tumanidan o‘tgan, yangi “Food city”  bozori yaqinidagi katta chorrahada ko‘prik va yo‘l o‘tkazgichlar qurilishi boshlangan. Mazkur loyiha Toshkent – Nurafshon yo‘li va A373 avtomobil yo‘li kesishmasida transport o‘tkazgich qurilishi orqali poytaxt transport tizimini yengillashtirish, tirbandliklarni kamaytirish hamda haydovchilar uchun qulay tranzit yo‘lak yaratishni maqsad qiladi. Kun.uz yirik qurilishlar ketayotgan hududda bo‘lib, loyiha bilan tanishdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Dostonjon Sharopov “Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish direksiyasi” bosh mutaxassisi:

Mazkur obekt Toshkent viloyati va Toshkent shahrini bog‘lovchi asosiy chorraha bo‘lganligi uchun transport vositalarining tirbandligi juda ham yuqori edi. Transport vositalarining tirbandligining oldini olish maqsadida prezident qaroriga asosan dasturga kiritildi hamda bugungi kunda obektda qurilish-montaj ishlari jadal ravishda boshlab yuborilgan. Bu obekt 4R21, 4R2 hamda 4R12 avtomobil yo‘llari chorrahasi bo‘lgani uchun Sergeli yo‘nalishidan keluvchi avtotransport vositalarining yo‘nalishi Chorbog‘ yo‘nalishiga o‘tib ketishda 450 metr masofada tunnel bilan ikkita yo‘l sathini o‘zgartirish orqali tirbandliklarga yechim qilingan. Undan Sergeli tomondan keladigan yo‘nalish, agar Chorbog‘ yo‘nalishiga ketmoqchi bo‘lsa, bemalol Chorbog‘ yo‘nalishiga harakatlanishi mumkin yoki Toshkent viloyati Nurafshon shahriga boradigan yo‘nalish bo‘ladigan bo‘lsa ham qiynalmasdan hech qanaqa tirbandliklar yoki yo‘l chiroqlarisiz o‘z harakatini davom ettiraveradi. Qurilish jarayonida ham tirbandlik bo‘lmasligiga harakat qilyapmiz. Ya’ni ayni vaqtda tunnel qismida qazish ishlari hamda asosiy tayanch tirgak devorlarni qurish ishlari amalga oshirilyapti. Shu bois chorrahani umumiy yopib vaqtinchalik aylanib o‘tish yo‘llari orqali ikkita polosadan avtomobil yo‘llari harakatlanishi yo‘lga qo‘yilgan.

Qurilishning umumiy maydoni qanchani tashkil etadi?

Umumiy qurilish maydoni kattaligi 10 gektarni tashkil etadi.

Hozir bu ishlar necha foizga bajarilgan deb ayta olamiz?

Hozirgi kunda bu umumiy ishlarning taxminan 30-40 foizi amalga oshirilgan deyish mumkin. Shu yil boshiga qadar obektimizda transport vositalari harakatini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.

Yo‘l qurilishi rejasida jamoat transportlari yo‘nalishi uchun BRT tizimi ham o‘ylanganmi?

Asosan bitta yo‘nalishga BRT tizimi qo‘yilgan, Toshkent viloyatining markazi hisoblangan Nurafshon shahridan poytaxtga qatnab ishlovchi har bir hamyurtimiz bemalol o‘sha avtobus tizimida, harakatni amalga oshirishi mumkin. Eski holatdagi yo‘limizda avtotransport vositalarining qatnov qismi yo‘nalishlari soni ikkita, uchta bo‘lgan bo‘lsa, hozirgi kunga kelib bu BRT tizimidan tashqari alohida yana to‘rtta bo‘ladi, to‘rtta-to‘rtta jami sakkiztani tashkil etadi.

Ulug‘bek Ahmadjonov “Ko‘prikqurilish” tresti boshlig‘i:

Toshkent shahri va To‘ytepa shahrini birlashtiruvchi kesishmada hozir ko‘prik qurilish va tunnel qurilish ishlari olib borilyapti. Bunda bizda tunnelning uzunligi 450 metr bo‘lib, ko‘prikning uzunligi 66 metrdan iborat. Bu ishni bajarish uchun 400 ming kubdan oshiq tuproq ishlari bajariladi. Tuproq ishlarining 63 foizdan oshig‘i olib chiqildi. Undan tashqari, aholi uchun 2000 metrlik aylanma yo‘llar qurib bitkazildi. Hozirda poydevorlarga beton olish ishlari ketmoqda. Bu yerda jami 16 ming kub beton ishlari va 3000 tonnadan oshiq armatura ishlarini bajarishimiz kerak. Ayni vaqtda 300 ga yaqin xodim, 200 dan ortiq texnika jalb qilingan bo‘lib, hozirda birinchi va ikkinchi smenada ishlar jadallik bilan tashkillashtirilgan.

Shu tartibda ketadigan bo‘lsa, reja bo‘yicha qachon ish yakunlanishi kerak?

Reja bo‘yicha yilning oxiriga qadar ishlarni yakunlash rejalashtirilgan. Endi undan tashqari bizda to‘rtta piyodalar o‘tish tunneli to‘rt tomonda qurilyapti. Birinchisi qurib bitkazilgan, ikkinchisi Nurafshon tomonda beton ishlari boshlandi. Uchinchisi Bektemir tomonda, Toshkent shahar tomonda u ham qazib boshlandi.

Bu yerdan kam tuproq chiqmaydi. Shu qazish ishlari natijasida hosil bo‘lgan tuproq qayerga ketadi?

Bu tuproqlar yana o‘zining yoniga, qayta tashlash uchun ishlatiladi. Uni biz shu qurilish zonasining sal chetrog‘ida yig‘ib boryapmiz. Bu yerdan asosan qum aralash shag‘al chiqyapti, Shuni o‘zimiz qayta ishlash uchun yig‘ib boryapmiz hozir.

Olib borilayotgan ishlar natijasida bu yerda yashayotgan oddiy aholining noroziliklariga duch kelmadingizmi?

Norozilik emas, lekin boshida odamlarga ozgina noqulay bo‘ldi. Asosan piyodalarda, avtomobil-ku aylanib o‘taveradi, ammo piyodalar biroz qiynaldi. Hozirda viloyat hamda shahar hokimiyatlari tomonidan aholini u tomondan bu tomonga o‘tkazish uchun 20 tadan oshiq Damas mashinalari qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Endi reja bo‘yicha yilning oxirigacha ozgina chidab turishsa, ko‘prik va tunnel qurilishi bitgandan keyin piyodalar ham, haydovchilar ham to‘xtovsiz harakatlanishi mumkin bo‘ladi.

Muallif:  Kun.uz Admin

Mavzuga oid