Yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyati qanday tashkil etiladi?
O‘zbekistonda yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyatini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi qanday bo‘ladi? Uyda o‘tirgan holda tadbirkor bo‘lish mumkinmi? Yakka tartibdagi tadbirkorlardan qanday soliqlar undiriladi? Shu kabi savollarga Soliq qo‘mitasi javob berdi.
Yakka tartibdagi faoliyat turini tashkil qilish va tadbirkorlardan olinadigan soliq to‘lovlari haqida Davlat Soliq qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Po‘lat Davlatov ma'lumot berdi.
Mutaxassisning ta'kidlashicha, yakka tartibdagi tadbirkorlik (YaTT) faoliyatini tashkil qilish uchun Davlat xizmatlari agentligi markazlaridan biriga borish orqali yoki elektron shakldagi interaktiv xizmatlar yordamida ro‘yxatdan o‘tish mumkin.
«Endilikda tadbirkorlar davlat ro‘yxatidan o‘tishi uchun ortiqcha hech qanday hujjatlar talab etilmaydi. Tadbirkorlik faoliyatini yarim soat yoki uzog‘i bilan bir soat muddatda ro‘yxatdan o‘tkazib tadbirkorlik guvohnomasi olish mumkin», – dedi Po‘lat Davlatov.
Tadbirkorlikni istagan shaxs ro‘yxatdan o‘tish uchun Davlat xizmatlari markaziga boradigan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining 1 barobari miqdorida davlat boji to‘lashi, agar tadbirkor elektron shaklda mustaqil ro‘yxatdan o‘tmoqchi bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida davlat boji to‘lashi belgilangan.
Yakka tartibdagi tadbirkor(YaTT)lar qanday tartibda soliq to‘laydi?
I. Bir kalendar yili davomida YaTTning olgan daromadi 100 million so‘mgacha bo‘lsa, qat'iy belgilangan tartibda soliq to‘laydi.
II. Bir kalendar yilida olgan daromadi 100 million so‘mdan oshgan, biroq 1 milliard so‘mdan oshmaydigan yakka tartibdagi tadbirkorlar tovar aylanmasidan olinadigan daromad hisobidan soliq to‘lashga o‘tkaziladi.
III. Bir kalendar yilida tovarlar aylanmasidan olingan daromadi 1 milliard so‘mdan oshgan yakka tartibdagi tadbirkorlar soliqlarni yuridik shaxslar uchun belgilangan tartibda to‘lashga o‘tkaziladi.
Ma'lumot uchun, joylashgan joyi va faoliyat turidan kelib chiqib, Toshkent shahridagi tadbirkorlar uchun alohida, viloyat markazidagi tadbirkorlar uchun alohida va chekka hududlardagi tadbirkorlar uchun alohida qat'iy belgilangan soliq stavkasi belgilangan.
YaTT lar uchun qanday imtiyozlar berilgan?
Mutaxassisning xabar berishicha, YaTTlar faoliyatini boshlagandan keyin bir oy davomida soliqlardan ozod etiladi. Shuningdek, I, II guruh nogironligi bo‘lgan YaTTlar belgilangan soliq stavkasining 50 foizi miqdorida soliq to‘laydi.
Agar YaTT 2 yoki undan ortiq faoliyat turi bilan shug‘ullansa (ya'ni bir paytda ham chakana savdo, ham xizmat ko‘rsatish) har biri uchun alohida alohida belgilangan qat'iy stavkada soliq to‘laydi, ammo bazaviy hisoblash miqdorining bir barobari miqdorida umumiy bitta ijtimoiy soliq to‘lashi belgilangan.
YaTT o‘z faoliyat turidan kelib chiqib, 1 nafardan 3 nafargacha ishchi yollash imkoniyatiga egaligi, ya'ni chakana savdo bilan shug‘ullanadigan tadbirkor 1 nafargacha, maishiy xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkor 3 nafargacha ishchi yollashi mumkin.
Mutaxassisning ta'kidlashicha, 2021 yildan boshlab kiritilgan o‘zgarishlarga asosan yakka tartibdagi tadbirkordan soliq agenti sifatida yollangan xodimlari uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i (daromadning 12 foizi miqdorida) undiriladi.
Ma'lumot uchun, hozirda YaTT yuzga yaqin faoliyat turlari bilan shug‘ullanishi mumkin. 2011 yil 6 yanvar kunidagi Vazirlar Mahkamasining qarorida yakka tartibdagi tadbirkorlar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari belgilangan.
Avvalroq, tadbirkorlik faoliyatiga asossiz aralashuvlarning oldini olish maqsadida davlat organlari tomonidan tadbirkorlarni nazorat qilishning aniq 4 xil shakllari belgilab berilishi,bundan tashqari tadbirkorlik faoliyatini nazorat qiluvchi organlar va ularning nazorat funksiyalari ro‘yxati shakllantirilishi ma'lum qilingandi.
Bundan tashqari, joriy yilning oxirigacha yagona Tadbirkorlik kodeksi ishlab chiqilishi va kodeksda tadbirkorlikka oid litsenziyalash, ruxsatnoma berish, yer ajratishga doir masalalar ham aniq tartibda belgilanishi haqida ma'lumot berilgandi.
Mavzuga oid
18:32 / 04.11.2024
Tadbirkorlik faoliyatini ro‘yxatdan o‘tmasdan amalga oshirganlik uchun moliyaviy jarima bekor qilinadi
11:00 / 30.10.2024
O‘rta tadbirkorlik sub’yektlari 9 oyda qancha soliq to‘lagani aytildi
18:19 / 21.09.2024
Tadbirkordan yagona ro‘yxatga kiritilmagan hisobotni talab qilish jarimaga sabab bo‘ladi
14:40 / 09.09.2024