O‘zbekiston | 20:57 / 06.05.2024
7097
2 daqiqa o‘qiladi

Ulush kiritish asosida uy-joy qurilishida qatnashish tartibi belgilanadi

Investor va quruvchi o‘rtasidagi shartnomalarni majburiy ravishda notarial tasdiqlash, “Shaffof qurilish” axborot tizimida ulush kiritish asosida ishlovchi pudratchilar ro‘yxatini yuritish, bu ro‘yxatga kirmasdan jismoniy va yuridik shaxslarning mablag‘larini jalb qilgan pudratchilarga nisbatan javobgarlik belgilash ko‘zda tutilmoqda.

Foto: Kun.uz

O‘zbekistonda uy-joylar qurishga jismoniy va yuridik shaxslarning pul mablag‘larini jalb qilishning zamonaviy mexanizmini joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu – 30 aprel kuni imzolangan prezident farmonida belgilandi.

Farmonga ko‘ra, 2024 yil may oyida quyidagilarni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasi Vazirlar Mahkamasiga kiritilishi kerak:

  • “Shaffof qurilish” axborot tizimida uy-joylar qurishga jismoniy va yuridik shaxslarning pul mablag‘larini jalb qiluvchi pudrat tashkilotlarining elektron ro‘yxatini yuritish;
  • elektron ro‘yxatdan o‘tmasdan ulush kiritish asosida ko‘p qavatli uy-joylar qurishni boshlagan pudrat tashkilotlariga nisbatan javobgarlik choralarini belgilash;
  • ulush kiritish asosida uy-joylar qurilishini monitoring qilish tartibini belgilash;
  • ulush kiritish asosida ko‘p qavatli uy-joylarni qurishda ishtirok etish to‘g‘risidagi shartnomalarni majburiy ravishda notarial tasdiqlash tartibini joriy qilish.

Hujjatga asosan, ko‘p qavatli uy-joylarni qurish huquqi “Shaffof qurilish” axborot tizimidagi elektron reyting bahosi “C” va “CC” bo‘lgan qurilish tashkilotlariga ham beriladi.

Bunda elektron reyting bahosi “C” bo‘lgan tashkilotlarga 9 qavatdan yuqori bo‘lmagan uy-joylarni qurishga ruxsat etiladi.

Qurilishning belgilangan muddatlarini kechiktirish pudrat tashkilotining reytingini pasaytiruvchi omillar qatoriga qo‘shiladi.

Farmon asosida, 2024 yilda 4000 nafar fuqarolarning alohida toifalari (harbiy xizmatchilar)ni uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha dastur ishlab chiqiladi. Dastur 2024 yil iyul oyida tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritilishi ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid