O‘zbekiston | 10:46 / 15.01.2019
5845
7 daqiqa o‘qiladi

Advokatlarga nisbatan intizomiy ish qanday yuritiladi?

Adliya vazirining buyrug‘i bilan Advokatlar palatasining hududiy boshqarmalari huzuridagi malaka komissiyalari to‘g‘risidagi nizomga tuzatishlar kiritildi. Bu haqda Norma yozmoqda.
 
Eslatib o‘tamiz, prezidentning 12.05.2018 yildagi PF-5441-son farmoni bilan advokatlik institutini tubdan takomillashtirishga yo‘naltirilgan qator chora-tadbirlar qabul qilindi, 11.10.2018 yildagi O‘RQ-497-son qonun bilan «Advokatura to‘g‘risida»gi Qonunga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
 
Xususan, Advokatlar palatasi hududiy boshqarmalari huzuridagi malaka komissiyalari vakolatlari doirasi kengaytirildi. Ular zimmasiga, shu jumladan, quyidagilar to‘g‘risidagi qarorlarni qabul qilish yuklatildi:

• advokat maqomini to‘xtatib turish va tiklash;
• advokatga malaka darajasini berish va bekor qilish;
• advokatning noqonuniy xatti-harakatlari yuzasidan murojaatlarni ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha intizomiy ish yuritishni qo‘zg‘atish (ilgari bunga tegishli hududiy boshqarma yoki adliya organi rahbari haqli bo‘lgan).
 
Advokatga nisbatan intizomiy ish yuritishni qo‘zg‘atish va ishni ko‘rib chiqish tartibiga ham ayrim o‘zgartirishlar kiritildi.

Qanday tartibda intizomiy ish yuritish qo‘zg‘atiladi va ko‘rib chiqiladi
 
Bundan buyon advokatga nisbatan intizomiy ish yuritishni qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi qaror malaka komissiya tomonidan quyidagilarga asoslanib qabul qilinadi:

• advokatura to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining, Advokatlarning kasb etikasi qoidalari, advokatlik sirining va advokat qasamyodining advokat tomonidan buzilishi aniqlangan taqdirda, hududiy boshqarma yoki adliya organi rahbarining taqdimnomasiga;
• advokatning noqonuniy xatti-harakatlari yuzasidan komissiyaga topshirilgan murojaatlarga;
• sudning advokatga nisbatan chiqargan xususiy ajrimiga.
 
Bunda advokatning komissiya nomiga o‘ziga nisbatan qo‘zg‘atilgan ish yuritish bo‘yicha yozma tushuntirishlar berish majburiyati chiqarib tashlandi.
 
Advokat huquqi esa, aksincha, kengaytirildi. Endi o‘ziga nisbatan intizomiy ish yuritish qo‘zg‘atilgan advokat, shu jumladan, quyidagilarga haqli:

• nafaqat barcha materiallar bilan tanishib chiqishga, balki o‘z hisobidan ulardan nusxa olishga;
• zarur bo‘lgan ma'lumotga ega bo‘lgan shaxslarni komissiya yig‘ilishiga taklif qilish va tushuntirishlarini eshitish to‘g‘risida iltimosnoma kiritishga;
• advokat xizmatidan foydalanishga.
 
Amal qilayotgan tartibga ko‘ra komissiya qaror qabul qilguniga qadar advokat unga nisbatan shikoyatni bergan shaxs bilan yarashuv choralarini ko‘rishga haqli. Bu shart aniqlashtirildi. Endi malaka komissiyasi tomonidan advokat:

• advokatura to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablari, Advokatning kasb etikasi qoidalari, advokatlik siri va advokat qasamyodini muntazam ravishda yoki bir marta qo‘pol ravishda buzgan;
• advokatning sha'ni va qadr-qimmatiga dog‘ tushiradigan hamda advokaturaning obro‘sini tushiradigan qilmish sodir etgan deb topilgan taqdirda, yarashuv qabul qilinmaydi.
 
Yana bir o‘zgartirish. Endi komissiya qarori bilan intizomiy ish yuritish bilan bog‘liq ayrim masalalarni qo‘shimcha ravishda o‘rganish hududiy boshqarmaga yuklatiladi (ilgari komissiya a'zolaridan biriga topshirilar edi). Bunda boshqarma o‘z xulosasida advokatning javobgarligi va intizomiy ta'sir choralari yuzasidan takliflar berishga haqli emas.
 
Intizomiy ish yuritish jarayonida jinoyat to‘g‘risidagi xabar mavjudligi aniqlanganda, ish yuritish to‘xtatiladi va materiallar tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organga yuboriladi. Jinoyat ishi qo‘zg‘atish rad etilgan taqdirda, advokatga nisbatan intizomiy ish yuritish tiklanadi va umumiy tartibda ko‘rib chiqiladi.
 
Intizomiy ish yuritishni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha quyidagi qarorlardan biri qabul qilinadi:

• ogohlantirish to‘g‘risida;
• ma'muriy sudga litsenziyaning amal qilishini 6 oygacha muddatga to‘xtatib turish to‘g‘risidagi murojaat haqida;
• Oliy malaka komissiyasiga litsenziyaning amal qilishini tugatish to‘g‘risida murojaat haqida;
• hududiy boshqarma zimmasiga qo‘shimcha o‘rganish o‘tkazishni topshirish to‘g‘risida;
• intizomiy jazo choralari qo‘llashni rad etish va intizomiy ish yuritishni tugatish to‘g‘risida.
 
Advokatlarning noqonuniy xatti-harakatlari yuzasidan murojaatlarni ko‘rib chiqish mexanizmi ham yanada batafsil yoritib berildi.
 
Advokatlarga nisbatan shikoyatlar qanday ko‘rib chiqiladi
 
Advokatga nisbatan kelib tushgan shikoyat hududiy boshqarma yoki adliya organi rahbari tomonidan ish yuritishni qo‘zg‘atish yoki rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilish uchun komissiyaga kiritiladi. Binobarin, murojaatda ko‘rsatilgan masalalarni hal etish komissiya vakolatiga kirmagan taqdirda, murojaat 5 kunlik muddatdan kechiktirmay tegishli tuzilmalarga (davlat organlari, tashkilotlar, mansabdor shaxslarga) yuboriladi.
 
Murojaatda sodir etilgan jinoyat to‘g‘risidagi xabar mavjud bo‘lgan taqdirda, murojaat huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuboriladi va uning nusxasi komissiyaga taqdim etiladi. Bu ish boshqarma boshlig‘i yoki adliya organi rahbari tomonidan murojaat kelib tushgan kunning ertasidan kechiktirmay amalga oshirilishi lozim.
 
Murojaat muallifi huquqlari belgilandi
 
Ularga intizomiy ish yuritish materiallari bilan tanishib chiqishga va advokatlik sirini qat'iy saqlagan holda o‘z hisobidan materiallardan nusxa olishga ruxsat etiladi.
 
Bundan tashqari, shikoyat qilgan shaxs:

• yozma shaklda tushuntirishlar berishga va qo‘shimcha ma'lumotlar taqdim etishga;
• holat yuzasidan aniqlik kiritish uchun zarur ma'lumotga ega bo‘lgan fuqarolarni taklif qilish va tushuntirishlarini eshitish to‘g‘risida komissiyaga iltimosnoma kiritishga;
• ishni ko‘rib chiqish jarayonida advokat xizmatidan foydalanishga haqli.
 
Hujjat 9.01.2019 yildan kuchga kirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid