Jahon | 19:30 / 21.01.2026
9445
3 daqiqa o‘qiladi

FT: Eron hukumati namoyishlarni qo‘llagan kompaniyalar va tadbirkorlarning mulkini musodara qilmoqda

WANA / Reuters / Scanpix / LETA

Eron hukumati ommaviy norozilik namoyishlaridan keyin qatag‘onni kuchaytirdi, mamlakat bo‘ylab namoyishlarni qo‘llab-quvvatlash ayblari tufayli mulklar musodara qilinmoqda va bizneslar yopilmoqda, deb xabar berdi Financial Times. 

Bosh prokuratura 20 yanvar kuni 20 dan ortiq sportchilar, aktyorlar va kinoijodkorlarga nisbatan namoyishlarga undash bo‘yicha ish qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi. Ularning mol-mulki norozilik namoyishlaridan ko‘rilgan zararni qoplash uchun yo‘naltiriladi, deya ta’kidlagan idora.

Bundan tashqari, 60 ga yaqin kafe «terrorchilik aktlari»ni «bevosita yoki bilvosita» qo‘llab-quvvatlagani aniqlangan. Erondagi Tasnim axborot agentligi yozishicha, mamlakatda mashhur bo‘lgan qahvaxonalar tarmog‘i va savdo markazi egasi Muhammad Saydini hibsga olingan, uning mulki esa musodara qilingan. 

Rasmiylar islohotchilarning Ham-Mihan gazetasini davlat shifoxonalarining namoyishlar vaqtidagi faoliyatini yoritgani tufayli yopgan. Yana bir axborot agentligi va yangiliklar portali yolg‘on axborot tarqatishda ayblangan (ularning nomlariga aniqlik kiritilmagan). 

Eron politsiyasi boshlig‘i Ahmad-Rizo Radanga ko‘ra, namoyishlarga qo‘shilgan yoshlar katta ehtimol bilan «aldangan». U «tartibsizliklarga yetakchilik qilganlar va ishtirokchilar qattiq jazoga tortilishi»ni ta’kidlagan. Uning qo‘shimcha qilishicha, [xorij] maxsus xizmatlariga «aldangan» shaxslar jazosi yumshatilishi evaziga uch kun ichida taslim bo‘lishi kerak.

2025 yil dekabr oyi oxirida Eronda hukumatga qarshi keng ko‘lamli namoyishlar boshlandi. Xorijdagi eronlik huquq himoyachilarining  HRANA tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, Eronda namoyishlar shafqatsizlik bilan bostirilishi oqibatida uch mingdan ortiq kishi halok bo‘lgan. Boshqa huquq tashkilotlari esa qurbonlar sonini besh mingdan ortiqqa baholagan. Internet bloklangani tufayli Erondan ishonchli ma’lumot olishning imkoni bo‘lmayapti.

AQSh prezidenti Donald Tramp eronlik namoyishchilarni harakatni davom ettirishga chaqirib, agar Eron hukumati odamlarni o‘ldirishni boshlaydigan bo‘lsa, harbiy aralashuv bilan tahdid qilgandi. 14 yanvar kuni Tramp Eron hukumati namoyishchilarni qatl qilmoqchi emasligini aytib chiqdi.

Eron oliy rahbari oyatulloh Ali Xominaiy namoyishlar vaqtida «bir necha ming» kishi halok bo‘lganini tasdiqlab, buning uchun aybni namoyishchilarga va AQSh hukumati zimmasiga yuklagan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid