Jahon | 22:26 / 07.08.2025
6208
3 daqiqa o‘qiladi

Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasidagi strategik yo‘lak AQSh nazoratiga beriladi

AQSh prezidenti Donald Tramp Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan va Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev bilan Ozarboyjonni Noxichevan bilan bog‘lovchi va Armaniston hududidan o‘tuvchi yo‘lak haqidagi bitimni 8 avgust kuni imzolashi kutilmoqda.

Foto: Reuters

Vashington Janubiy Kavkazdagi eng muhim transport yo‘lagini nazoratga oladi, bu Boku va Yerevan o‘rtasida kutilayotgan tinchlik kelishuvining bir qismi bo‘ladi, deb yozdi Reuters AQSh rasmiylariga tayanib.

Yo‘lak «Trampning xalqaro tinchlik va farovonlik yo‘li» (Trump Route for International Peace and Prosperity yoki TRIPP) deb nomlanadi.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, bitimni imzolash marosimi 8 avgust kuni Oq uyda bo‘lib o‘tadi. Unda AQSh prezidenti Donald Tramp Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan va Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev bilan muzokaralar o‘tkazadi. Manbalarning aniqlik kiritishicha, hadli kelishuv «tinchlikka erishishning aniq yo‘li» va uzoq vaqtdan beri dolzarb bo‘lgan tranzit masalasini hal qilishni nazarda tutadi.

Ushbu yo‘lak bir necha yillardan buyon ikki davlat o‘rtasidagi bahs mavzusi bo‘lib kelayotgan edi. Ozarboyjon mamlakatning asosiy qismini o‘z eksklavi - Noxichevan bilan bog‘lash uchun Armaniston hududi orqali transport yo‘lagi yaratishni talab qilib kelmoqda.

Armaniston yo‘lakni faqat o‘z nazorati ostida ochishga rozi bo‘ldi, ammo Ozarboyjon bunga qarshilik qildi. Endi Armaniston Qo‘shma Shtatlarga ushbu tranzit yo‘nalishini rivojlantirish uchun uzoq muddatli eksklyuziv huquqlarni beradi.

Rasmiylarga ko‘ra, marshrut Armaniston qonunchiligiga muvofiq ishlaydi, AQSh esa uchastkani infratuzilmani qurish va boshqarish bilan shug‘ullanadigan konsorsiumga ikkilamchi ijaraga beradi.

Bundan tashqari, Armaniston va Ozarboyjon rahbarlari 1992 yilda mojaroga vositachilik qilish uchun tashkil etilgan AQSh, Fransiya va Rossiya boshchiligidagi Minsk guruhini tarqatib yuborish to‘g‘risidagi hujjatni imzolaydi. Amerika rasmiylarining fikricha, erishilgan kelishuv Ozarboyjonning «Ibrohim kelishuvlariga» - Tramp prezidentligining birinchi davrida tuzilgan Isroil va bir qator musulmon davlatlari o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirish tashabbusiga qo‘shilishi mumkin bo‘lgan qadamga aylanishi mumkin.

Mavzuga oid