Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Putin Ukrainada tinchlik o‘rnatilgach, xorijiy qo‘shinlarga ehtiyoj qolmasligini aytdi
U Rossiya «kelishuvlarni bajarishi»ga va’da bergan.
KremlinRussia
Vladimir Putin urush tugaganidan keyin Ukrainaga o‘z hududida xavfsizlikni ta’minlash uchun chet el qo‘shinlari kerak bo‘lmasligini aytdi. Bu haqda Rossiya prezidenti 5 sentabr kuni Vladivostokda bo‘lib o‘tgan Sharqiy iqtisodiy forumning yalpi majlisida aytib o‘tdi. Bir kun avval Parijda bo‘lib o‘tgan sammitda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy va yevropalik ittifoqchilar ehtimoliy tinchlikparvar missiya formatlarini muhokama qilgandi.
Putinning so‘zlariga ko‘ra, agar hozir, harbiy harakatlar davomida Ukrainada qandaydir xorijiy qo‘shinlar paydo bo‘lsa, unda Rossiya ularni qonuniy harbiy nishon deb hisoblaydi. Shu bilan birga, u tinchlik shartnomasi tuzilganidan keyin Rossiya Federatsiyasi Ukrainaga yangi hujum uyushtirmoqchi emasligiga ishontirgan.
Agar bu kelishuvlarga erishilsa, Rossiya ularni bajarishiga, to‘liq hajmda bajarishiga hech kim shubha qilmasin. Va biz Rossiya va Ukraina uchun ishlab chiqilishi kerak bo‘lgan xavfsizlik kafolatlarini hurmat qilamiz. Yana bir bor takrorlayman, Rossiya bu kelishuvlarni so‘zsiz bajaradi. Ammo biz bilan hozircha hech kim buni jiddiy muhokama qilmadi.
Putin Rossiya tajovuzkorlikdan tiyilishi haqidagi so‘zlari nima bilan kafolatlanishiga aniqlik kiritmagan.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari mavzusi bo‘lgan Parij sammiti yakunlariga ko‘ra, 26 davlat harbiy harakatlar yakunlanganidan keyin tinchlikparvarlik missiyasiga hissa qo‘shishga tayyorligini bildirdi – Ukraina hududiga to‘g‘ridan to‘g‘ri askarlarni yuborishdan tortib, Ukraina qurolli kuchlarini dengiz va havodan qo‘llab-quvvatlashgacha. «Bu kuchlar o‘z oldiga Rossiyaga qarshi qandaydir urush olib borishni maqsad qilib qo‘ymaydi», – dedi Makron.
Fransiya prezidenti Kiyevga yordam berishda aynan qaysi davlatlar va qanday ishtirok etishga tayyorligiga aniqlik kiritmagan. Keyinroq Italiya, Ruminiya va Polsha rahbarlari Ukrainaga qo‘shin yuborish niyati yo‘qligi va ularning yordami logistika yordami va ukrain askarlarni o‘qitish dasturlarida ishtirok etish bilan cheklanishini ma’lum qildi.
The Wall Street Journal manbalarga tayanib yozishicha, Yevropa armiyalari rahbariyati amerikalik generallar ishtirokida Ukrainada qo‘shinlarni joylashtirish bo‘yicha batafsil reja ishlab chiqqan, uning doirasida ikkita alohida quruqlik guruhi tashkil etiladi. Ulardan biri ukrain harbiylarini tayyorlashga mas’ul bo‘ladi, ikkinchisi esa «kelajakdagi Rossiya bosqinining oldini olish uchun mo‘ljallangan xavfsizlik kuchlari» bo‘ladi.
Hozirgi rejaga ko‘ra, 10 mingdan ortiq harbiy xizmatchi joylashtirilishi, shuningdek, Ukraina osmonida Ukraina hududidan tashqarida joylashgan G‘arb harbiy-havo kuchlari tomonidan amalga oshiriladigan havo patrulligi ko‘zda tutilgan.
Ushbu rejani ta’minlashda AQShning roli hali ham aniq emas. Prezident Donald Tramp avvalroq AQSh qo‘shinlarining Ukraina hududiga joylashtirilishi ehtimolini istisno qilgan, biroq AQSh harbiy-havo kuchlari Yevropa tinchlikparvar kuchlarini havodan himoya qilishga tayyorligini ma’lum qilgandi. Shunga qaramay, Tramp hozircha Amerika kafolatlari aynan qanday bo‘lishi mumkinligi haqida aniq javob bermadi. Shu bilan birga, WSJ Yevropa rasmiylariga tayanib yozishicha, Ukraina tomoni AQShning urushdan keyingi xavfsizlik kafolatlarida jiddiy ishtirok etishi kerakligini, aks holda Rossiya Federatsiyasi ularni jiddiy qabul qilmasligini ta’kidlamoqda.
Germaniya kansleri Fridrix Mers sammitdan so‘ng hozir Yevropaning Putinga bosim o‘tkazish va uni AQSh yordamisiz harbiy harakatlarni to‘xtatishga majbur qilish uchun yetarli ta’siri yo‘qligini tan oldi.
Urushdan keyingi Ukraina xavfsizligi kafolatlari muhokamasi avgust oyi o‘rtalaridan – Vladimir Putin va Donald Trampning Alyaskadagi uchrashuvidan keyin faollashdi. O‘shanda Putin birinchi marta Ukraina xavfsizligi «shubhasiz ta’minlanishi kerakligi»ni va Rossiya Federatsiyasi bu borada ishlashga tayyorligini ochiq aytgandi. Bir necha kundan so‘ng Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov (keyinchalik Putinning o‘zi ham) Moskva Ukrainada NATO kontingenti bo‘lishiga rozi bo‘lmasligini bildirdi.
Mavzuga oid
16:39
Urbi et Orbi: Lev XIV Rossiya va Ukrainani muloqotni boshlashga chaqirdi
14:28
Ukraina Novoshaxtinsk NQZga Storm Shadow raketalari bilan zarba berdi
09:21
OAV: RF va AQSh Ukraina ishtirokisiz ZAESni boshqarishni muhokama qilmoqda
09:08