O‘zbekiston | 19:38 / 15.09.2020
69898
7 daqiqa o‘qiladi

Talaba qanday shartlarda ishlay oladi? - OTM talabalarining mehnatiga oid masalalar yuzasidan mutaxassis bilan suhbat

Mana, yangi o‘quv yili ham boshlandi. Ma'lumki, talabalar orasida ham o‘qib, ham ishlab, o‘zini o‘zi mablag‘ bilan ta'minlaydigan, kerak bo‘lsa, oila a'zolariga ham pul berib turadiganlari topiladi.

Kun.uz muxbiri talabalar mehnatiga oid qonunchilik va amaliyotdagi muammolar haqida Toshkent davlat yuridik universiteti Mehnat huquqi kafedrasi o‘qituvchisi Muhammadamin Karimjonov bilan intervyu uyushtirdi.

– Ta'limning kunduzgi shaklida o‘qiyotgan talaba qanday shartlar asosida ishlay oladi?

– Mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash – har bir shaxsning konstitutsion huquqidir.

Mehnat kodeksining 77-moddasiga ko‘ra, 16 yoshga to‘lgan har bir shaxs mehnat qilish huquqiga ega. 15 yoshdan esa yoshlarni sog‘lig‘iga ziyon yetkazmaydigan, ta'lim olish jarayonini buzmaydigan yengil ishni o‘qishdan bo‘sh vaqtida bajarishi uchun ota-onasidan birining yoki ota-onasining o‘rnini bosuvchi shaxslardan birining yozma roziligi bilan ishga qabul qilishga yo‘l qo‘yiladi.

Muhammadamin Karimjonov

Oliy va o‘rta-maxsus ta'lim vazirining 9-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan Oliy ta'lim to‘g‘risidagi nizomning 50-bandiga muvofiq, kunduzgi ta'lim shaklida tahsil olayotgan talabalar o‘qishdan bo‘sh vaqtlarida kunning ikkinchi yarmida oliy o‘quv yurti va boshqa tashkilotlarda mehnat shartnomasi tuzgan holda ishlashlari mumkin. Kunning ikkinchi yarmida o‘qiydigan talabalar ishlay olmaydi, degan qoida kelib chiqmasligi kerak. Bu toifa talabalar ham o‘qishdan bo‘sh vaqtlarida ishlashlari mumkin.

Bundan kelib chiqadiki, talabalar bemalol ishlashlari mumkin. Lekin mehnat qonunchiligiga ko‘ra, talaba faqat ta'limdan bo‘sh vaqtida ishlash huquqiga ega.

– Talaba bir kunda necha soat ishlay olishi mumkin va bu qaysi normativ hujjatlar bilan tartibga solinadi?

– Talaba faqat o‘qishdan bo‘sh vaqtida ishlashi mumkin. Mehnat kodeksining 115-moddasiga muvofiq, xodimning ish vaqti haftasiga 40 soatdan oshmasligi kerak. Ya'ni 6 kunlik ish haftasi joriy etilgan tashkilotlarda kunlik 7 soat, 5 kunlik ish haftasi joriy etilganlarda esa ish vaqti kunlik 8 soatdan ortiq bo‘lmasligi shart. Shuningdek, ishning tugashi bilan keyingi kuni (smenada) ish boshlanishi o‘rtasidagi kundalik dam olish vaqtining muddati 12 soatdan kam bo‘lishi mumkin emas (MK 128-moddasi). Agar yuqoridagi qonun talablariga rioya etilsa, talabaning to‘liq stavka ishlashiga hech qanday taqiq mavjud emas.

Agar talaba 15–16 yosh bo‘lsa, haftasiga 24 soat, 18 yoshga to‘lmagan bo‘lsa yoki I va II guruh nogironi bo‘lsa, mehnatga haq to‘lash kamaytirilmagan holda ish vaqtining haftasiga 36 soatdan oshmaydigan qisqartirilgan ish haftasi belgilanadi.

3 yoshga to‘lmagan bolalari bor, budjet hisobidan moliyaviy jihatdan ta'minlanadigan muassasalar va tashkilotlarda ishlayotgan talaba qizlarga ish vaqtining haftasiga 35 soatdan oshmaydigan qisqartirilgan muddati belgilanadi, ularning mehnat haqi kamaytirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

– Talaba faqat o‘rindoshlik asosida ishlaydimi yoki to‘liq 1 stavka ishlasa ham bo‘ladimi? Talaba nazariy jihatdan bir nechta joyda ishlasa ham bo‘ladimi?

– Haqiqatan ham, ayrim ish beruvchilar talabalarni faqat o‘rindoshlik asosida ishga olish kerak, chunki talabaning o‘qish joyi uning asosiy ish joyi, deb hisoblashadi. Bu mutlaqo xato. Buni quyidagicha asoslaymiz.

Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 18 oktyabrdagi 297-sonli qarori bilan tasdiqlangan O‘rindoshlik asosida hamda bir necha kasbda va lavozimda ishlash tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, o‘rindoshlik asosida ishlash xodimning o‘zining asosiy ishini bajarishidan tashqari asosiy ishidan bo‘sh vaqtida mehnat shartnomasi asosida boshqa haq to‘lanadigan ishni bajarishi. Talabaning ta'lim olish jarayoni esa mehnat faoliyati hisoblanmaydi.

Demak, talaba mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan va mehnat daftarchasi yuritilayotgan joy – uning asosiy ish joyi hisoblanadi.

Qonunda talabaning to‘liq stavka ishlashiga hech qanday taqiq mavjud emas. Bunda bir shartga rioya etilishi kerak: ish o‘qishdan bo‘sh vaqtda bajarilishi shart. Ushbu talabni mehnat shartnomasida mustahkamlash lozim.

Yuqorida ta'kidlab o‘tilgan mehnat qonunchiligidagi talablarga rioya qilgan holda talaba o‘qishdan bo‘sh vaqti asosiy ish joyidan tashqari, boshqa tashkilotda o‘rindoshlik asosida ham ishlashi mumkin. Buning uchun esa o‘rindoshlik asosida ishga kirayotgan joyga asosiy ish joyidan ma'lumotnoma taqdim qilinadi.

Agar talaba 18 yoshga to‘lmagan shaxs bo‘lsa o‘rindoshlik asosida ishlashi taqiqlanadi.

– Talabalik davri mehnat stajiga kiradimi?

«Fuqarolarning davlat pensiya ta'minoti to‘g‘risida»gi qonunning 37-moddacida ish stajiga qo‘shib hisoblanadigan mehnat faoliyati turlari sanab o‘tilgan. Mazkur moddaning «ye» bandiga ko‘ra, oliy ta'lim muassasalarida, aspiranturada, stajyor-tadqiqotchi-izlanuvchilar institutida, katta ilmiy xodim-izlanuvchilar institutida, tayanch doktoranturada, doktoranturada va klinik ordinaturada kunduzgi o‘qish, shu jumladan chet elda o‘qish umumiy ish staji kamida 7 yil bo‘lgan taqdirda ish stajiga qo‘shib hisoblanadi.

Ya'ni, yoshga doir pensiya olish huquqiga (erkaklar uchun – 60, ayollar uchun 55 yosh) qadar kamida 7 yil ish stajiga ega bo‘lsangiz, shundagina oliy ta'lim muassasalarida o‘qigan davringiz ish stajiga qo‘shib hisoblanadi va 4 yillik o‘qish davri 7 yillik ish stajiga qo‘shilib, 11 yillik ish staji mavjud deb hisoblanadi.

Nogiron bo‘lib qolgan shaxslar stajiga esa ko‘rsatib o‘tilgan staj muddatidan qat'i nazar qo‘shiladi. Ya'ni, bunda ta'lim davridan tashqari kamida 7 yillik ish stajiga ega bo‘lish talab etilmaydi.

Yana shuni ham aytish kerakki, ish stajiga ega bo‘lish uchun faqat davlat ishida yoki biror tashkilotda ishlash shart emas. Biror shaxs o‘zini o‘zi band qilgan holda ham ish stajiga ega bo‘lib borishi mumkin. Masalan, tomorqasida ekin ekib yoki kamida 50 bosh parranda boqib, BHMning bir baravari – 223 ming so‘mni Budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasiga o‘tkazib, bir yillik ish stajiga ega bo‘lib olishlari mumkin. Mana shu yo‘l bilan ham 7 yillik stajga ega bo‘lish mumkin.

Abbos Salaydinov suhbatlashdi.
Tasvirchi
Mirvohid Mirrahimov.

Mavzuga oid