O‘zbekistonda so‘nggi yillarda qilingan eng katta o‘zgarishlardan biri bu –shubhasiz, majburiy mehnatning ommaviy shakllariga barham berilgani bo‘ldi. Bugun o‘qituvchilar, o‘quvchilar va davlat xizmatchilari ommaviy tarzda paxta yig‘im-terimi yoki ko‘cha tozalash kabi ishlarga jalb qilinmaydi. Bunga qarshi jinoiy javobgarlik ham belgilangan. Ammo davlat idoralarida normalanmagan ish rejimida ko‘rinuvchi majburiy mehnat hamon saqlanib qolmoqda.

Davlat xizmatida saqlanib qolayotgan ish vaqti me’yorlariga amal qilmaslik, bevaqt o‘tadigan va soatlab davom etadigan yig‘ilishlar hamda dam olish kunlarida ham xodimlarni ishga chiqishga majburlash kabi holatlar borki, bu ham aslida majburiy mehnatning bir shakli.

Kun.uz muxbiri tashkil qilgan navbatdagi suhbatda majburiy mehnatning ana shu shakllari, uni yuzaga keltirayotgan omillar, shuningdek, ishchilar huquqlarini himoya qilishi kerak bo‘lgan Kasaba uyushmalari Federatsiyasi faoliyati haqida so‘z bordi.

Suhbat mehmonlari: mehnat qonunchiligi sohasi ekspertlari, huquqshunoslar Muhammadamin Karimjonov va advokat Saidali Muxtoraliyev bo‘ldi.

— Bugun O‘zbekistonda nafaqat budjet xodimlari, balki korxona tashkilotlarni katta-kichik rahbarlari ham majburiy mehnat o‘zi nima ekani borasida yetarli dunyoqarashga ega emasdek.

Mana sizlar mehnat qonunchiligi masalasida mutaxassissizlar. Keling, majburiy mehnat nima o‘zi, nima qilsa, u majburiy bo‘ladi-yu, nima qilsa, majburiy bo‘lmaydi, degan savolga oddiy qilib tushuntirish berib o‘tsangiz?

Saidali Muxtoraliyev:

— Amaldagi Mehnat kodeksining (MK) 5-moddasida aynan majburiy mehnatga ta’rif berilgan. Uning qisqacha ta’rifini aytaman. Majburiy mehnat bu — har qanday fuqaroni ixtiyoriga qarshi ravishda muayyan jazo tayinlash tahdidi bilan ma’lum bir ishlarni bajarishga majburlash. Uning eng muhim belgisi – fuqaroda rozilik va ixtiyor bo‘lmaydi, ikkinchi belgi esa qanaqadir jazo qo‘llash tahdidi.

Muhammadamin Karimjonov:

— Oldingi MKda majburiy mehnatga ta’rif 7-moddada keltirilgan edi. Yangi kodeksda bu 5 moddaga ko‘chdi va o‘sha jazo qo‘llash tahdidiga ta’rif berildi. Bunga ko‘ra, endi faqat moddiy emas, xodimni izza qilish, unga ruhiy bosim o‘tkazish kabi holatlar ham jazo sifatida ko‘riladi.