Ko‘plab ish beruvchilar xodimlariga har yili kuz mavsumida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini xarid qilish uchun moddiy yordam, ya’ni “kartoshka puli” taqdim qiladi. Ushbu moddiy yordam puli kimlarga, qanday tartibda va qaysi huquqiy asoslarga ko‘ra beriladi? Huquqshunos Muhammadamin Karimjonov Xabar.uz’ning ushbu masalaga doir savollariga javob qaytardi.  

Mehnat kodeksida ish beruvchiga xodimlarga mazkur turdagi moddiy yordamni taqdim qilishi haqida to‘g‘ridan to‘g‘ri majburiyat yuklanmagan. Faqatgina, ayrim davlat tashkilotlari xodimlarining mehnatiga haq to‘lashga oid qonunchilik hujjatlarida xodimlarga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sotib olish uchun moddiy yordam ajratish haqida alohida holatlar belgilab o‘tilgan.

Masalan, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 9 yanvardagi 12-son qaroriga ilova «O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi xodimlari mehnatiga haq to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risida»gi Nizomning 13-bandida, 2017 yil 4 dekabrdagi 963-son qaroriga 2-ilova «O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va uning tizimiga kiruvchi tashkilotlar xodimlarini moddiy rag‘batlantirish shartlari va tartibi to‘g‘risida»gi Nizomning 11-bandida hamda 2017 yil 22 iyundagi 409-son qaroriga ilova «Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlari mehnatiga haq to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risida»gi Nizomning 14, 18-3-bandlarida, shuningdek, Prezidentning 2017 yil 15 iyundagi PQ-3060-son qaroriga 4-ilova «O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi xodimlarini moddiy rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risida»gi Nizomning 2-bandida va boshqa qonunchilik hujjatlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotib olish uchun moddiy yordam belgilangan.

Qonunchilik hujjatlarida «kartoshka puli» nazarda tutilmagan xodimlarga ushbu moddiy yordam qanday tartibda beriladi?

Mehnat kodeksining 13-moddasiga ko‘ra, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda xodimlar uchun mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilanganiga nisbatan qo‘shimcha huquqlar va kafolatlar nazarda tutilishi mumkin. Mehnat kodeksining 12-moddasiga ko‘ra, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlar quyidagilardan iborat:

  • jamoa kelishuvlari;
  • jamoa shartnomalari;
  • ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishuvga ko‘ra qabul qilinadigan ichki hujjatlar;
  • ichki hujjatlar, shu jumladan ish beruvchi o‘z vakolatlari doirasida yakka o‘zi qabul qiladigan yakka tartibdagi huquqiy hujjatlar.