Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Mingbuloqdagi teshik ko‘priklar. Xalq qiynalayotganidan mutasaddilarning xabari bormi?
Murojaat ortidan navbatdagi safarimiz Namangan viloyati tomon bo‘ldi.
Mingbuloq tumanidagi Mehnatobod qishlog‘i o‘rtasidan «Oxunboboyev kanali» va Namangan-Qo‘qon yo‘li o‘tgan. Ayni paytda qishloq aholisi o‘z yumushi bilan o‘tadigan, bolalar maktab va bog‘chaga boradigan ko‘prik foydalanishga yaroqsiz holga kelgan. Bir yil oldin ko‘prik orqali transport vositalari qatnashi cheklab qo‘yilgandi.


Inshoot o‘rtasida yoriqlar paydo bo‘lib, undan oqayotgan suv ko‘rinib turibdi. Xavfli holatga kelgan ko‘prikdan kuniga minglab yo‘lovchi va bolalar o‘tadi.


«Ko‘prikning ahvoli juda chatoq. To‘kilib ketgan. Bolalar 19-maktab va ikkita bog‘chaga mana shu joydan o‘tishadi. Serqatnovligini ko‘rib turibsiz. Sal nariroqdan yo‘l ochib berishdi. U yo‘l esa juda tor. Tezroq tuzatib berishsa bo‘lar edi», deydi mahalla vakili Ergashali Bobonazarov.


Inshootdagi yoriqlarni tuzatish uchun aholi urinib ko‘ribdi. Yoriqlarni beton bilan suvashgan. Biroq foydasi bo‘lmay, teshiklar yana ochilib qolavergan.
Ko‘prikdan o‘tayotgan o‘quvchi qizlar, «Ko‘prigimizni tuzatib berishsin. Teshiklari bor. Ostidagi suv ko‘rinib turadi. Rahbarlarga aytinglar-a. Qo‘rqib, zo‘rg‘a qadam bosib o‘tyapmiz», deya iltimos qilib ketishdi.
Mehnatoboddan uch kilometr yo‘l bosgach Jiydaqishloqqa keldik. «Uyurchi-Damko‘l» mahallasidagi aynan mana shu kanal tepasiga qurilgan ikkinchi ko‘prik bundan-da battar avariya holatiga kelgan.





O‘n yillar avval yaroqsiz bo‘lib qolgan ko‘prikning o‘rtalari o‘yilib yotibdi. Transport qatnovi to‘xtatilmagan inshootning ikki yon tomonidagi xavfsizlik panjaralari ham to‘kilib, qulab tushgan. Biz ko‘prikdan kunduzi o‘tdik, shunda ham vahimali edi.
Mingbuloq tumani hokimligida
Mehnatobod va Jiydaqishloqdagi ko‘priklarning holati, ta'mirlanishi masalasiga oydinlik kiritish maqsadida Mingbuloq tumani hokimligiga bordik. Tuman hokimi o‘rinbosari Olimjon Qodirov har ikkala ko‘prikning bugungi holatidan xabari borligini bildirdi.


Mutasaddi ko‘prik qurish ko‘p mablag‘ talab qilishini aytib, «Uyurchi-Qirchek-Qolgandaryo» avtomobil yo‘lining Oxunbobev kanali ustiga qurilgan ko‘priklar hozirgi kunda transport oqimi va yuk ko‘tarish qobiliyatini yo‘qotgani sababli O‘zbekiston avtomobil yo‘llari Davlat qo‘mitasiga shu yilning fevral oyida ko‘prikni qayta tiklash va 2019 yil rejasiga qo‘shish bo‘yicha murojaat qilinganini bildirdi.

Hokimlik vakili ko‘prikni yangidan qurish bo‘yicha 2019 yil rejasiga kiritish yuzasidan Mingbuloq tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi tomonidan Namangan viloyat avtomobil yo‘llar hududiy bosh boshqarmasiga yuborilgan o‘tgan yilgi hujjatlarni ham taqdim etdi.

Hokim o‘rinbosariga Jiydaqishloq hududidagi ko‘prikning ikki yonidagi panjaralari yo‘qligini, inshoot hali ta'mirga tushmaydigan bo‘lsa, qayta tiklash ishlari boshlangunga qadar vaqtinchalik panjaralarni o‘rnatish kerakligini aytganimizda, mutasaddi bu masalani tuman hokimligi o‘zi hal qila olishini aytdi.
2019 yil tugashiga ham ikki yarim oy vaqt qoldi. Mehnatobod va Jiydaqishloqdagi yaroqsiz holatga kelgan ko‘priklar qancha tez ta'mirlansa, aholi yuzaga kelgan noqulayliklardan tezroq xalos bo‘lgan bo‘lar edi.
Elmurod Ermatov, Sarvarbek Nazarov
tasvirchi, Ahrorbek Yoqubjonov
Mavzuga oid
15:30 / 26.11.2024
Masdar bilan quvvati 1 GVt bo‘lgan Mingbuloq ShESni qurish bo‘yicha shartnoma imzolandi
13:25 / 14.09.2024
Namanganda mehmonga borgan ayolni terak bosib qolib vafot etdi
17:44 / 31.01.2024
Namangan viloyatida sud raisi 2 ming dollar pora olayotganda ushlandi
15:10 / 25.04.2023