Jamiyat | 13:25 / 14.09.2024
4662
3 daqiqa o‘qiladi

Namanganda mehmonga borgan ayolni terak bosib qolib vafot etdi

Terakni kesgan 35 yoshli qo‘shni erkakka ish haqining 20 foizi miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi. U ehtiyotsizlik ortidan odam o‘ldirish jinoyatini sodir etishda aybli deb topilgan.

Illyustrativ foto

Mingbuloq tumanida tanishining uyiga mehmonga borgan ayol terak bosib qolishi oqibatida vafot etdi. Terakni kesgan qo‘shni erkak jinoiy jazoga tortildi.

Kun.uz o‘rgangan sud hujjatida keltirilishicha, holat 2024 yilning 10 aprel kuni sodir bo‘lgan. Mingbuloq tumani Qirqchek mahallasida yashovchi, 1989 yilda tug‘ilgan Yo.O. hovlisidagi 5-6 yillik “Kaliforniya” navli terakni kesmoqchi bo‘lgan. Qo‘shnisi G.U. kesilayotgan terak uyiga tutash hududda bo‘lgani sababli Yo.O.ni xonadonida mehmonlari borligini aytib, bir necha bor ogohlantirgan.

Biroq erkak qo‘shnisining ogohlantirishiga qaramasdan terakni elektr arra bilan tag qismidan kesishda davom etgan. U terakning yiqilish yo‘nalishi hisobga olmagan hamda xavfsizlikni ta’minlamagan.

Buning oqibatida terak qo‘shnisining uyiga qulagan va mehmonga kelgan Yu.U.ni bosib qolgan. Og‘ir tan jarohati olgan ayol zudlik bilan shifoxonaga olib borilgan. Biroq ko‘rsatilgan tibbiyo yordamlarga qaramay, u oradan 15 kun o‘tib vafot etgan.

Yo.O. sudda aybiga to‘liq iqrorlik bildirgan.

Terakni kesish uchun sinfdoshim va qarindoshimni yordamga chaqirdim. O‘sha kuni qo‘shnimning uyia hayitlik marosimi bo‘layotgandi. Mehmonlar ketib bo‘lishganidan keyin terakni kesishni boshladik. Xavfsiz bo‘lishi uchun avvaliga terakning uchini va yon shoxlarini kesdik. Keyin tag qismidan kesishni boshladim. Sheriklarim terakka arqon bog‘lab, uni ushlab turishdi. Biroq terakning bir qismiga arra yetmay, kesilmasdan qoldi. Shu paytda u qo‘shnimning hovlisiga qarab yiqildi. Arqonni tortib turgan qarindoshim va sinfdoshimning kuchi yetmadi. Qo‘shnimning uyiga yugurib chiqsak, terak mehmonga kelgan ayolning bosh qismiga tekkan ekan”, degan erkak o‘z ko‘rsatmasida.

Shuningdek, u marhumaning yaqinlaridan kechirim so‘rashini aytib, suddan o‘ziga yengillik berishni so‘ragan.

Sudda Yu.U.ning qonuniy vakili sudlanuvchiga nisbatan da’vosi yo‘qligini ma’lum qilgan.

Sud hukmi bilan Yo.O. Jinoyat kodeksining 102-moddasi 1-qismida (ehtiyotsizlik orqasida odam o‘ldirish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga ish haqining 20 foizi miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil muddatga ahloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.

Mavzuga oid