19:15 / 04.01.2023
23016

Qamashidagi bozor ko‘chishidan norozi bo‘lgan fuqarolar janjal ko‘tardi

Qamashi tumanida bir guruh fuqarolar bozor ko‘chirilishiga e’tiroz bildirib, mutasaddi tashkilot vakillari bilan ziddiyatga borgani haqida xabar qilindi.

Foto: KUN.UZ

Kun.uz ixtiyoriga kelib tushgan videotasvirlarda ayrim fuqarolar ichki ishlar xodimlari bilan tortishayotgani aks etgan. IIBga tegishli avtomashinani tepishganiga ham guvoh bo‘lish mumkin.

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu voqea 2023 yil 2 yanvar kuni sodir bo‘lgan.

Qamashi tuman hokimligi axborot xizmati bergan ma’lumotga ko‘ra, “Qamashi Fayz dehqon bozori” MChJ 1989 yilda tashkil qilingan. Mazkur bozor yillar davomida ta’mirtalab ahvolga kelib, zamon talabiga javob bermay qolgan. Shu sababli “2017-2019 yillar davrida dehqon bozorlarini rekonstruksiya qilish va ularning hududida zamonaviy savdo majmualari qurish dasturini tasdiqlash to‘g‘risidagi”prezident qaroriga asosan bozor hududini ko‘chirish va uni rivojlantirish ko‘zda tutilgan. Ushbu masala tuman kengashi sessiyasida ham ko‘rib chiqilgan. Hozirgi vaqtda yangi bozor qurilish ishlari 90-95 foizga bajarilgan, asosiy bino-inshootlar qurib bo‘lingan.

Hokimlik axborot xizmati rahbarining qo‘shimcha qilishicha, mas’ul tashkilotlarga qarshilik ko‘rsatgan fuqarolar asosan bozor hududidagi yoyma do‘kon egalari bo‘lgan.

Qashqadaryo viloyat IIB axborot xizmati mazkur holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi «g» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilayotganini ma’lum qildi. IIBga ko‘ra, 2 yanvar kuni, soat 10:30 da Qamashi tumani hokimi o‘rinbosari M.N. va bozor rahbari A.A. hududga kelib, obodonlashtirish ishlarining borishini nazorat qilgan. Bozor atrofiga beton ariq o‘rnatish maqsadida ekskavator ishlayotgan vaqtda fuqarolar janjal chiqargan.

Janjal vaqtida fuqarolar Z.T. va N.B. hokim o‘rinbosarini qasddan bir necha marotaba urib, ekskavator oynasiga tosh otib sindirib, bozor rahbariga tegishli Nexia-2 mashinasiga zarar yetkazib, fuqarolarni faol qarshilik ko‘rsatishga jalb qilgan.

Tarqalgan videolarda fuqaro kiyimida bo‘lgan bir yigitning cho‘ntagidan pichoq topilgani ham tasvirga tushgan. Bozor ko‘chirilishiga qarshi bo‘lganlar o‘sha odam o‘zlariga pichoq bilan tahdid qilganini aytgan. Qamashi tumani hokimligi hamda viloyat IIB cho‘ntagidan pichoq topilgan odam hokimlikda ishlamasligini aytib, u haqida ortiq izoh bermadi. 

Top