O‘zbekiston | 17:43 / 01.05.2018
6354
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda Leningrad qamali chog‘ida ishlaganlarga ham ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatiladi - VM qarori

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 27 apreldagi «1941–1945 yillardagi urush qatnashchilari, shuningdek fashistlar konslagerining voyaga yetmagan sobiq asirlari va Leningrad qamali chog‘ida ishlagan fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi №317-sonli qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, konslagerlarning voyaga yetmagan asirlari, Leningrad qamali paytida ishlagan fuqarolarga oylik bepul oziq-ovqat mahsulotlari va kiyim-kechak, shaxsiy gigiyena vositalari beriladi.

Unga ko‘ra, 2018 yil 1 maydan e'tiboran har oyning 15-sanasiga qadar bir kishiga 3 kg un, 1 kg guruch, 500 g grechka yormasi, 500 g makaron, 1 kg lahm go‘sht, 1 kg parranda go‘shti, 200 g sariyog‘, 15 dona tuxum, 1 kg shakar, 1 litr yog‘, 200 g choy, 100 g atir sovun, 200 g xo‘jalik sovuni, 150 g kir yuvish kukuni, 8 dona taglik beriladi.

Shuningdek, erkaklarga kostyum, kurtka, bosh kiyimi, qishki oyoq kiyim, yengil oyoq kiyim, issiq ichki kiyim, sviter — bir donadan, sorochka, ichki kiyimlik — ikki donadan, paypoq —to‘rt donadan; ayollarga — issiq ko‘ylak, palto, qishki va yozgi ro‘mol, qishki oyoq kiyim, yengil oyoq kiyim, yengil ko‘ylak, issiq ichki kiyim, sviter — bir donadan, ichki kiyim — 2 donadan, chulki — 4 donadan beriladi. Bu narsalar yilning 1 oktabridan kechiktirilmay tarqatiladi. Yuqorida sanab o‘tilgan mahsulotlarning barchasi har yili beriladi, faqat kurtka, bosh kiyimi, palto va ro‘mollar har ikki yilda bir marta beriladi. Bu buyumlarning barchasi tekin, hammasi o‘zimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlar.

Bu ishlar bilan “Nuroniy” jamg‘armasi shug‘ullanadi.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid