Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Oshig‘i olchi firibgarlar, aldanaveradigan odamlar va ko‘z-yoshlar to‘kilgunicha tomoshabin huquq tartibot organlari – suhbat
Moliyaviy piramidalar va onlayn firibgarliklar so‘nggi yillarda ko‘p kuzatilmoqda. Uning qanday turi bo‘lmasin, firibgarlar bir qadam oldinda bo‘laveradi, yakuniy jabrdiydasi – oddiy xalq. Himoya qiluvchi organlar esa sabab emas, oqibatlarga qarshi (ko‘p hollarda besamar) kurashadi. Kun.uz suhbatlashgan faollarga ko‘ra, aslida qarshi choralarni rivojlantirish kerak, buning uchun nafaqat huquq-tartibot idoralari, balki siyosiy institutlar ham ishlashi lozim.
Bir odamning hisobiga ikkinchi odamga daromad berish va osongina pul topishni ko‘zlovchi moliyaviy piramidalar, bank kartalaridan himoya kodlarisiz ham pul yechib olish, kimningdir nomiga kredit olish kabi onlayn firibgarliklar ayniqsa so‘nggi kunlarda ko‘p kuzatiladigan bo‘lib qoldi.
Odamlar bu kabi firibgarliklarga nega takroran ham aldanib qolmoqda? Unga qarshi qanday kurashish kerak? Fuqarolar o‘zini qanday himoya qilsin? Shu kabi savollar atrofida Kun.uz suhbat tashkil qildi. Unda iqtisodiy tahlilchilar Shuhrat Qurbonov, Ismoil Turopov hamda inson huquqlari faoli Abdurahmon Tashanov va psixiatr Gavhar Teshaboyeva ishtirok etdi. Quyida suhbatning muhim qismlaridan qisqa sharh keltiriladi.
“Maqsad havodan pul ishlab topishga ishontirish” – iqtisodchi
Shuhrat Qurbonovning tushuntirishicha, moliyaviy piramida AQShda “Ponzi sxemasi” nomi bilan hammaga tanilgan. Bir firibgar odamlardan 1000 dollar olib, uni 1,5 ming dollar qilib qaytarishni va’da qilgan.
“Pulni yangi investorlar hisobiga eski investorlarga beravergan va ma’lumki, bu oshib-oshib borganda vaqt o‘tib, pul yetmay boshlaydi va oxir-oqibatda Ponzi hamma pul bilan sekin qochib ketgan, shuning nomiga “sxema Ponzi” deb tarixda qolib ketgan. Bu o‘sha tagini qaraydigan bo‘lsak, oddiy firibgarlik.
Endi buning turlari ko‘p. Lekin maqsad – havodan pul ishlab topishga ishontirish, ya’ni oson pul topish va bitta odamning puli hisobiga ikkinchisini qoplash. Ya’ni uning har xil sxemalarini o‘ylab topsa bo‘ladi”, – deydi u.
“Bitta odam jabr ko‘rsa ham, u ko‘p hisoblanadi” – iqtisodchi
Ismoil Turopovning aytishicha, moliyaviy piramidaga oid statistika yuritilmagani sabab uning kam yoki ko‘p uchrayotganini shunchaki aytish mushkul. Ammo mutaxassis insoniylik nuqtai nazaridan qaralganda, bir nafar odam shunga aldanib qolsa ham, u ko‘p ekanini bildirdi.
“Piramida turidagi firibgarlik bo‘ladimi yoki boshqa turdagi firibgarlik bo‘ladimi, umuman firibgarlikning yakuniy jabrdiydasi – baribir oddiy xalq. O‘sha moliyaviy savodxonligi yetishmaganidanmi yoki boshqa sabab bilanmi, unga chuqur tushgan odamlarning baribir asosiy qismi oddiy xalq bo‘ladi. Shuning uchun uning mashtab nuqtai nazaridan katta yoki kichikligini baholaganda, o‘sha tushgan odamlarning soniga qarab solishtirish mumkin.
Yoki pul miqdori, qancha pul olib chiqib ketilganiga qarab. Masalan, nechta kishi shu piramidaga a’zo bo‘ldi, yakunda nechta kishining qancha puli olib chiqib ketildi, u dollardami yoki boshqa valutada – shularga qarab solishtirsa bo‘ladi. O‘zbekistonda buning ko‘p yoki kamligi bo‘yicha aniq bir narsa aytib bo‘lmaydi, tahlillar yo‘q”, – deydi u.
Turopov odamlarning pulini treydingga tikib yoki o‘zi tikib beraman deb, keyin kurslar ochib, ijtimoiy tarmoqlarda o‘zini reklama qiluvchilar yoki avtomobil olib berishni va’da qiluvchi “Avto-60 oy” yoki ZTY ishlarini ham eslab o‘tdi. Bu kabi keyslar ko‘pligini ta’kidladi.
“Semirtirib so‘yishadi” – inson huquqlari faoli
Abdurahmon Tashanovga ko‘ra, firibgarlik ishlari odamlarga katta moliyaviy zarar yetkazmaguncha to‘xtatilmaydi, huquqni muhofaza qilish organlari ko‘p hollarda uning ishlashiga qo‘yib beradi.
“O‘zbeklarda maqol bor: semirtirib so‘yamiz degan. Huquqni muhofaza qilish organlari ko‘p hollarda qo‘yib berishadi, toki pullar yig‘ilib, qanaqadir bir katta karmonlar, katta cho‘ntaklarni to‘ldirish darajasiga yetguncha. Aslida profilaktika nuqtai nazaridan, yer tagida ilon qimirlasa biladigan organ xodimlarimiz buning hammasini bilishadi. Buning “tepa”da homiylari bor. Ya’ni buni bir tomondan korrupsion jinoyat ham deyish mumkin. Bu borib davlat, korrupsiya bilan bog‘lanib ketadi.
Bizning kuzatishlarimiz “Quyest net” darajasida bo‘ladimi yoki boshqa, juda ko‘plab marketing tarmoqlari yoki oddiy mamlakatdagi, aytaylik, bir nosog‘lom avtosanoat muhiti bilan bog‘liq jarayonlardan firibgarlar ko‘proq foydalanishadi. Yoki migratsiya jarayonlaridan ham ko‘proq foydalanishadi. Masalan, aytaylik, ishlab topib berish, mana, xabaringiz bor, Korea Migration degan bir tashkilot juda ko‘plab odamlarni chuv tushirib ketdi. Bunga umumiy firibgarlik nuqtai nazaridan qaraydigan bo‘lsak, hozir statistika bo‘yicha bizning mamlakatimizda 44 ming mahbus jazo muddatini o‘tayotgan bo‘lsa, shuning qariyb 30-40 foizi firibgarlik jinoyatlarini sodir etgan shaxslar hisoblanadi”, – deydi u.
Tashanovning qo‘shimcha qilishicha, bu statistika O‘zbekistonda qonun ustuvorligi bo‘yicha nostabillikni anglatadi. Qolaversa, suhbatdosh bozor qanchalik ochiq bo‘lib, raqobatdoshlar ko‘paysa, sohadagi firibgarliklar soni ham kamayishini aytib o‘tdi.
“Import mashinalarga ozgina ruxsat berilgan edi, avtomobil sohasidagi firibgarlik darajasi pasaydi. Ya’ni agar davlat o‘zi nimani ushlab turadigan bo‘lsa, jinoyatchilikka sharoit yaratib beradigan bo‘lsa, albatta, o‘sha soha rivojlanib ketmaydi. Ahmadboy ishida ham ko‘rdik, Ahmadboy ishidan yutqazgan asosan xalq bo‘ldi. Chunki Ahmadboy juda katta pul to‘pladi. Yana o‘g‘rini qaroqchi urdi degandek, uning bir qismini davlat oldi, o‘zlashtirdi. Men ko‘p odamlar bilan gaplashdim. Odamlar quruq qoldi. Huquqni muhofaza qilish idoralari shubhali tarzda o‘sha pullarni o‘zlashtirdi.
Keyin Murodboy degani chiqdi. Murodboy ham odamlarning ichiga kirib bordi, moliyaviy piramida qildi. Lekin afsuski, odamlar bergan pullarini qaytarib olisholmadi. Endi buning ko‘lami katta. Faqat piramida emas, masalan, onlayn firibgarliklar, boshqalar. Bularning hammasi uchun men to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘sha huquqni muhofaza qilish idoralari va davlat aybdor deb hisoblayman, chunki bu sohadagi siyosatni nihoyatda ehtiyotkorlik bilan takomillashtirib borish kerak bo‘ladi”, – deydi Tashanov.
“Har doim o‘sha og‘riqli nuqtani topish va o‘sha nuqtaga bosish” – psixiatr
Gavhar Teshaboyeva odamlarning aldanib qolishi ularning og‘riqli nuqtalari bilan bog‘liq ekanini bildirdi. Ta’kidlanishicha, bu orqali insondagi kerakli hissiyotni chiqarish va undan foydalanish mumkin.
“Masalan, hozirgi kunda firibgarlarni oladigan bo‘lsak, nimaga aldanib qolyapti? Og‘riqli nuqta bor. Bu nima? Bu – pulsizlik yoki o‘sha avtomobilga bo‘lgan ehtiyoj. Maqsad – har doim o‘sha og‘riqli nuqtani topish va o‘sha nuqtaga bosish. Natijada insonning hissiyotiga bosiladi, hissiyoti bilan o‘ynaladi va o‘sha inson o‘sha hissiyotning ustida shoshmashosharlik bilan o‘ylamasdan qaror chiqarib, bunaqa firmalarga aldanib qolishi mumkin.
Oddiy misol keltiraylik, qariyalarni juda ko‘p aldashadi. Men endi masshtabli emas, shu o‘zimning qabulimga keladiganlarni aytaman. Falonchi dorini foydali deb eshituvdim, sotib oluvdim, lekin unaqa foyda bo‘lmadi. Ya’ni bu yerda reklama zo‘r bo‘lgan. O‘sha dori mahsuloti bilan og‘riqli nuqtasiga yetib borishgan, “tezda shoshiling, hoziroq sotib oling” chaqirig‘i bilan, ya’ni bu, demak, birinchi hissiyotiga o‘ynadi va diqqatini o‘ziga qaratib oldi va uchinchisi, o‘ylamasdan qaror qabul qilishga yordam beradigan texnikalar hisoblanadi. Endi bu texnikalar bilan ular judayam yaxshi tanish bo‘ladi, ularning hammasida shunaqa birin-ketin qiladigan instruktajlar bor, ya’ni firibgarlar yoki masalan, hozir moliya kompaniyalari haqida gapirilyapti – hammasi yaxshi o‘qitilgan va o‘zining xulq-atvorida muammosi bor bo‘lgan shaxslar tomonidan amalga oshiriladi desa to‘g‘ri bo‘ladi”, – deydi Teshaboyeva.
“Firibgarlar bir qadam oldinda bo‘ladi” – iqtisodchi
Shuhrat Qurbonovning qo‘shimcha qilishicha, onlayn firibgarliklarning ko‘payishi eski ma’muriyatdan yangisiga o‘tilgani bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin. Ya’ni iqtisodiy tahlilchini buni aynan O‘zbekiston iqtisodiy-moliyaviy jihatdan ochila boshlaganiga ulagan.
“Oldin valuta almashtirish ham, kartadan to‘lov ham, naqd yechish ham muammo bo‘lgan. Demak firibgar sizning pulingizni o‘g‘irlasa ham, nima qilishini bilmay, tashlab ketardi, chunki kartadan to‘lash imkoniyati yo‘q edi. Hozir unaqa imkoniyatlar ko‘paygan, bemalol chet elga ham to‘lov qila olasiz, masalan, chet elning kartalariga ham pul chiqara olasiz. Ya’ni bir tarafdan texnik nuqtai nazar, ikkinchi tarafdan o‘sha qonun nuqtai nazaridan imkoniyat ham ko‘paygan. Xohlaymizmi-xohlamaymizmi, har bir evolyutsiyaning yonida baribir mana shunaqa xavflar ham keladi. Asosiy sabablardan shu deb o‘ylayman, aynan ko‘payganining sababi.
Nimaga davom qilganining sababini endi to‘g‘ri aytdilar, "social engineering" degan narsa bor, o‘sha hamma firibgarlar o‘rganib, qanaqadir og‘riqli masaladan kelib chiqib [harakat qilishadi]. Rossiyaning misolini aytadigan bo‘lsak, hamma biladi, hammaning qulog‘ida "Dolina keysi" deb hamma joyda tarqab, mana, pullarni aldab olib ketishgan. Ular urush bahonasida qo‘rqitishyapti, siz Ukrainaga pul o‘tkazibsiz, u qilibdi, sizga ish ochilgan, deb qo‘rqitishadi.
Bizda boshqa, o‘sha mashina muammo bo‘lgan vaqtda sizda mashina olish imkoniyati, pulingizni yo‘qotaman deb qo‘rqib turgan vaqtingizda pulingizni o‘g‘irlab ketishi mumkin yoki mening nomimga kredit olishi mumkin degan qo‘rquvda kimdir telefon qilib, sizning nomingizga kredit rasmiylashtirilgan, deydi. Ya’ni o‘sha ijtimoiy qatlamga, uning muammolaridan yoki qo‘rquvlaridan kelib chiqib, "social engineering" yordamida o‘rganib qilinadi. Hozirgi kunda bizda shu, dunyoda allaqachon bir qadam oldinga ketib bo‘lingan. Ya’ni o‘sha Facebook bo‘ladimi, Instagram bo‘ladimi va hokazo o‘sha ijtimoiy tarmoqlarda adresli ishlab, o‘sha odam haqida ma’lumot yig‘ilyapti”, – deydi Qurbonov.
Qayd etilishicha, yildan yilga firibgarlik usullari va turlari o‘zgarib rivojlanib boraveradi, firibgarlar esa bir qadam oldinda bo‘ladi.
Xo‘sh, ularga qarshi qanday kurashish kerak? Moliyaviy piramida va onlayn aldanib qolishdan qanday himoyalanish mumkin? Suhbat davomida shular muhokama qilingan. To‘liq videoni yuqoridagi havola orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Dilshoda Shomirzayeva suhbatlashdi.
Mavzuga oid
12:02 / 10.12.2025
Qarz so‘raydigan soxta tanish – Telegram’da profilni nusxalash bilan bog‘liq firibgarlik ko‘paymoqda
17:43 / 16.08.2025
Toshkent shahar IIBB talabalar va ularning ota-onalarini “ijarachi” firibgarlardan ogohlantirdi
18:16 / 23.07.2025
“Jilovlanmayotgan” jinoyat: soddalik chegarasi va pixini yorgan firibgarlar
18:10 / 19.05.2025