“1 mln so‘m bersangiz bir soatda 25 mln so‘mga ko‘paytirib beraman” – ushbu va’daga ijtimoiy tarmoqlarda ko‘pchilikning ko‘zi tushgan. Hatto yuzlab insonlar bu rost ekani, pulini “katta pulga” aylantirib olgani haqida videolavhalar e’lon qilmoqda. Haqiqatan ham shunaqa yo‘l bilan pul ko‘paytirish mumkinmi? Ha, mumkin: faqat treyder niqobidagi firibgarning puli ko‘payadi. Maqola sodda odamlar va soxta treyderlarning aldov sxemasi haqida.
So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda treyder niqobi ostidagi firibgarlar yana faollashdi. Ular odamlarni pulini bir soatda 20 baravarga ko‘paytirib berish va’dasi bilan chuv tushirmoqda. Ushbu yolg‘onga aldanish uchun esa inson kamida chiltor kuy chalsa g‘oz rostdan ham tilla tuxum qo‘yishiga ishonish darajasida sodda bo‘lishi kerak. Afsuski, ana shunaqa sodda odamlarning borligi va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning tezkor reaksiya ko‘rsatmasligi firibgarlar tegirmoniga suv quymoqda.
Pul “mashinasi”
Telegram’dagi “Uzbekistan investuz” guruhi ana shunaqa firibgarlik guruhlaridan biri. 2025 yilning 21 aprel kuni tashkil etilgan, 43 mingdan ortiq a’zosi bor guruh 3 oydan buyon faol holatda.
O‘zini treyder deb taqdim etayotgan shaxslar odamlarga bir nechta tarifda pullarini ko‘paytirib berishni va’da qilmoqda. Ularning bu yolg‘oniga esa yuzlab odamlar aldanyapti.
Soxta treyder bilan mijoz sifatida suhbatlashib ko‘rdik. U pulni dunyo bozorida aksiyalar oldi-sotdisidan ko‘paytirishini, bu xizmat bo‘yicha litsenziyaga ega ekanini bildirdi.
“Men dunyo bozorlarida, ayniqsa, Forex bozorida aksiyalar oldi-sotdisi bilan shug‘ullanib kelaman. Yaqinda jamoamiz bilan dastur yaratdik. Dasturning ichida sun’iy intellekt bor. Kiritgan sarmoyangizni uzog‘i bilan 60 daqiqada 20 baravargacha ko‘tarish imkoniyati bo‘ladi”, deydi u.

Aslida soxta treyderning ushbu izohi uning gaplari yolg‘on, o‘zi esa firibgar ekanini ko‘rsatib turibdi. Forex, aksiya bozori va sun’iy intellekt haqida yetarlicha tushunchaga ega bo‘lmaganlar bu aldovga chuv tushmoqda.
3 qadam va blok
Birinchi qadam sifatida “mijoz”larga 5 ta tarif taklif etiladi. Ular 300 ming so‘mdan 1,5 mln so‘mgacha bo‘lgan tariflar. Masalan, 1 mln so‘m to‘lagan odamga puli bir soatdan so‘ng 30 mln so‘mgacha ko‘paytirib berilishi va’da qilinadi.














