«Robot yasash mantiqiy fikrlashni talab qiladi» - yosh robototexnik bilan suhbat
Texnika taraqqiy etgani sayin insoniyat o‘zi uchun murakkab vazifalarni texnologiyalar yordamida bajarishga odatlanib bormoqda. «Inson omilisiz» atamasi ham lug‘atdagi oddiy so‘zga aylanib bo‘ldi. Bunda albatta turli texnologiyalar va robotlar muhim o‘rin tutadi.
Hozir O‘zbekistonda ham robotlar yasash va ularni dasturlashni o‘rganayotgan bolalar soni ko‘payib bormoqda. Shunday bolalardan bir guruhi Olmazor tumanidagi 233-maktabda faoliyat yurituvchi «Barkamol avlod» bolalar markazida shug‘ullanishadi.
Yana bir guruhi esa Yunusobod tumanida, AKTga ixtisoslashtirilgan 9-maktabda, o‘zi ham hali Benkov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan rassomchilik maktabida o‘qiyotgan Sitora Ismoilovadan dars olishadi.
Bolalar yasagan robotlardan biri raqsga tusha olsa, biri yo‘llarda tirbandlik yuzaga kelganda «Tez tibbiy yordam» ko‘rsatishni taklif qiladi. Yana bir loyiha esa pochta jo‘natmalarini yuborilishi kerak bo‘lgan hududlarga qarab saralab beradi.
«Robototexnikani o‘rgana boshlaganimga 3 oy bo‘ldi. Men birinchi yasagan robot boshqa robotlar bilan kimo‘zarga musobaqalashadigan robot edi», – deydi o‘quvchilardan biri Amir Ismoilov.
«Bu yerda o‘zim xohlagan biror narsalarni yasay olishim o‘zimga yoqadi. Robototexnikadan tashqari 3 yildan beri dasturlashni ham o‘rganyapman», – deydi boshqa bir o‘quvchi Mirodil Abdunazarov.
Ularga robototexnika asoslarini o‘rgatayotgan Sitora Ismoilova robot yasash uchun bolada qanday xususiyatlar bo‘lishi kerakligi haqida gapirib berdi.
«Robototexnika bilan shug‘ullanish uchun birinchi navbatda mantiq kerak. Ya'ni hamma dasturiy qurilmalar mantiqiy topshiriq atrofida quriladi. Agar mantiq bo‘lmasa, demak, robototexnika ham yo‘q. Bu shunday yo‘nalishki, doim o‘ylashga majbur bo‘lasiz.
Mantiqdan so‘ng fizika ham muhim. Nima qanday ishlashini bilish uchun prinsiplarni bilish talab etiladi. Masalan, robot nimanidir tutib tura olishi, oldinga yo orqaga ag‘anab ketmasligi uchun nima qilish kerakligini bilish lozim.
Fizikadan keyingi o‘rinda dasturlash turadi. Hammamizga ma'lum bo‘lgan informatikani esa chuqur bilish talab etiladi», – deydi Sitora Ismoilova.
Uning aytishicha, robototexnikaga oid asosiy darslarni onlayn tarzda olgan va sohaga qiziqishi ortgan.
«Hammasi qanday boshlangani haqida kichik hikoyamni aytib bermoqchiman. Boshida men robotlar nimaligi, qanday ishlashi va nega kerakligini bilmasdim. O‘shanda menga bir to‘plam olib kelib berishdi. Unda: «Agar qiziqayotgan bo‘lsang, unda shug‘ullan», deb yozilgan edi. Shundan so‘ng men boshlashga qaror qildim.
Biz boshida akam bilan shug‘ullandik. O‘shanda biz kim yaxshiroq qila olishiga musobaqalashardik. U keyinroq o‘z yo‘nalishidan ketdi, men esa robototexnikani yaxshiroq o‘rganishga qaror qildim. Dastlab, men uchun hammasi xobbidek edi, lekin birinchi tanlovda sovrindor bo‘lganimdan keyin men bu mavzuni va murakkabroq vositalardan foydalanishni chuqurroq o‘rgana boshladim. Hozir esa bilganlarimni bolalarga o‘rgatyapman», – deya hikoya qiladi Sitora.
Robototexnika bilan shug‘ullanuvchi bolalardan biri Amirbek Mirzamuhammadovning aytishicha, robot yasashdan oldin mavjud muammolar o‘rganiladi va ularning qanday hal qilinishi bo‘yicha o‘z yechimlari aks etgan robot loyihalar ustida ishlanadi.
«Maqsadimiz – O‘zbekistondagi muammolarni hal qilishga va ularning yechimlarini topishga yordamlashish», – deydi Amirbek.
Kun.uz'ning «Optimist» rukni uchun tayyorlangan ko‘rsatuvni yuqoridagi video orqali batafsil tomosha qilishingiz mumkin. Rukndagi boshqa maqolalar bilan ushbu havola orqali tanishishingiz mumkin.
Zilola G‘aybullayeva, Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi – Nuriddin Nursaidov.
Mavzuga oid
17:15 / 11.05.2024
Magistraturada o‘qimay Britaniyada PhD’ga qabul qilingan qiz – o‘zbekning 23 yoshli Dengizi saratonni tadqiq qilyapti
21:17 / 03.04.2024
Ijod maktablarida «Texnologiya» fani doirasida robototexnika asoslari o‘rgatiladi
18:43 / 29.09.2022
«Keyingi 5 yilda minglab o‘zbeklar gigant ayti kompaniyalarda ishlashadi» - Amazon’da ishlayotgan dasturchi
09:00 / 29.09.2022