23:36 / 27.08.2022
97489

Quyi Chirchiqdagi mudhish qotillik. Ayolning o‘ldirilishiga uchastkavoyning beparvoligi sabab bo‘lgani aytilmoqda

Eri tomonidan begona bolalar ko‘z o‘ngida kaltaklangan 24 yoshli ayol ertasi kuni o‘z bolalari ko‘z o‘ngida pichoqlab o‘ldirildi. Ayol kaltaklanganidan keyin uning yaqinlari IIBga murojaat qilgan. Lekin profilaktika inspektori daladagi ishlarini bahona qilib, huquqbuzarga chora ko‘rmagani aytilmoqda. Kun.uz muxbiri hodisa sodir bo‘lgan mahallada bo‘lib, voqea tafsilotlarini o‘rgandi.

“Qizimning o‘limida uchastkavoyning ham aybi bor”

Ma’lum bo‘lishicha, marhuma ayol 3 oydan beri oilaviy kelishmovchiliklar tufayli 2 farzandi bilan ota uyida yashayotgan bo‘lgan. Oilaviy tibbiyot muassasasida hamshira bo‘lib ishlab kelgan. 24 avgust kuni turmush o‘rtog‘i bilan ko‘chada yuz bergan tortishuv uning bog‘chada kaltaklanishi bilan tugaydi.

Voqeadan xabar topgan otasi mahalla raisi guvohligida uchastka inspektoriga chora ko‘rishni so‘rab murojaat qilgan. Ammo inspektor ayoldan ariza yozdirib olgach, albatta aybdorga chora ko‘rishni, u bir necha sutkaga qamalishini aytgan va o‘z shaxsiy ishi bilan ketgancha ishni shundayligicha qoldirgan.

Ertasiga tunda esa marhuma ota uyida biri 4, biri 2 yoshda bo‘lgan bolalari bilan uxlab yotganda turmush o‘rtog‘i tomonidan pichoqlangan. Voqea uning farzandlari ko‘z o‘ngida sodir bo‘lgani aytilmoqda.

“Qizim kaltaklangach, uchastka inspektorining idorasiga bordim, 3 soat kutib 2 marta qo‘ng‘iroq qilganimdan keyin Doston degan inspektor yetib keldi. Keldi-da, kuyovimni hozir olib borib qamashini, o‘ziga kelgandan keyin 15 sutkaga jazoga tortilishini aytdi. Lekin tashqariga chiqib, mahalla raisi Farruxga daladagi ishi zarurligini, “razvod”ga borishi kerakligini aytib, ketib qoldi.

Men undan ekspertizaga olib borib, tekshiruvlardan o‘tkazishni iltimos qildim, lekin u kuyovim qamalishi uchun shu hujjatlar ham yetarli ekanini aytdi. Ertasi kuni tuman ichki ishlar bo‘limiga borishimni aytdi. Men esa bugunning o‘zida hal qilishimizni, aybdorni ushlash kerakligini so‘radim. Agar bunaqa bo‘ladigan bo‘lsa, formasini yechib qo‘yib, dehqonchiligini qilsin! Yo dalada ishlasin, yo davlatning ishini.

Qizimning o‘limida uchastka inspektorining ham aybi katta. Javob berishi kerak mas’uliyatsizligi uchun. Gulday qizimdan ayrildim, yolg‘iz qizim edi”, – deydi marhumaning otasi so‘zlari so‘ngida ko‘ziga yosh olib.

Darhaqiqat, o‘sha kuni aybdor ushlanganda qizi fojiali tarzda o‘ldirilmas edi. Lekin inspektorning “zarur” ishlari sabab zo‘ravon ozodlikda qolgan.

Yopiq eshiklar, ketma-ket o‘tkazilayotgan majlislar

Marhuma yashagan mahalla raisi va ichki ishlar xodimlaridan biror izoh olishning imkoni bo‘lmadi. Na uchastka noziri, na mahalla raisini topish tugul, telefonda bog‘lanishgayam erisholmadik.

Marhumaning yaqinlari bilan Quyi Chirchiq tumanidagi 9-sonli ichki ishlar bo‘limiga bordik. Lekin ularni ichkariga kiritib o‘tkazilgan uzoq suhbatdan keyin bizga biror ma’lumot berilmadi. Toshkent viloyati ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati orqali ma’lumot olishimiz mumkinligini aytishdi. Lekin matbuot xizmati rahbari Bobur To‘laganov bilan bog‘lanishga bo‘lgan harakatlarimiz ham befoyda ketdi.

Shundan keyin tuman hokimligida shu masala yuzasidan majlis bo‘layotganidan xabar topdik. Shunday majlis ayblanuvchi yashagan mahallada ham o‘tkazilishi haqida eshitgach, navbatdagi majlisga yetib bordik.

“Juda ko‘p marta kaltaklangan holda ishga kelardi”

Majlisda marhuma ishlagan tibbiy muassasa jamoasini suhbatga tortdik. Aytishlaricha, ko‘p marta kaltaklangan, badanlari, yuz-ko‘zi ko‘kargan holda ishga kelganiga guvoh bo‘lishgan. U 17 avgust kuni endigina 24 yoshga kirgan.

Ayol vafot etgan kuni hamkasblari uning xonasidan kundalik topishgan, kundalikda marhumaning barcha qo‘rquv-xavotirlari haqida yozilgan bo‘lgan.

“U bizning oltinimiz edi, o‘z qizimday bo‘lib qolgandi. – deydi tibbiy muassasa rahbari Kommuna Oppoqxo‘jayeva. – O‘zim 60ga kirib shu qizda halollik, odamiylik kabi fazilatlarning cho‘qqisini ko‘rganman. U haqida yomon fikrga borish mumkin emas. Unday bo‘lishi mumkin emas.

Uyga borishga qo‘rqaman, derdi. Erining janjallaridan, kaltaklaridan qo‘rqishini aytardi”.

“Qiz nihoyatda oriyatli, iffatli qiz edi. Shu or-nomusli bo‘lgani uchun ham erining zo‘ravonliklarini hech kimga, ota-onasiga ham aytmagan. Ular xafa bo‘lmasin deb yashirgan.

Eri judayam rashkchi bo‘lgan ekan, arzimas narsalardan ham rashk sabab janjal qilib uravergan. Hatto kamarining temiri bilan urgan. Qiz ota-onasini ayab, ularga bildirolmasdan dugonasiga aytib bergan ekan”, – deydi marhumaning qarindoshi.

“Biz ammalarimiz. Bu vahshiylikni eshitib Surxondaryodan yetib kelgunimizga adoyi tamom bo‘ldik. Nega profilaktika inspektorlari bunchalar befarq? Kuyov qo‘rqitar ekan, ajrashsang o‘ldirib ketaman, deb.

Bugun kelinlik uyiga bordik. Qo‘shnilari qizimizning bir kun ham kun ko‘rmaganini, doim azob-uqubatda yashaganini aytishyapti. Unga achinib yig‘lashyapti. Lekin ichki ishlar xodimi urishib chiqarib yubordi. Biz ulardan umuman norozimiz. Nega ularga chora ko‘rilmaydi? Ular qanday qilib davlat xodimi hisoblanadi?

Jiyanimning ikki farzandi yetim qoldi. Ukam ota bo‘lib o‘zining uyida o‘z qizini asrab qololmaganidan ich-etini yeb qo‘ydi”, – deydi marhumaning boshqa bir qarindoshi.

“Iltimos, ayollar huquqlarini himoya qilinglar”

Marhuma yashagan mahallada uni tanigan-bilganlar ayolni yaxshi hamshira, kelin, ona, ayol sifatida e’tirof etishdi. Lekin uning bunday fojiali o‘limida ayollar huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlardan yordam zarurligini aytishdi.

“Bizning katta iltimosimiz shuki, ayollar huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar har bir uyga kirishsin, o‘z huquqlarini tushuntirsin ayollarga. Qishloq ayollari o‘z huquqlarini bilishmaydi. Kerakli yordam berilsin bizga. Birovning jonini olishga hech kimning haqqi yo‘q”, – deydi mahalla faoli Barno Jumanova.

Bu ishga kirishganda kunimiz bizga yordam berishi lozim bo‘lgan ichki ishlar organlari xodimlarini qidirish-u yo‘llarini poylash bilash o‘tishini bilmagandik.

Tumandagi viloyatdagi ichki ishlar idoralaridagi bu munosabatni ko‘rib hayratimiz yanada oshdi. Bu qadar loqaydlik uchun asl qotildan tashqari yana kimdir albatta javob berishi kerak.

Gulmira Toshniyozova,
Abduqodir To‘lqinov,
Kun.uz.

Mavzuga oid
Top