Jahon | 18:53 / 01.03.2026
10768
1 daqiqa o‘qiladi

OAV: Eronning sobiq prezidenti Mahmud Ahmadinajod ham halok bo‘lgan

28 fevral kungi zarbalar uchun belgilangan nishonlar qatorida uning qarorgohi ham bor edi.

Fatemeh Bahrami / Anadolu / Getty Images

Eronning oltinchi prezidenti Mahmud Ahmadinajod AQSh va Isroilning Tehronga yo‘llagan zarbalari oqibatida halok bo‘lgan. Bu haqda 1 mart kuni ILNA agentligi xabar tarqatdi.

Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, u Tehrondagi Narmak tumanida joylashgan qarorgohiga qilingan hujum qurboniga aylangan. AQSh va Isroil harbiylari Ahmadinajodning qarorgohini ham oldindan nishon sifatida belgilagandi.

Hozircha bu ma’lumot boshqa manbalar tomonidan tasdiqlanmadi.

Mahmud Ahmadinajod muqaddam Ardabil viloyati gubernatori (1993-1997) va Tehron shahri hokimi (2003-2005) lavozimlarida ishlagan, 2005 yildan 2013 yilga qadar Eron prezidenti bo‘lgan.

Prezidentlik muddati tugagach, Ahmadinajod Eron oliy rahbari huzuridagi maslahat organi – Maqsadga muvofiqlikni aniqlash kengashi a’zosi bo‘lgan.

AQSh va Isroilning 28 fevral kungi zarbalari oqibatida Eron diniy rahnamosi Ali Xominaiy ham halok bo‘lgandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid