Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
FT: Tramp Putin bilan uchrashuvda bir necha bor ovozini ko‘targan va ketmoqchi bo‘lgan
Yopiq eshiklar ortida o‘tgan suhbatda Rossiya yetakchisi Trampga haqiqiy «tarixiy ekskursiya» uyushtirib, o‘rta asrda yashagan knyazlar haqida gapirgani, Oq uy rahbari bundan hayratga tushib, muzokaralarni muddatidan oldin yakunlagani ta’kidlanmoqda.
Foto: Evelyn Hockstein / Reuters / Scanpix / LETA
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bugun Vashingtonda Donald Tramp bilan uchrashadi. U Ukrainaga uzoq masofaga harakatlanuvchi Tomahawk raketalari berilishi masalasini muhokama qilmoqchi. Oq uy jadvaliga ko‘ra, uchrashuv uchun ikki soat ajratilgan (uchrashuv Toshkent vaqti bilan 22:00 da boshlanadi), shundan keyin AQSh prezidenti Floridaga yo‘l oladi.
Jahon nashrlari manbalari turli bilvosita va bevosita alomatlarga tayanib, Tramp Ukraina bo‘yicha pozitsiyasini o‘zgartirganini qayd etmoqda. Financial Times nashri yozishicha, bunday burilish Alyaskada Tramp va Vladimir Putin ishtirokida bo‘lib o‘tgan sammitdan keyin ro‘y bergan. Gazetaning G‘arb mamlakatlari va Ukrainadagi rasmiylar, shuningdek, Moskvadagi suhbatdoshlari o‘sha uchrashuv qanday o‘tganini batafsil tasvirlab berishgan.
FT suhbatdoshlariga ko‘ra, Putin Alyaskada do‘stona qarshi olingan, ammo yopiq eshiklar ortida bu iliqlik «tezda yo‘qolgan». Rossiya prezidenti AQShning o‘t ochishni to‘xtatish evaziga sanksiyalarni bekor qilish taklifini rad etgan. U bu taklifni nomaqbul deb atagan: u faqat Ukraina to‘liq taslim bo‘lishi va Donbass to‘lig‘icha Rossiyaga berilishiga erishmoqchi edi.
Tramp 2014 yilda Qrim anneksiya qilinganini tan olish va Ukraina qo‘shinlarini Donbassdagi ba’zi pozitsiyalardan olib chiqib ketishni taklif qilishga urindi, biroq Putin uchun bu nomaqbul bo‘lib chiqdi – u butun mintaqani topshirishni talab qildi, deb ta’kidlaydi FT.
Nashrning yozishicha, Putin shundan keyin Trampga haqiqiy «tarixiy ekskursiya» uyushtirib, novgorodlik Ryurik, Yaroslav Mudriy va XVII asrdagi kazak getmani Bogdan Xmelnitskiy haqida gapirgan – u odatda Rossiya va Ukraina bir millat ekani haqidagi tezisni asoslashda ushbu tarixiy shaxslarga murojaat qiladi.
Manbalarning so‘zlariga ko‘ra, Tramp ro‘y berayotgan voqeadan shu qadar hayratga tushganki, «bir necha bor ovozini balandlatgan va hatto uchrashuvni tark etish bilan tahdid qilgan». Yakunda u muzokaralarni muddatidan oldin yakunlagan va rejalashtirilgan tushlikni bekor qilgan, unda delegatsiyalar kelgusidagi iqtisodiy hamkorlikni muhokama qilishi kerak edi.
Shunga qaramay, uchrashuvdan so‘ng Tramp «Alyaskadagi buyuk va muvaffaqiyatli kun» haqida e’lon qildi, bu Zelenskiy va Yevropa yetakchilarini AQSh prezidenti bilan uchrashish uchun zudlik bilan Oq uyga borishga undadi. Biroq, sammit baribir Tramp va Putin munosabatlarida «burilish nuqtasi» va «yaqinlashuv nuqtasi» bo‘ldi, deb yozadi FT.
Sammit muvaffaqiyatsizlikka uchragach, yetakchilar o‘rtasidagi munosabatlar sovuqlashdi. Putinning xatti-harakatlaridan hafsalasi pir bo‘lgan Tramp Yevropadagi ittifoqchilariga Ukraina uchun Amerika zaxiralaridan qurol sotib olishga ruxsat berdi va Kiyevga Moskvagacha yetib bora oladigan uzoq masofali Tomahawk qanotli raketalarini yetkazib berish masalasini muhokama qila boshladi. Vashington, shuningdek, Rossiya neftini sotib olish davom etayotganiga javoban Hindiston importiga qo‘shimcha 25 foizlik bojlar joriy qildi.
Trampning pozitsiyasidagi «siljish» haqida CNN ham yozmoqda. Telekanal manbalariga ko‘ra, Alyaskadagi uchrashuvdan so‘ng AQSh Ukraina bilan razvedka ma’lumotlari almashinuvini kengaytirib, unga Rossiyaning ichkarisidagi energetika obektlarini ham kiritgan – avvalroq Oq uy ularni nomaqbul nishonlar deb hisoblagan va Ukrainadan zarba berishdan tiyilishni so‘ragan.
FT qayd etganidek, bu siljish hali to‘liq emas – Vashington hozircha Rossiyaga qarshi sanksiyalar qo‘llash tahdidini hayotga tatbiq etmadi. Ammo Trampning siyosiy kursi Putinni muzokaralar stoliga qaytishga majbur qilishga qaratilgan.
Sammitning samarasizligi va uning ommaviy axborot vositalarida «Putinning g‘alabasi» sifatida yoritilishi ham Trampni g‘azablantirdi, dedi ma’muriyatning tashqi siyosat blokidagi respublikachi insayder Politico nashriga.
Oq uy vakili esa Alyaskadagi uchrashuvni «samarali» deb atagan va uning muvaffaqiyatsiz o‘tgani haqidagi fikrni rad etgan. Ma’muriyat Rossiyaning pozitsiyasini yaxshiroq tushunish uchun har qanday imkoniyatni «foydali» deb hisoblaydi, degan u.
Shu bilan birga, FT ta’kidlashicha, Putin Trampga omma oldida xushomad qilishda davom etmoqda, konservativ faol Charli Kirkning o‘ldirilishi munosabati bilan hamdardlik bildirdi va Amerika prezidenti tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga loyiq ekaniga ishora qildi.
16 oktyabr kuni Tramp navbatdagi marta Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi, unda tomonlar o‘zaro uchrashishga kelishib olgan. Bu uchrashuv Budapeshtda o‘tkaziladi – Trampning so‘zlariga ko‘ra, bu yaqin ikki hafta ichida ro‘y berishi kerak (bu ma’lumotni Kremldagilar ham tasdiqlagan). Yevropa va Ukrainadagilar bu yangilikka munosabat bildirishda hozircha o‘zini tiymoqda.
Zelenskiy va uning jamoasi Trampning Putin bilan qo‘ng‘iroqlashuvidan Endryus aviabazasiga qo‘nganidan keyin xabar topishdi va «hayratda qolishdi», deb yozadi Axios. BBC Putin va Trampning telefon orqali muloqotini Kiyev uchun «yoqimsiz syurpriz» deb atab, Zelenskiy Tomahawk raketalarini sotib olish uchun Trampdan ruxsat olishga umid qilgan holda Vashingtonga uchganini ta’kidladi. The Telegraph nashri yozishicha, Tramp va Putinning Budapeshtda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilayotgan uchrashuvi haqidagi xabar «Yevropa uchun og‘riqli zarba» bo‘ldi – xususan, aksariyat mamlakatlarning Vengriya va uning rahbari Viktor Orban bilan murakkab munosabatlari tufayli.
Trampning o‘zi Putin bilan telefon suhbatidan keyin jurnalistlarning savollariga javob berarkan, Tomahawk raketalari «AQShning o‘ziga ham kerakligi»ni aytdi. «Bizda ular ko‘p, lekin ular o‘zimizga kerak. Biz [zaxiralarni] tugatib qo‘ya olmaymiz», – dedi u.
Tramp va Putin Budapeshtda uchrashganida AQSh prezidenti «ta’sirga berilmasligi»ga kafolat yo‘q, deb yozadi FT. Oq uy bilan Ukraina bo‘yicha muzokaralar ishtirokchisi bo‘lgan yuqori martabali yevropalik amaldorning so‘zlariga ko‘ra, Tramp bilan bog‘liq vaziyatda «bu doimiy arqon tortish o‘yini». «Avvaliga siz u bilan gaplashasiz, unga Putin muammo ekanligini tushunishga yordam berasiz, keyin esa keyingi masalaga o‘tasiz va u esa yana Putinning pozitsiyasiga yon bosadi. Bu qayta-qayta takrorlanmoqda», – deydi FT suhbatdoshi.
Mavzuga oid
16:05
Kiyev YeI sammiti haqida: RFning Ukrainani qulatishga qaratilgan hisob-kitobi barbod bo‘ldi
15:21
B rejasi: Nega YeI Ukrainaga Rossiya zaxiralarini bermadi?
14:29
Rossiya Yevropaning 11 mamlakati bilan harbiy shartnomalarni bekor qilmoqda
14:26