O‘zbekiston | 21:01 / 05.02.2021
6539
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda raqamli infratuzilmani rivojlantirish uchun 2,5 mlrd dollar jalb etiladi - Abdulla Aripov

Toshkent, Buxoro va Qo‘qon shaharlarida uchta yangi data-markazni ishga tushirish, telekommunikatsiyalar tarmog‘ini rivojlantirish va mobil aloqani modernizatsiya qilish ko‘zda tutilgan.

Foto: Videodan kadr

O‘zbekistonda raqamli infratuzilmani rivojlantirish uchun yaqin ikki yil ichida 2,5 mlrd dollar jalb etiladi. Bu haqda O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov Almatida YeOII mamlakatlari bosh vazirlari ishtirokida bo‘lib o‘tgan «Raqamli qayta yuklanish: yangi voqelikka sakrash» forumida ma'lum qildi.

Abdulla Aripov bugungi kunda milliy iqtisodiyotning o‘sishi, sohalarni modernizatsiya qilish va ijtimoiy sohani rivojlantirishda raqamlashtirish shubhasiz muhim ahamiyatga ega ekanligini qayd etdi. U forum ishtirokchilariga O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yaqin ikki yil davomida 280dan ortiq loyiha amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan «Raqamli O‘zbekiston» strategiyasi qabul qilinganligi to‘g‘risida ma'lumot berdi.

«Bizning raqamli kun tartibimiz quyidagi muhim vazifalarni hal qilishga qaratilgan: aholi maskanlarini tez va arzon internet bilan ta'minlash, elektron hukumatni rivojlantirish miqyosini kengaytirish, bank sohasida raqamli transformatsiyani davom ettirish, sog‘liqni saqlash sohasida raqamlashtirishni kengaytirish, axborot texnologiyalari sohasida mutaxassislar tayyorlash, IT-sanoat va raqamli tadbirkorlikni rivojlantirish va boshqalar», — dedi Aripov.

Bosh vazirning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda raqamli infratuzilmani rivojlantirish uchun yaqin ikki yil ichida 2,5 mlrd dollar jalb etiladi. Jumladan, Toshkent, Buxoro va Qo‘qon shaharlarida uchta yangi data-markazni ishga tushirish, telekommunikatsiyalar tarmog‘ini rivojlantirish va mobil aloqani modernizatsiya qilish ko‘zda tutilgan.

Aripov shuningdek, barcha maktablarni yuqori tezlikdagi internetga ulash ishlari, viloyatlarda elektron poliklinika va teletibbiyot tizimini joriy etish bu yil yakunlanishi rejalashtirilganini bildirdi.

 O‘zbekiston bosh vazirining ma'lumot berishicha, qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish uchun 600 mln dollardan ortiq mablag‘ jalb etish ko‘zda tutilgan.

 Yaqin kelajakda amalga oshiriladigan muhim vazifalardan biri YaIMda raqamli xizmatlar ulushini ikki baravarga oshirishdir. Bu maqsadga erishish uchun O‘zbekistonda IT-parklar ochilmoqda, ularning rezidentlariga esa soliq imtiyozlari taqdim etilmoqda.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid