Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Temiryo‘llari tizimida monopoliya tugatiladimi?
Kun.uz bilan suhbatlashgan “O‘zbekiston temiryo‘llari” vakili Hikmatulla Rahmetov prezidentning kompaniyaga bergan bir qator topshiriqlarini eslatdi. Lekin bundan 4 yil avval davlat rahbari tizimdagi monopoliyani sindirishni ham buyurib, kompaniyani jiddiy tanqid qilgan edi. Hozirgi hujjatlar bir nechta temiryo‘llari korxonalari tuzilganini ko‘rsatadi, lekin amalda odamlar hali-hanuz yagona kompaniya xizmatidan foydalanishga majbur. Xo‘sh, nega tadbirkorlar bu bozorga kirmaydi?
O‘zbekiston prezidenti 2021 yil 20 avgust kuni tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida temiryo‘llari tizimidagi monopoliyani qattiq tanqid qilgan edi.
“Raqobat, xususiy sektor kirmasa, temiryo‘l monopoliyasini topshirmaydi, sifati o‘zgarmaydi, narxi kamaymaydi”, degan edi Shavkat Mirziyoyev. Temiryo‘lchilar esa kompaniya tarkibida turli korxonalar ochilganini aytib, hujjatda bo‘lsa ham bugun iste’molchi oldida “tanlovlar ko‘p” ekanini tushuntirishga uringan.
Hikmatulla Rahmetovning aytishicha, yuk vagonlari bo‘yicha hozir turli tadbirkorlar qiziqish bildirgan, lekin yo‘lovchi vagonlarini qo‘yishda biror kim o‘z taklifini amalga oshirolgani yo‘q.
-Ya’ni bugun biz xohlaymizmi-yo‘qmi, siz qanchalik vagonni ko‘paytirsangiz ham, bitta kompaniyaning xizmatlaridan foydalanamiz. Nima uchun tadbirkorlar kelmayapti? Bozor yopiqmi yoki bo‘lmasa shartlar qiyinmi? Nima uchun bitta kompaniya xizmatlaridan foydalanishimiz kerak?
-Gapingiz to‘g‘ri, lekin biz bu ishni ham boshladik. Biz tadbirkorlarning temiryo‘lga kelib, ham yuk tashish, ham yo‘lovchi tashishi uchun tizimni yaratdik. Oldin faqat “O‘zbekiston temiryo‘llari”ning vagonini ishlata bilardingiz, O‘zbekiston hududida. Bugungi kunda o‘zingizga vagon sotib olib, uni reysga qo‘yib, shaxsiy qilib ishlatishingiz mumkin.
-Birorta tadbirkor qiziqish bildirib keldimi?
-Juda ham ko‘p. Bugungi kunda men sizga aytaman, ikki yarim yil oldin shaxsiy vagonlar, agar adashmasam, 300 tadan oshiq bo‘lmagan. Bugungi kunda taxminan 15 mingtaga yetdi. Shuni ham, albatta, aytib o‘tish joizki, “O‘zbekiston temiryo‘llari”ning ham vagonlari aksiyadorlik jamiyatiga o‘tdi. Ularni ham shaxsiy desa bo‘ladi. Bugungi kunda taxminan 20-30 ta yangi kompaniyalarning shaxsiy vagonlari soni ortib bormoqda. Bular, albatta, yuk vagonlari. Xuddi shunaqa qilib, hozir yo‘lovchi vagonlariga ham yo‘l ochib boryapmiz. Transformatsiya tez bo‘lishining imkoni yo‘q, bu juda qiyin ish.
Shuningdek, kompaniya boshqaruv raisi o‘rinbosari endi O‘zbekistonning o‘zida ham poyezd vagonlari ishlab chiqarilishini ma’lum qildi. Jarayon 2027 yildan boshlanadi. Shunda yiliga 10 tagacha vagon ishlab chiqarish imkoni yaraladi. Rahmetov Kun.uzʼning chiptalar bilan bog‘liq savoliga ham javob qaytardi.
“2023 yilda ham tezyurar poyezdlarning chiptasi hammasi kassada olingan. Ya’ni naqd pulga desak bo‘ladi va o‘rtakashlar ko‘p bo‘lgan. Ruscha «posrednik» deymiz-a? Shimoliy vokzalda bu juda avj olgan edi. Hozir bu narsa yo‘q umuman, 100 foiz yo‘qotildi. 75 foiz chiptalar hozir onlayn olinyapti. O‘rtakash degan narsa qolmadi. Qolgani kassadan olinyapti, buni qilish oson bo‘lmadi. Lekin muammolar bor, hali ham bilet yetishmovchiligi juda baland”, deydi u.
Ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekistonda temiryo‘llari tizimi berayotgan taklifdan talab 10 foizga yuqori. Ya’ni yo‘lovchi poyezdlarining mavjud sig‘imidan 10 foiz ko‘p talabgorlar borligini aniqlangan. Demak, hozir ham poyezd va vagonlar soni yetishmaydi.
Shohrux Majidzoda suhbatlashdi.
Mavzuga oid
14:15 / 01.04.2026
O‘zbekistonda poyezd tashuvchi aybi bilan kechiksa, yo‘lovchilarga kompensatsiya to‘lanadi
18:27 / 31.03.2026
Uzoqni yaqin qiluvchi temir ot – nega dunyoning turli hududlarida temiryo‘llar har xil o‘lchamda qurilgan?
09:06 / 30.03.2026
Vodiyga poyezdlar qatnovi vaqtincha to‘xtadi
18:13 / 19.03.2026