Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Venesueladan keyingi dunyo: imperializmning to‘liq qaytishi
3 yanvar kuni Venesuela prezidenti Maduroning o‘g‘irlanishi – Sovuq urush tugaganidan keyingi 35 yillik dunyoda yangi pretsedent, yangi tajribani boshlab berdi. Xalqaro huquq bamisoli yo‘q va bo‘lmagandek. Shu paytga qadar AQSh va kollektiv g‘arb xalqaro huquq borasida doim bong urib kelardi. O‘zlari uni mohiyatan buzsa ham, shaklan xalqaro huquqqa mosroq ko‘rinishga intilar edi. Endi bu ham yo‘q...
AQSh boshqa davlatning rahbarini yoki siyosiy figurasini birinchi marta o‘g‘irlayotgani yo‘q. Bundan roppa-rosa 36 yil oldin – 1990 yilning 3 yanvar kuni Panama siyosiy arbobi Noriyegani ham o‘g‘irlab, AQShga olib kelib, uni Amerika qonunlari orqali sud qilib, qamagan edi. Biroq Noriyeganing jinoyatlari borasida xalqaro maydonda ko‘pchilikda shubha yo‘q edi. U Panama muxolifati yetakchilarini o‘ldirgan, katta miqdordagi narkotik biznesiga aloqasi borligi mustaqil OAVda aytilgan edi. Bir so‘z bilan aytganda, Noriyeganing reputatsiyasi Maduroga qaraganda ancha salbiy edi.
Nikolas Maduroning o‘g‘irlanishi na xalqaro huquqqa, na AQSh qonunchiligiga to‘g‘ri keladi. AQSh Noriyegani o‘g‘irlashdan oldin unga nisbatan huquqiy signallar, qonuniy ayblovlar e’lon qilgan edi. AQSh Kongressi uni ushlash borasida qaror qabul qilgan edi. Biroq Maduroni o‘g‘irlash va Venesuelada harbiy operatsiya o‘tkazish bo‘yicha AQSh Kongressidan ruxsat so‘ralmadi. BMTdan ham hech qanday sanksiya olinmadi, AQSh bu masalani hatto kun tartibiga ham qo‘yib o‘tirmadi.
Qiyoslash uchun, AQSh Afg‘onistonga 2001 yil oktyabrida kirayotganda BMT Xavfsizlik Kengashining barcha 15 a’zosi mandat bergan edi. Yoki 2003 yilning martida Iroqqa bostirib kirayotganda ham AQSh Kongressidan ruxsat olingan, BMTning esa ancha vaqt oldin olingan rezolyutsiyalari ro‘kach qilingan edi. Bu safar esa, na AQSh qonunlari va na xalqaro huquqqa e’tibor berilmadi. Shunchaki boshqa davlatning rahbari – Venesuela prezidenti kuch bilan o‘g‘irlab ketildi va AQShga olib kelib, sud qilish boshlandi. Xalqaro huquqni bunday shaklda toptash holati 20-21-asrlarda kuzatilmagan edi.
Maduro – avtokrat. Uning rejimi avtoritar. Lekin, Maduro rejimi o‘z muxolifati va aholisiga nisbatan katta repressiyalar uyushtirgani borasida ma’lumotlar yo‘q. Maduroning asosiy aybi – saylovlarni soxtalashtirgani. Biroq, dunyo davlatlarining yarmidan ko‘pi saylovlarni ma’lum darajada soxtalashtiradi.
Maduroni o‘g‘irlashdan maqsad nima? Maduroga qo‘yilayotgan ayblov – narkobiznes, narkoterrorizm borasidagi ma’lumotlarga AQShning o‘zida ham shubhalar ko‘p. Qolaversa, narkobiznes uchun boshqa davlat rahbarini o‘g‘irlash – juda qaltis ish. Biroq Trampning o‘zi vaziyatga yetarlicha oydinlik kiritib turibdi. Siyosatchilar o‘zlarining haqiqiy motivlarini doim “yaxshi niyatlar” ortiga yashirishga harakat qilishadi. Lekin Tramp unday emas. U o‘ylaganini gapirib, “gullab” qo‘yadi. Tramp Venesuela deganda neftni tushunadi.
Venesuela neft zaxiralariga ko‘ra dunyoda mutlaq lider. AQShning nefti esa o‘ziga yetadi. Unda maqsad nima? AQShga Venesuela nefti tezda boylik orttirish nuqtayi nazaridan emas, pul va resurs nuqtayi nazaridan emas, geosiyosiy bosim va nazorat nuqtayi nazaridan kerak. Venesuela neft sanoati bugun abgor ahvolda. Neft sanoati to‘liq ishga tushishi uchun yuz milliardlab sarmoya va 8-9 yil vaqt kerak bo‘ladi.
Biroq, Tramp va uning jamoasi uchun, Venesuela nefti ustidan nazoratning aniq geosiyosiy vazifalari bor. Endi Kuba Venesueladan neft ololmasligi mumkin. Endi Xitoy Xalq Respublikasiga muqobil bo‘lgan Venesuela nefti va boshqa resurslari yetkazib berilmasligi mumkin. Eng asosiysi, Maduro Venesuela neftini Xitoyga yuanda sotayotgan edi, dollardan voz kechayotgan edi. Bu esa AQShning asabiga tegishning eng zo‘r yo‘li. O‘tmishda Saddam Husayn Iroq savdosida dollardan voz kechgan edi, Qazzofiy ham Liviya tashqi savdosida dollardan yuz o‘girgan edi. Har safar kimdir tashqi savdoda dollardan voz kechganda, AQSh undan qattiq o‘pkalaydi, xafa bo‘ladi, kechirmaydi...
Tramp endi Grenlandiyani AQShga qo‘shib olmoqchi. Kuba, Kolumbiya va Eronga ham tahdid qildi. Bu ishlarni ochiq-oydin imperializm deb atash mumkin xolos: kuchim yetadi, kim nima qila oladi?!
Bu aslida Putinning o‘yin qoidasi. Lekin Putin Rossiyasidan farqli o‘laroq, Tramp Amerikasi bu ishlarni ancha samarali qila oladi. Agar bu ishlarni Xitoy ham joriy qilsa, Tayvanga urush ko‘p kuttirmaydi. Putin imperialistik maxsus operatsiyani Yevropada boshlab berdi. Trampning imperialistik intervensiyalari global masshtabda kechadi.
Dunyoda xuddi 19-asrdagi kabi “kim kuchli bo‘lsa – shu bilganini qiladi” degan qo‘rqinchli qoida to‘liq shakllanib bo‘lyapti. Hozircha buni faqat ba’zi yirik davlatlar tajriba sifatida boshlashdi. Agar bu o‘yin qoidasi barcha davlatlar orasiga yoyilsa, butun bir sayyoramizning lokal va global urushlardan boshi chiqmay qoladi.
Mavzuga oid
23:32 / 02.04.2026
AQSh bosh prokurori Pem Bondi iste’foga chiqadi
23:13 / 02.04.2026
Erondagi eng katta ko‘prik AQSh va Isroil zarbasi oqibatida vayron bo‘ldi
21:32 / 02.04.2026
AQShda 51 yil avvalgi qotillik DNK texnologiyasi yordamida fosh etildi
21:19 / 02.04.2026