Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Ekologik ekspertiza to‘g‘risida”gi Qonun yangi tahrirda qabul qilinadi
Shu kunlarda Ekoharakat deputatlar guruhi hamda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi a'zolari tomonidan parlament muhokamasiga bir qator yangi qonun loyihalari taklif etilmoqda.
Qonunchilik palatasi matbuot xizmatining xabar berishicha, deputatlar “Ekologik ekspertiza to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi ustida ishlashmoqda.
Dastavval qo‘mita huzurida ekspertlar guruhi tuzilgan. Hozirgi vaqtda ushbu ishchi guruhi qonun loyihasini dastlabki o‘qishga tayyorlash ustida faoliyat olib bormoqda.
Ma'lumot uchun, amaldagi “Ekologik ekspertiza to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 2000 yilning 25 mayida qabul qilingan va tabiatni muhofaza qilish qonunchiligini rivojlantiruvchi hamda asosini tashkil etuvchi qonunlardan biri sifatida namoyon bo‘lgan.
Ushbu qonunning 15 yil davomida amaliyotda qo‘llanishi, davlat ekologik espertizasining atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish talablarining bajarilishini ta'minlashda boshqaruv qarorlarini qabul qilishning dastlabki bosqichidayoq baholash imkoniyatini beruvchi samarali usullardan biri ekanligini ko‘rsatdi.
Biroq, shaharsozlik va yer qonunchiliklaridagi o‘zgarishlar, O‘zbekiston Respublikasining “Ekologik nazorat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonunning qabul qilinishi hamda ekologik sohadagi texnik reglamentlarning kiritilishi davlat ekologik ekspertizasi obektlarini ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik sharoitlarga mosligini aniqlashtirish va unga moslashtirish maqsadida ushbu sohadagi qonunchilikni qayta ko‘rib chiqishni talab etmoqda.
"Ekologik ekspertizani amalga oshirish bobida davlat ekologik ekspertizasining eksperti bo‘yicha yangi modda kiritilib, huquq va majburiyatlari aniqlashtirilmoqda. Shuningdek, davlat ekologik ekspertizasi xulosasining amal qilish muddati va uning to‘xtatilishi bo‘yicha normalar kiritilmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, qonun loyihasi ekologik ekspertiza sohasidagi milliy va xalqaro tajribalarni hisobga olgan holda ishlab chiqilgan bo‘lib, ekologik xavfsizlikni ta'minlash, atrof muhitga va aholining salomatligiga salbiy ta'sirlarni oldini olish, ekologik ekspertiza o‘tkazishda nodavlat notijorat tashkilotlarining huquqini kengaytirishga, shuningdek jamoatchilik va fuqarolarning rolini oshirishga qaratilgandir", degan qo‘mita a'zosi Xayrulla Gapparov.
Mavzuga oid
16:01 / 25.06.2025
Xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga ayrim vakolatlar beriladi
21:45 / 22.04.2025
Armaniston parlamentida deputatlar janjallashib ketdi
19:08 / 12.03.2025
Qamoqqa olinmagan gumonlanuvchilarning O‘zbekistondan chet elga chiqishi vaqtincha cheklanishi mumkin
10:51 / 17.01.2024