Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Putin Maduroni ag‘dargan Trampni tanqid qilishga jur’at etolmadi
Kreml rahbari yangi yil ta’tilidan keyingi birinchi ommaviy chiqishida Nikolas Maduroning AQSh harbiylari tomonidan qo‘lga olinishi haqida og‘iz ochmadi va Venesuelani Rossiyaning «do‘sti» va «ishonchli hamkori» deb atadi.
Foto: Kremlin.ru
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Qo‘shma Shtatlarning Venesueladagi xatti-harakatlari yuzasidan sukut saqlashda davom etmoqda, deb xabar berdi The Moscow Times.
Putin yangi yil ta’tilidan keyingi birinchi ommaviy chiqishida, Kremlda xorijiy elchilarga ishonch yorliqlarini topshirish marosimida Nikolas Maduroning AQSh harbiylari tomonidan qo‘lga olinishi haqida og‘iz ochmadi va Venesuelani Rossiyaning «do‘sti» va «ishonchli hamkori» deb atadi.
Rossiya prezidenti, shuningdek, Venesuela neftini tashish uchun foydalanilgan Rossiya maxfiy flotining tankerlari hibsga olingani haqida ham sukut saqladi.
Shuningdek, 15 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yangi yildagi birinchi brifingda Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham Venesuela haqida bir og‘iz ham gapirmadi.
Elchilarga murojaat qilar ekan, Putin xalqaro maydondagi vaziyat «tobora yomonlashib borayotganini» aytdi.
«Konsensus va murosali yechimlarni izlash ko‘pincha bir tomonlama va juda xavfli harakatlar bilan almashtirilmoqda. Va davlatlar o‘rtasidagi muloqot o‘rniga, o‘z irodasini o‘tkazishni, hayotga o‘rgatishni va buyruq berishni haqli deb bilganlarning monologi yangramoqda», dedi u.
AQShda giyohvand moddalar savdosini tashkil etishda ayblanib, umrbod qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin bo‘lgan Maduroga qarshi operatsiya Moskvaning g‘azabini qo‘zg‘atdi, ammo Vashington bilan munosabatlar Kreml uchun muhimroq, dedi Bloomberg agentligiga vaziyatdan xabardor manba.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Venesueladagi do‘stona rejimning yo‘qolishini Kreml halokat deb hisoblamaydi. Bloomberg suhbatdoshining ta’kidlashicha, Eron bilan bog‘liq vaziyat yanada jiddiyroq bo‘lib, Tramp Tehronga qarshi namoyishchilarni qo‘llab-quvvatlash uchun zarbalar bilan tahdid qilgan. Eron Rossiyaning yirik harbiy sherigi bo‘lib, Ukrainada urush boshlanganidan beri 3 milliard dollarlik raketa va dron yetkazib bergan. Ammo shunga qaramay, Rossiya vaziyatga aralashmaydi va katta ehtimol bilan hukumatni og‘zaki qo‘llab-quvvatlash bilan cheklanadi, dedi agentlik suhbatdoshi.
Trampning Oq uyga qaytishi bilan Moskva va Vashingtonning yaqinlashuvi boshlanganidan so‘ng, Rossiya «Amerikaning Venesuela tomonga shamalariga nisbatan vazminlik bilan munosabatda bo‘ldi», dedi nemis siyosatshunosi Feliks Rifer.
«Rossiya aslida Maduroni avvalroq topshirgan», dedi u. Shunga qaramay, Rossiyaning xalqaro maydondagi imiji zaiflashgan, dedi Rifer: «Rossiyaga umid bog‘lagan odam o‘zini himoya etishlariga umid qilolmaydi».
Mavzuga oid
09:04
Rossiya benzin eksportini iyul oxirigacha to‘xtatdi
23:32 / 02.04.2026
AQSh bosh prokurori Pem Bondi iste’foga chiqadi
23:13 / 02.04.2026
Erondagi eng katta ko‘prik AQSh va Isroil zarbasi oqibatida vayron bo‘ldi
21:32 / 02.04.2026