O‘zbekiston | 17:46 / 18.02.2026
6948
2 daqiqa o‘qiladi

Pensiya yoshiga yetgan shaxslarga jamg‘arilgan pensiya avtomatik to‘lab beriladi

O‘tgan yili O‘zbekistonda pensiya yoshiga to‘lgan shaxsga u murojaat qilmasa ham pensiya tayinlanishi belgilangan edi. Endi, 2026 yilgi davlat dasturiga ko‘ra, pensiya yoshiga yetgan shaxsga jamg‘arib borilgan pensiya hisobvarag‘idagi mablag‘larni ham avtomatik to‘lab berish tartibi yo‘lga qo‘yiladi. 1 dekabrdan boshlab pensiya miqdorini oldindan aniqlash xizmati joriy etilishi kerak.

Foto: Kun.uz

O‘zbekistonda pensiya yoshiga yetgan shaxslarga shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘idagi mablag‘lar shaxsning murojaatisiz (proaktiv tarzda), vakolatli organning tashabbusi asosida to‘lab beriladi.

Bu – prezident farmoni bilan tasdiqlangan 2026 yilgi davlat dasturida ko‘zda tutilgan.

Tegishli hujjat loyihasini ishlab chiqish muddati 2026 yil sentabr deb belgilandi.

Hujjatda, shuningdek, davlat oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga qabul qilingan quyidagi toifa talabalarga ularning murojaatisiz talabalar turar joyiga qabul qilinganligi bo‘yicha yo‘llanma berish nazarda tutiladi:

  • yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan talabalar;
  • Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar farzandlari;
  • I va II guruh nogironligi bo‘lgan talabalar.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yil 1 martdan boshlab, pensiya yoshiga to‘lgan shaxslarga ularning arizasisiz, proaktiv tarzda pensiya tayinlash yo‘lga qo‘yilgan edi.

Ma’lumot uchun, 2025 yil yozida qabul qilingan prezident farmoniga asosan, 2026 yil 1 dekabrdan boshlab pensiya miqdorini oldindan aniqlash xizmati joriy etilishi kerak.

Hozirda fuqarolar shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘idagi mablag‘ miqdorini davlat xizmatlari portalida ko‘rishi mumkin.

Avvalroq davlat xizmatlari portali va ilovasida pensiyani naqd shaklga o‘tkazish xizmati ishga tushirilgandi.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid