Talabalar – shaharlar ko‘rki. Ammo shaharlar talabalarni yana odatiy muammo – turar joy izlash va qimmat narxlar bilan kutib oladi.
Shu yil 20 aprel kuni prezident Shavkat Mirziyoyevning yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy himoyalash borasida farmoni qabul qilingandi.
Unga ko‘ra, yotoqxona bilan qamrab olinmagan va o‘ziga, shu jumladan ota-onasiga tegishli bo‘lmagan uyda ijara huquqi asosida yashaydigan davlat oliy ta'lim muassasalari talabalarining 60 foiziga ular tomonidan to‘lanadigan oylik ijara to‘lovining 50 foizi davlat budjeti hisobidan qoplab berilishi aytilgan.
Xo‘sh, 1 maydan amalga kiritilgan farmon ijrosi yangi o‘quv yilida qanday tartibda ijro etiladi?
Kun.uz muxbiri Oliy ta'lim vazirligi matbuot xizmati rahbari Sardorbek Usmonov bilan bog‘landi va mavzu bo‘yicha qator savollarga javob oldi.

— Sardorbek aka, farmon o‘tgan o‘quv yilining so‘nggi oylari uchun ham amal qilgan. Lekin o‘qishlar onlayn tarzda tashkil qilingani uchun ko‘pchilik bu yordamdan foydalanmagan. Xo‘sh, yangi o‘quv yilidan uning ijrosi qay tartibda ta'minlanadi?
— Haqiqatan ham farmonda yotoqxona bilan qamrab olinmagan, ota-onasiga tegishli bo‘lmagan uyda ijara huquqi asosida yashaydigan talabalarning 60 foiziga ular tomonidan to‘lanadigan oylik ijara to‘lovining 50 foizi davlat budjeti hisobidan qoplab berilishi belgilangan.
Farmon bilan kiritilgan yangi tartiblar may oyidan boshlab ijro etilib kelinmoqda.
Shu o‘rinda yana bir muhim jihatni eslatishim kerak: bu imtiyoz faqat davlat oliy ta'lim muassasalarida tahsil oladigan talabalarga taalluqli.
Yakuniga yetgan o‘quv yili oxirida 43 ta davlat oliy ta'lim muassasalaridan kelib tushgan arizalarga muvofiq may-iyun oylari uchun 3163 nafar talabaga 920 milliondan ziyod mablag‘ davlat budjeti tomonidan to‘lab berildi.
Raqamlardan ko‘rinadiki, o‘tgan o‘quv yilida imtiyoz uchun talabgor bo‘lganlar soni ko‘p bo‘lmadi. Qaysi talaba rasmiy ijara shartnomasi bilan kelib murojaat qilgan bo‘lsa, ularning barchasiga mablag‘lar to‘lab berilgan. Yangi o‘quv yilida ham shu tartibga amal qilinadi.






