Ayollar dunyosi | 15:18 / 04.12.2025
2108
2 daqiqa o‘qiladi

Ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashning yangi moliyaviy instrumentlari joriy etiladi

Prezident farmoniga muvofiq, 2026 yil 1 yanvardan HAMROH tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlash dasturi doirasida ayollar ulushi yuqori bo‘lgan kichik va o‘rta biznes loyihalarini imtiyozli kreditlar va kafolatlar orqali moliyalashtirish uchun qo‘shimcha mexanizmlar ishga tushiriladi.

Foto: Freepik

Farmonga ko‘ra, 2026 yil 1 yanvardan HAMROH tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlash dasturi (Dastur) doirasida xotin-qizlarning tadbirkorlik loyihalarini moliyaviy rag‘batlantirishga qaratilgan qo‘shimcha instrumentlar joriy etiladi.

Jumladan, tijorat banklari tomonidan ta’sischilari tarkibida ayollar ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan va (yoki) rahbari ayol kishi hisoblangan kichik va o‘rta tadbirkorlik sub’yektlari, kamida 10 ta ish o‘rni yaratishni nazarda tutuvchi loyihalarga Markaziy bankning asosiy stavkasidan 10 foiz punkt yuqori stavkagacha, BHMning 25 ming baravarigacha miqdorda kreditlar ajratiladi.

Shu bilan birga, “Biznesni kafolatlash milliy kompaniyasi” AJ tomonidan tijorat banklari kreditlarining 70 foizigacha bo‘lgan qismiga kafolat (kafillik) taqdim etiladi.

Dastur doirasida moliyalashtirish manbalari ham aniq belgilab qo‘yilgan:

Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mazkur Farmonda ko‘zda tutilgan mablag‘larni Kompaniyaga yo‘naltirish uchun “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJga Markaziy bankning asosiy stavkasida, 3 yillik imtiyozli davr bilan 7 yil muddatga ajratadi;
Kompaniya esa ushbu mablag‘larni tijorat banklariga kreditlarni moliyalashtirish uchun Markaziy bankning asosiy stavkasidan 4 foiz punkt yuqori stavkagacha, 3 yillik imtiyozli davr bilan 7 yildan oshmagan muddatga joylashtiradi.

Mazkur chora-tadbirlar xotin-qizlar tadbirkorligini keng qo‘llab-quvvatlash, yangi ish o‘rinlari yaratish va ayollar bandligini oshirishga qaratilgani ta’kidlanmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid