Jahon | 23:24 / 12.12.2025
16199
4 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston eshiklari markaziy osiyolik migrantlar uchun «ochilishi» mumkin

Qozog‘istondagi yirik davlat loyihalari - IES, AES qurish, energetika, uy-joy kommunal xo‘jaligi va transportni rivojlantirish uchun minglab mutaxassislar kerak bo‘ladi va ichki kadrlar resursi yetarli bo‘lmasligi mumkin. Deputatlar migrantlarni jalb qilishni muammoning yechimlaridan biri sifatida ko‘rmoqda.

Foto: Reuters

Qozog‘iston Majlisi bosh vazir O‘ljas Bektenovga deputatlik so‘rovi yubordi, unda iqtisodiyotda kutilayotgan kadrlar tanqisligi fonida mehnat migratsiyasi masalasi ko‘tarilgan. Deputatlar migrantlarni jalb qilish yondashuvlarini qayta ko‘rib chiqishni taklif qilmoqda, deb yozdi Tengrinews.

Bosh vazir O‘ljas Bektenov nomiga yuborilgan yangi deputatlik so‘rovida deputatlar mehnat bozoridagi vaziyat o‘zgarayotgani va amaldagi tartibga solish mexanizmlari o‘z samarasini bermayotganini ta’kidlagan.

«Qozog‘iston mehnat sohasida jiddiy o‘zgarishlar yuz bermoqda, ular davlat tomonidan tizimli javob berishni talab qiladi», deyiladi so‘rovda.

Deputatlarning e’tibor qaratishicha, so‘nggi o‘n yil ichida mamlakatda yuridik shaxslar soni qariyb 49 foizga o‘sdi - asosan kichik va o‘rta biznes hisobiga. Shu bilan birga, kichik va o‘rta biznesning o‘sishi, ularning baholashicha, har doim ham barqaror ish o‘rinlarini yaratish bilan birga kechmayapti.

Yirik davlat loyihalari - IES, AES qurish, energetika, uy-joy kommunal xo‘jaligi va transportni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. So‘rov mualliflarining fikricha, ularni amalga oshirish uchun minglab mutaxassislar kerak bo‘ladi va ichki kadrlar resursi yetarli bo‘lmasligi mumkin.

«Loyihalarni tezda amalga oshirish uchun minglab mutaxassislar kerak bo‘ladi», deyiladi hujjatda.

Bu hisob-kitoblar Mehnat resurslarini rivojlantirish markazi prognozlariga mos keladi: 2025-2035 yillarda Qozog‘iston iqtisodiyotiga 3 millionga yaqin yollanma ishchi kerak bo‘lishi mumkin, ulardan 813 ming nafari ishchi kadrlardir. Eng katta talab sanoat va qurilishda bo‘lishi kutilmoqda.

Deputatlar kadrlar taqchilligini qoplashning mumkin bo‘lgan vositalaridan biri sifatida mehnat migratsiyasini ko‘rib chiqishni taklif qilmoqda. So‘rovda aytilishicha, Qozog‘iston xorijiy ishchi kuchi uchun, birinchi navbatda, daromad darajasi bo‘yicha jozibador bo‘lib qolmoqda.

«Qozog‘istondagi ish haqi darajasi Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng yuqoriligicha qolmoqda», deyiladi murojaatda.

Shu bilan birga, deputatlar allaqachon mavjud bo‘lgan muammoni alohida ta’kidlagan: migrantlarning katta qismi mamlakatda noqonuniy ishlayapti.

«Ular asosan noqonuniy ishlaydi, bu esa joylarda korrupsiyaga hissa qo‘shadi», deyiladi so‘rovda.

Aslida, gap bir nechta ssenariylar haqida ketmoqda. Birinchisi - taqchillikni ichki resurslar: ish haqini oshirish, ishchi kuchini hududlar o‘rtasida qayta taqsimlash va kadrlar tayyorlashni jadallashtirish hisobiga qoplashga urinish. Bunday yo‘l tashqi ishchi kuchiga bog‘liqlikni kamaytiradi, lekin vaqt va qo‘shimcha xarajatlarni talab qiladi.

Ikkinchi variant - mehnat migratsiyasidan faolroq foydalanish. Bu kadrlar bo‘shlig‘ini tezroq yopish imkonini beradi, ammo nazorat zaif bo‘lsa, shaharlar, ijtimoiy infratuzilma va past malakali mehnat bozoriga yuklamani oshirishi mumkin.

Iqtisodiy nuqtai nazardan, mehnat migratsiyasini qonuniylashtirish yashirin bandlik hajmini kamaytirishi va soliq tushumlarini oshirishi mumkin. Bu faqat aniq qoidalar va ish beruvchilarning mas’uliyati bilan mumkin.

Ijtimoiy nuqtai nazardan, xatarlar uy-joy, transport va ijtimoiy xizmatlar yuklamasining oshishi, shuningdek, past malakali segmentlarda ish o‘rinlari uchun raqobatning kuchayishi bilan bog‘liq.

Aynan shuning uchun deputatlik so‘rovida migratsiyani kengaytirish emas, balki uni tartibga solish - tarmoqlar bo‘yicha kvotalar, ish beruvchilarning javobgarligi va soliq nazorati mexanizmlariga urg‘u berilgan.

«Migratsiya oqimlarini malaka, soliqlar va integratsiyaga e’tibor qaratgan holda strategik boshqarish kerak», deb hisoblamoqda murojaat mualliflari.

Mavzuga oid