Jahon | 21:21 / 17.10.2025
11260
4 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada ishchi kuchi yetishmovchiligi surunkali tus oldi – YeOTB

Demografik pasayish, aholining qarishi va mehnatga layoqatli fuqarolarning qisqarishi tufayli ishchilar yetishmovchiligi o‘sishda davom etmoqda.

Foto: Global Look Press

Rossiyada ishchi kuchi tanqisligi surunkali tus oldi. Demografik pasayish, aholining qarishi va mehnatga layoqatli fuqarolarning qisqarishi tufayli ishchilar yetishmovchiligi o‘sishda davom etmoqda, deyiladi Yevroosiyo taraqqiyot banki (YeOTB) hisobotida (.pdf).

2010 yildan 2024 yilgacha iqtisodiyotda band bo‘lganlar soni 4 milliondan ortiq kishiga oshdi, biroq ishsizlik 2025 yilning may-iyun oylarida rekord darajadagi past ko‘rsatkichga - 2,2 foizga tushdi. Bu odatda 4-5 foizni tashkil etadigan tabiiy darajadan past va mamlakatda mehnat resurslari yetishmasligini ko‘rsatadi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, faqat migrantlarni jalb qilish, keksalarning iqtisodiyotdagi ishtirokini oshirish va mehnat unumdorligini oshirish orqali bandlikni yanada oshirish mumkin.

So‘nggi 15 yil ichida Rossiyaga chet ellik ishchilarning yillik oqimi taxminan 250 ming kishini tashkil etgan va ularning mehnatga layoqatli aholining umumiy sonidagi ulushi 2025 yil o‘rtalariga kelib deyarli 3 foizga yetgan.

2019 yilgi pensiya islohoti mehnat bozoriga ham ta’sir ko‘rsatdi: tobora ko‘proq keksa fuqarolar ishda qolmoqda. Agar ilgari, 2016-2018 yillarda iqtisodiyotda 60 yoshdan oshganlarning qariyb 13 foizi band bo‘lsa, endi ularning ulushi 16,7 foizga yetdi. Ish haqining oshirilishi ham muhim omil bo‘ldi. 2023-2024 yillarda ular qariyb 18 foizga o‘sdi, bu esa o‘rta yoshli ishchilarning bir qismini mehnat bozoriga qaytarishga yordam berdi.

Lekin shularni hisobga olganda ham kadrlar yetishmayapti. Aksariyat korxonalar, Rossiya banki ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil ikkinchi choragida xodimlar yetishmovchiligi haqida xabar bergan va xodimlar sonini ko‘paytirishni rejalashtirgan.

Vaziyatning asosiy sababi - demografik o‘zgarishlar. Rossiya aholisi keksayib, mehnatga layoqatli fuqarolar soni kamayib bormoqda. YeOTB va BMT prognozlariga ko‘ra, 2040 yilga borib barcha ishchilarning qariyb 40 foizi 50 yoshdan oshgan bo‘ladi. Bunda eng faol va mahsuldor hisoblangan 30-40 yoshlilar avlodi tobora kamayib boradi. Ishchi kuchining qarishi unumdorlik va harakatchanlikning pasayishiga olib kelishi mumkin, bu esa iqtisodiy o‘sishga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Kadrlar yetishmovchiligi, ayniqsa, ishlab chiqarish, savdo, logistika, IT va sog‘liqni saqlash sohalarida yaqqol sezilmoqda. Qayta ishlash sanoatida qariyb 400 ming, savdoda 300 mingdan ziyod, transport va logistikada 200 mingga yaqin odam yetishmaydi.

Mutaxassislar yuzaga kelgan vaziyatning bir nechta sabablarini aytmoqda. Bular - demografik jarlik, mutaxassislarning chet elga chiqib ketishi, bitiruvchilarni tayyorlash va biznesning haqiqiy talablari o‘rtasidagi nomuvofiqlik, shuningdek, ishchilarni faol ravishda jalb qilayotgan «mudofaa sektorining o‘sishi».

Xodimlar yetishmasligi allaqachon kompaniyalarda o‘z aksini topmoqda. Ishchilar ko‘proq mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga majbur bo‘lyapti, bu esa holdan toyish va ish sifatining pasayishiga olib keladi.

Mehnat vazirligi hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiyada ishchi kuchi tanqisligi kamida 2030 yilgacha saqlanib qoladi. 2030 yilga borib, ishchilarga bo‘lgan ehtiyoj 3,1 mln kishiga yetadi. Shunday qilib, kadrlar tanqisligi Rossiya iqtisodiyoti uchun yangi me’yorga aylanmoqda.

Mutaxassislarning fikricha, muammoni migrantlarni jalb qilish, texnologiyalar va avtomatlashtirishni rivojlantirish, mehnat unumdorligini oshirish, shuningdek, aholi salomatligini yaxshilash orqali faol mehnat yoshini uzaytirish bilan hal qilish mumkin.

Mavzuga oid