Sog‘lom hayot | 16:23 / 15.11.2025
2047
5 daqiqa o‘qiladi

Onaning telefondan ko‘p foydalanishi bolaga qanday ta’sir qiladi?

Homila 24–28-haftalardan boshlab tashqi tovushlarni eshita boshlaydi, shu bois ona atrofidagi har qanday shovqin yoki axborot oqimi bolaga bevosita yetib boradi. Telefon ekranidan tarqaladigan ko‘k nur melatonin moddasi ishlab chiqarilishini kamaytirgani uchun homilador ayollarda uyqu sifati yomonlashadi. Uyquning buzilishi esa bachadondagi qon aylanishiga ta’sir qilib, homilaning kislorod olish jarayonini sekinlashtirishi mumkin. Tadqiqotlar ko‘p telefon ishlatgan onalarning bolalarida keyinchalik diqqat yetishmovchiligi uchrashini ko‘rsatgan.

Foto: AP

Ona qornidagi bola hali ko‘zini ochmagan, lekin u atrofdagi tovushlarni, masalan, onasining yurak urishi, so‘z ohangi, hatto telefonidan chiqayotgan ovozlarni eshitadi.

Bu tovushlar bola uchun birinchi “axborot oqimi” sanaladi. Onaning sokin ovozi unga taskin bersa, telefondan chiqayotgan keskin signal, baland musiqalar yoki tez-tez takrorlanadigan bildirishnoma tovushlari homilada stress gormoni ishlab chiqilishini kuchaytirishi mumkin. Chunki bola 24–28-haftalardan boshlab tashqi tovushlarni seza boshlaydi.

Mobil telefonlar chiqaradigan elektromagnit to‘lqinlar (EMF) homilaning asab tizimiga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatadi. Shu yo‘nalishda olib borilgan tadqiqotlarda ta’kidlanishicha, smartfonlarni me’yoridan ortiq ishlatgan homiladorlar embrionlarida keyinchalik diqqat buzilishi va uyqu muammolari kuzatilgani aniqlangan.

Shifokorlar buning sababini shunchaki “nurlanish” bilan emas, onaning holati bilan ham bog‘lashadi. Telefon ekrani qarshisida ko‘p vaqt o‘tkazish stress, ko‘z zo‘riqishi, uyqu buzilishi va asabiylikni kuchaytiradi. Bularning bari tabiiyki, homila uchun ham xavfli. Chunki bola onaning hissiy holatini sezadi: ona asabiy bo‘lsa, homila ham tinchlana olmaydi.

Uyqu buzilishi

Telefon ekranidan tarqaladigan ko‘k nur organizmga “hali kun davom etmoqda” degan signalni yuboradi. Bu melatonin gormonining tabiiy ishlab chiqishiga to‘sqinlik qiladi. Melatonin organizmni uyquga tayyorlaydigan asosiy gormon bo‘lgani uchun tanada uning miqdori kamayishi homilador ayolning tun bo‘yi bezovtalanib uxlashiga sabab bo‘ladi. Uyqu sifati yomonlashsa, kun davomida charchoq, kayfiyat tushishi, tez asabiylashish kuzatiladi. Bularning barchasi bachadonda qon aylanishiga ham ta’sir ko‘rsatadi. Oqibatda homila kislorodni yetarlicha olmasligi ehtimoli oshadi, bu esa rivojlanish uchun salbiy omil hisoblanadi.

Ba’zi ekspertlar hatto telefonni qorinning yaqinida saqlamaslikni, chaqaloq uxlayotgan xonada esa mobil qurilmani “fly mode” rejimiga qo‘yishni tavsiya etadi. Bu elektromagnit nurlanishni kamaytiradi hamda onani ijtimoiy tarmoqlar shovqinidan oz bo‘lsa ham uzoqlashtiradi.

Stress

Telefon to‘xtovsiz yangiliklar, bildirishnomalar va ijtimoiy tarmoqlarni jamlagan manbadir. Homilador ayolning ma’lumotlarni qayta-qayta ko‘rib chiqishi miya faoliyatiga zo‘riqish beradi. Oqibatda organizm kortizol kabi stress gormonlarini ko‘proq ishlab chiqaradi. Kortizol oshganda yurak urishi tezlashadi, tana hushyorlik holatiga o‘tadi, bu esa homilador ayol tanasini charchatadigan jarayon hisoblanadi. Negaki, kortizol plasenta orqali bolaga ham o‘tadi. Uzoq muddat davom etgan stress homilaning asab tizimi yaxshi shakllanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu sababli, shifokorlar homiladorlikda axborot oqimini kamaytirishni tavsiya qilishadi.

Homila asab tizimiga ta’siri

Telefonni juda ko‘p ishlatgan onalarning bolalarida keyinchalik diqqat yetishmovchiligi yoki xulq-atvor buzilishlari biroz ko‘proq kuzatilgan. Bu to‘g‘ridan to‘g‘ri telefon homilaga zarar yetkazadi degani emas, lekin onaning muntazam stress, uyqusizlik, axborot bosimi ostida bo‘lishi bolaning asab tizimiga bilvosita ta’sir qilishi mumkin. Homila asab tizimi juda nozik bo‘ladi, shu sabab unda tashqi omillarga sezgirlik yuqori hisoblanadi.

E’tibor va xotira pasayishi

Doimiy ravishda kontent almashinuvi, turli mazmundagi video va xabarlarni qabul qilish e’tibor resurslarini susaytiradi. Bu holat homilador ayollarda yanada kuchliroq seziladi, chunki mazkur paytda organizm asosiy energiyani homila rivojlanishiga yo‘naltiradi. Telefon diqqatni bo‘lib yuborgani uchun ayolning eslab qolish qobiliyati ham vaqtincha pasayishi mumkin.

Bosh og‘rig‘i va ko‘z charchashi

Ekranga uzoq qarash ko‘z quruqlashishi, ko‘rishning vaqtincha xiralashishi va bosh og‘rig‘iga olib keladi. Homilador ayollarda suyuqlik almashinuvi o‘zgaradi, shuning uchun ko‘z charchashi tezroq paydo bo‘ladi. Telefon ekrani kichik bo‘lgani uchun ko‘z mushaklari doimiy kuchlanish holatida qoladi. Bundan tashqari, ko‘k nur bosh miyaga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir qiladi va bosh og‘rig‘ini yanada kuchaytiradi.

Nima qilish kerak?

  • Telefonni qorin yaqinida tutmang;
  • Qo‘ng‘iroq vaqtida “speaker” rejimidan foydalaning;
  • Kechasi uxlashdan oldin telefonni 1 metr uzoqqa qo‘ying;
  • Har kuni ekran qarshisida 3-4 soatdan ortiq o‘tirmang;
  • Kechki vaqtlarda “night mode” funksiyasini yoqing.

Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar o‘rniga kitob, musiqiy meditatsiya, sayrdan foydalanishga harakat qiling.

Диёрахон Набижонова
Tayyorlagan Диёрахон Набижонова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid