Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Namangan viloyatida xalqaro logistika markazi tashkil etiladi
Vazirlar Mahkamasining “Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumanida sanoat, xizmatlar sohasi va qishloq xo‘jaligini rivojlantirish orqali aholi bandligini ta'minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan quyidagilar:
2018-2019 yillarda Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumanida kafolatli ish o‘rinlari tashkil etish hamda sanoat, xizmatlar sohasi va qishloq xo‘jaligini rivojlantirish loyihalarining manzilli ro‘yxati;
Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumanida kelgusi yillarda O‘zbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturi doirasida quriladigan va rekonstruksiya qilinadigan ijtimoiy soha obektlari ro‘yxati tasdiqlandi.
Namangan viloyati hokimligi:
manfaatdor davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, tijorat banklari, loyihalarning tashabbuskorlari bilan birgalikda tasdiqlangan manzilli ro‘yxat parametrlari so‘zsiz bajarilishini ta'minlasin va bu borada investitsiya loyihalarining o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishini, ishlab chiqarishning mo‘ljallangan hajmlari o‘zlashtirilishini va yangi ish o‘rinlari tashkil etilishini nazarda tutadi;
muammoli masalalarni muntazam ravishda ko‘rib chiqib, ularni hal etish yuzasidan tezkor va amaliy zarur chora-tadbirlarni amalga oshirgan holda loyihalar bajarilishi yuzasidan tizimli monitoring olib boradi.
Namangan viloyati hokimligiga O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi va xizmat ko‘rsatuvchi tijorat banklari bilan kelishgan holda loyihaning qiymatini va ish o‘rinlari sonini saqlab qolish sharti bilan loyihalarning tasdiqlangan manzilli ro‘yxatiga, zaruratga ko‘ra, o‘zgartirishlar kiritish huquqi berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Moliya vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Maktabgacha ta'lim vazirligi, Namangan viloyat hokimligi ijtimoiy soha obektlarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlarini tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlari asosida kelgusi yillarda O‘zbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturi doirasida amalga oshirilishini ta'minlaydilar.
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Namangan viloyati hokimligi bilan birgalikda Uchqo‘rg‘on tumani sektorlari va mahallalari bo‘yicha 2018-2019 yillarda haq to‘lanadigan jamoat ishlarini, band bo‘lmagan aholini kasbga qayta tayyorlashni tashkil etish bo‘yicha manzilli dasturni bir oy muddatda ishlab chiqadi va tasdiqlaydi.
Namangan viloyati hokimligining 2018-2019 yillarda Uchqo‘rg‘on tumani “Bo‘ston” fuqarolar yig‘inining umumiy maydoni 1 ga bo‘lgan yuk avtomobillari uchun texnik xizmat ko‘rsatish stansiyasini, texnik yordam ko‘rsatish punktini, to‘xtash joyini va kempingni o‘z ichiga oladigan xalqaro logistika markazi tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullandi.
Namangan viloyati hokimligi O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi bilan birgalikda logistika markazi tashkil etish loyihasini amalga oshirish uchun salohiyatli investorlarni jalb etish chora- tadbirlarini ko‘radi.
“O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi ikki oy muddatda Respublikada yetishtiriladigan noyob baliq turlarining (forel, osetr, losos va shu kabilarni) ozuqa bazasini mustahkamlash maqsadida xalqaro brendga ega bo‘lgan yuqori proteinli, boyitilgan ozuqa mahsulotlari ishlab chiqaruvchi yetakchi xorijiy kompaniyalar bilan birgalikda ularni respublikada ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish yuzasidan taklif kiritadi.
O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Namangan viloyati hokimligi Uchqo‘rg‘on tumanidagi muhandislik-kommunikatsiyalari mavjud bo‘lgan, foydalanilmasdan bo‘sh turgan bino va inshootlarni, shuningdek, yer uchastkalarini ikki oy muddatda xatlovdan o‘tkazadilar va keyinchalik zamonaviy ishlab chiqarishlar barpo etish hamda yangi ish o‘rinlari tashkil etish sharti bilan tadbirkorlik sub'yektlariga va salohiyatli investorlarga belgilangan tartibda berish hamda mulkdorlar tomonidan ishlab chiqarishni (xizmat ko‘rsatishni) yo‘lga qo‘yish orqali ulardan samarali foydalanilishini ta'minlaydilar.
Mavzuga oid
20:03
Namanganda xorijdan olib kelingan qalbaki dollarlarni sotmoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi
08:59 / 28.04.2026
Namanganda bank xodimi tezkor tadbirda qo‘lga olindi
10:58 / 25.04.2026
Namangan bir oy davomida eng ko‘p gul ekish bo‘yicha rekord o‘rnatmoqchi
19:59 / 24.04.2026