Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Do‘stini ishdan olgan Japarov, Eronga bosimni oshirayotgan Tramp va Kanada maktabidagi otishma – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
Japarov uzoq yillik ittifoqchisini ishdan oldi
10 fevral kuni prezident Sadir Japarov uzoq yillik ittifoqchisi va Qirg‘izistondagi ikkinchi eng ta’sirli amaldor — Qamchibek Tashiyevni Davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi va bosh vazir o‘rinbosari lavozimlaridan ozod etdi.
Prezident bu qarorni «jamiyatda va davlat idoralari o‘rtasida bo‘linishlarning oldini olish, birlikni mustahkamlash maqsadida» qabul qilganini bildirgan.
Shuningdek, Tashiyevning uch nafar o‘rinbosari va xavfsizlik kengashi kotibi Rustam Mamasodiqov ham lavozimidan ozod etilgan.
Tashiyev o‘rniga Jumgalbek Shabdanbekov milliy xavfsizlik qo‘mitasiga vaqtinchalik rais etib tayinlandi.
Qamchibek Tashiyev 2020 yildan buyon yuqori darajadagi lavozimlarda ishlab kelayotgandi. O‘sha yili u va Japarov saylov natijalari soxtalashtirilgani haqidagi iddaolardan keyingi namoyishlar to‘lqinida hokimiyatga kelgan.
Japarov va Tashiyev tarafdorlari ularni respublikada uzoq davom etgan siyosiy beqarorlikka chek qo‘ygan va hokimiyatni markazlashtirgan yetakchilar sifatida ko‘radi.
Tanqidchilar esa ularni ilgari Markaziy Osiyodagi eng demokratik davlat sifatida qaralgan Qirg‘izistonda muxolifat va erkin ommaviy axborot vositalariga bosim o‘tkazishda ayblaydi.
Xabarlarga ko‘ra, xavfsizlik idorasining sobiq rahbari hozir Germaniyada davolanmoqda.
Tramp Eronga bosimni oshirmoqda
AQSh prezidenti Donald Tramp davom etayotgan diplomatik muzokaralar fonida Yaqin Sharqqa ikkinchi aviatsiya tashuvchi zarba guruhini yubormoqchi.
«U yerga yo‘l olgan armadamiz bor va yana bittasi ham yuborilishi mumkin», dedi Tramp. U Axios nashriga qo‘shimcha joylashtirish masalasini «ko‘rib chiqayotganini» tasdiqlagan.
AQSh rasmiysi ham ichki muhokamalar davom etayotganini tasdiqladi. Ikkinchi zarba guruhi hozir mintaqada joylashgan Abraham Lincoln aviatsiya tashuvchi kemasiga qo‘shilishi mumkin.
Tramp Eron oldiga ikki yo‘lli tanlov qo‘ydi: «Yoki kelishuvga erishamiz yoki o‘tgan safargidek juda qat’iy choralar ko‘rishga majbur bo‘lamiz», dedi u. Bu bilan u o‘tgan yil iyun oyidagi AQSh zarbalarini nazarda tutdi.
AQSh prezidenti kelasi hafta eronlik rasmiylar bilan muzokaralarning ikkinchi raundini kutayotganini bildirib, Tehron endi jarayonga jiddiyroq yondashayotganini da’vo qildi.
Shuningdek, Tramp Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning Oq uyga tashrifi oldidan ular o‘rtasida kelishmovchilik borligini rad etdi.
Netanyahu esa Vashingtonga jo‘nab ketishidan oldin kun tartibini bayon qildi. Unga ko‘ra, chorshanba kuni Tramp bilan suhbatlar G‘azo va mintaqaviy masalalarni qamrab oladi. Biroq asosiy e’tibor Vashington va Tehron o‘rtasidagi muzokaralarga qaratiladi.
«Prezidentga muzokaralar tamoyillari bo‘yicha o‘z qarashlarimizni taqdim etaman», dedi Netanyahu.
Isroil OAVlari ma’lumotiga ko‘ra, Netanyahu aslida 18 fevral kuni AQShga tashrif buyurishni rejalashtirgan edi, biroq Vashington va Tehron o‘rtasidagi muzokaralarga ta’sir ko‘rsatish maqsadida safarni bir hafta oldinga surgan.
Kanadadagi maktabda otishma
10 fevral kuni Kanadadagi o‘rta maktablardan birida sodir bo‘lgan otishma oqibatida sakkiz kishi halok bo‘ldi. Rasmiylar hodisaga aloqador deb taxmin qilinayotgan bir uyda yana ikki kishi o‘lik holda topilganini qo‘shimcha qildi.
Otishma Vankuverdan 1 000 kilometr shimolda joylashgan kichkina Tambler Ridjye hududida sodir bo‘lgan.
Kanada OAVlari otgan shaxsni ayol sifatida tasvirlamoqda. Bu noodatiy holat, chunki Shimoliy Amerikada ommaviy otishmalar deyarli har doim erkaklar tomonidan sodir etilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, gumonlanuvchini hisobga olmaganda, maktab hududida olti kishi o‘lik holda topilgan. Yettinchi qurbon esa shifoxonaga olib ketilayotganda vafot etgan. 25 nafardan ortiq kishi jarohat olgan. Qolgan o‘quvchilar va xodimlar xavfsiz evakuatsiya qilingan.
«Qidiruv davomida politsiya xodimlari bir nechta qurbonlarni aniqladi. Otgan deb taxmin qilinayotgan shaxs ham o‘lik holda topildi, unda o‘ziga o‘zi yetkazilgan jarohat alomatlari bor», deyiladi politsiya bayonotida.
Politsiya gumonlanuvchining shaxsi yoki ishlatilgan qurol turi haqida tafsilotlarni bermadi. Qurolli hujum sababi hozircha ma’lum emas.
Rossiya yana Telegramʼni bloklashga urinmoqda
Bir necha kun oldin Rossiyadagi soha regulyatori — Roskomnadzor Telegram davlat qonunlariga rioya qilmagani uchun «bosqichma-bosqich cheklovlar joriy etishni davom ettirishini» ma’lum qildi.
«Avvalgidek shaxsiy ma’lumotlar himoyalanmayapti, messenjerning jinoiy hamda terrorchilik maqsadlarida qo‘llanishiga qarshi samarali choralar ko‘rilmayapti», deyiladi bayonotda.
Mazkur qonunlar platformalardan — rasmiy Moskva «jinoiy» yoki «terrorchilik maqsadlari» deb ataydigan faoliyatlarda foydalanilishining oldini olishni talab qiladi.
RIA axborot agentligi xabariga ko‘ra, yaqinlashib kelayotgan sakkizta sud majlisida Telegram 827 ming dollar jarimaga tortilishi mumkin. Bundan tashqari, sud ijrochilari yana 115 ming dollar to‘lanmagan jarimalarni undirishga urinmoqda.
Telegram asoschisi, asli rossiyalik tadbirkor Pavel Durov esa Rossiya rasmiylarining bosimiga bo‘ysunmasligini ma’lum qildi.
«Fuqarolar erkinligini cheklash hech qachon to‘g‘ri javob emas. Telegram har qanday bosimga qaramay so‘z erkinligi va maxfiylik tarafida turadi», dedi u.
Durovga ko‘ra, bu choralar foydalanuvchilarni «kuzatuv va siyosiy senzura uchun yaratilgan davlat qo‘llovidagi muqobil platforma»ga o‘tkazishga qaratilgan. U katta ehtimol bilan yaqinda yaratilgan Rossiyaning «Max» messenjerini nazarda tutgan bo‘lishi mumkin.
Rossiya avval ham Telegramʼni bloklashga urinib ko‘rgan, biroq kirishni to‘liq cheklay olmagan va 2020 yilda taqiqni bekor qilgandi.
AQSh va Ozarboyjon hamkorligi
10 fevral kuni Bokuda AQSh vitse-prezidenti J.D. Vens va Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev ikki mamlakat o‘rtasidagi Strategik sheriklik xartiyasini imzoladi.
Aliyevning ta’kidlashicha, hujjatda xavfsizlik, jumladan, energetika xavfsizligi masalalarida hamkorlik, shuningdek, terrorizmga qarshi operatsiyalarni o‘tkazishda qo‘shma ishlar ko‘zda tutilgan.
O‘z navbatida, Vens ikki mamlakat o‘rtasidagi sheriklik va do‘stlik uzoq vaqt davomida yetarlicha baholanmaganini bildirdi.
Aliyev Boku va Vashington o‘rtasidagi hamkorlikning asosiy natijalaridan biri sifatida Ozarboyjon va Naxchivon o‘rtasidagi 43 kilometrlik tranzit yo‘lagini tilga oldi.
Ozarboyjon uchun ushbu yo‘lak Turkiya va undan keyin Yevropa bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqani ta’minlashi kerak. Uning qurilishi 2025 yil avgust oyida AQSh vositachiligida Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasida imzolangan kelishuv doirasida ma’qullangan. AQSh ushbu yo‘nalishdan 99 yil davomida foydalanish bo‘yicha eksklyuziv huquqlarga ega bo‘ladi.
Bundan bir kun avval Vens Armanistonga ham tashrif buyurib, bosh vazir Nikol Pashinyan bilan fuqarolik yadro energetikasi sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzoladi. Bloomberg xabariga ko‘ra, AQSh Armanistonga 9 milliard dollar miqdorida sarmoya kiritishni va’da qilgan.
Mavzuga oid
14:34 / 03.04.2026
Eronda portlatilgan ko‘prik, Ho‘rmuzni ochish bo‘yicha koalitsiya va AQSh bosh prokurorini ishdan olgan Tramp – kun dayjesti
16:00 / 02.04.2026
Oy tomon yo‘l olgan fazogirlar, Luhanskni to‘liq «ozod qilgan» Rossiya va Trampning murojaati – kun dayjesti
14:02 / 01.04.2026
AQShga «yo‘q» degan yevropaliklar, Qrimda qulagan harbiy samolyot va Bag‘dodda o‘g‘irlangan amerikalik jurnalist – kun dayjesti
16:20 / 31.03.2026