Sog‘lom hayot | 14:47 / 16.11.2025
4540
4 daqiqa o‘qiladi

Har kuni xurmo iste’mol qilsangiz, tanangizda nimalar o‘zgaradi?

Xurmo – inson salomatligi uchun foydali xususiyatlarga ega mahsulot. Uning tarkibida energiya beruvchi tabiiy shakar, tolalar, mineral va vitaminlar mavjud. Mazkur meva ichaklarni tozalaydi, qon shakarini barqarorlashtirishga yordam beradi. Shuningdek, u charchoqni kamaytiradi va immunitetni mustahkamlaydi. Ushbu maqolada xurmo organizmga qanday tasir qilishi haqida batafsil tanishishingiz mumkin.

Foto: poleznesvojstva.org

Energiya va diqqat darajasini oshiradi

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, tabiiy shakar va tolalarga boy ovqatlar qondagi energiya darajasini asta-sekin oshiradi va tezkor charchoqning oldini oladi, shu bilan birga diqqat va konsentratsiyani yaxshilaydi. Xurmo esa aynan shunday sog‘lom energiya manbai sanaladi. Xususan, u glyukoza, fruktoza va saxaroza kabi moddalarni o‘z ichiga oladi. Bu moddalar organizmni tezda energiya bilan ta’minlaydi. Jismoniy mashg‘ulotlardan keyin 2-3 dona xurmo yeyish charchoqni kamaytiradi, diqqatni tiklaydi.

Hazm tizimini yaxshilaydi

Mazkur meva tarkibida eriydigan va erimaydigan tolalar ko‘p. Bu ichak faoliyatini normallashtiradi, qabziyatning oldini oladi va foydali mikroblar, ya’ni probiotiklarning o‘sishini qo‘llab-quvvatlaydi. Kuniga atigi 3-4 dona xurmo iste’mol qilish ichak faoliyatini yaxshilaydi va toksinlar chiqishini tezlashtiradi.

Yurak va qon tomirni sog‘lomlashtiradi

Xurmoda kaliy, magniy va antioksidantlar bor. Kaliy organizmda suyuqlik balansini saqlash, qon bosimini tartibga solish va yurak ritmini normallashtirishga hissa qo‘shadi. Magniy esa yurak mushaklarining normal qisqarishini ta’minlaydi va ortiqcha stressga berilishini kamaytiradi. Shuningdek, xurmo tarkibidagi antioksidantlar hisoblanmish flavonoidlar, karotenoidlar va fenolik birikmalar qon tomirlaridagi yallig‘lanish jarayonlarini pasaytiradi, “yomon” xolesterin (LDL) miqdorini kamaytiradi va tomirlar elastikligini saqlashga yordam beradi.

Suyaklarni mustahkamlaydi

Xurmoda suyaklar uchun muhim bo‘lgan minerallar – kalsiy, fosfor, magniy va bor kabi moddalar mavjud. Kalsiy suyaklarning asosiy “qurilish materiali” hisoblanib, u yetarli bo‘lmasa, suyaklar mo‘rtlashadi va sinish xavfi yuqorilaydi. Fosfor esa kalsiy bilan birga suyak zichligini oshiradi, mustahkamlaydi. Magniy suyak to‘qimasida kalsiyning samarali ishlashini ta’minlaydi, bor esa osteoporoz xavfini kamaytirishga yordam beradi. Shu sabab xurmo muntazam iste’mol qilinsa, suyak zichligi oshadi va mo‘rtlashuvi kamayadi.

Immunitetni kuchaytiradi

Ushbu meva sink, temir, selen, A va C vitaminlari orqali immun tizimni mustahkamlaydi. Tadqiqotlarda xurmo iste’mol qiluvchi odamlarda shamollash va virusli kasalliklarga qarshi tabiiy himoya kuchliroq bo‘lishi kuzatilgan. Xurmodagi C va D vitaminlari, shuningdek, beta-karotin kollagen ishlab chiqarilishini rag‘batlantiradi. Bu terini silliq va elastik qiladi, qarish jarayonini sekinlashtiradi. Temir moddasining yetarli miqdori esa qon aylanishini yaxshilab, soch ildizlariga kislorod yetkazib beradi.

Tanani detoksikatsiya qiladi

Xurmo tanadagi og‘ir metall va zararli moddalarni chiqarishga yordam beradi. Uning tabiiy antioksidantlari jigar faoliyatini faollashtiradi, bu esa tananing tabiiy tozalash jarayonini tezlashtiradi.

Ehtiyot choralari

Har qancha foydali bo‘lmasin, xurmoni ham me’yorda iste’mol qilish lozim. Unda tabiiy shakar ko‘p bo‘lgani uchun kuniga 3-5 dona yetarli. Qandli diabeti bor insonlar esa shifokor bilan maslahatlashgan holda yegani ma’qul.

Диёрахон Набижонова
Muallif Диёрахон Набижонова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid