O‘zbekiston | 00:19 / 19.06.2020
8378
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Nursulton Nazarboyevga sihat-salomatlik tilab maktub yo‘lladi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevga maktub yo‘lladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Unda shunday deyiladi:  

““Muhtaram Nursulton Abishevich!

Sizning koronavirus kasalligiga chalinganingiz to‘g‘risidagi xabarni chuqur bezovtalik va katta xavotir bilan qabul qildim.

Hayotingizdagi ushbu sinovli va murakkab paytlarda biz uchun hamisha cheksiz ehtiromga sazovor bo‘lib kelgan Siz, aziz og‘amni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorligimni va yaqin ko‘makdosh ekanligimni yana bir bor chin qalbdan ma'lum etmoqchiman.

Hech shubhasiz, qisqa fursatlarda mazkur virusni muvaffaqiyatli yengib o‘tib, shifo topishingizga va tuzalib ketishingizga ishonchim komildir.

Qadrli Nursulton Abishevich, Sizga, Qodir Allohdan mustahkam sihat-salomatlik, kuch-quvvat, uzoq umr va yangi zafarlar ato qilishini so‘rab qolaman.

Tez orada Siz bilan diydor ko‘rishish baxtiga muyassarlik nasib etishiga umid qilaman”.

Eslatib o‘tamiz, 18 iyun kuni Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevda koronavirus infeksiyasi aniqlangani haqida xabar berildi.  

«Hozirgi vaqtda Qozog‘istonning birinchi prezidenti o‘zini o‘zi yakkalash rejimida bo‘lib turibdi. Elboshining koronavirus infeksiyasiga o‘tkazilgan so‘nggi testi musbat natijani ko‘rsatdi. Xavotirga sabab yo‘q

Nursulton Nazarboyev masofadan turib ishlashda davom etmoqda», - deyiladi uning matbuot xizmati xabarida.
Nazarboyev qariyb 30 yil davomida Qozog‘iston prezidenti bo‘lgan. 2019 yil mayida u iste'foga chiqqan, shu bilan birgalikda «millat otasi» unvonini hamda Konstitutsion kengash a'zoligini saqlab qolgan. Shuningdek, u Qozog‘iston Xavfsizlik kengashi va hukumatdagi «Nur Otan» partiyasini boshqaradi.

Bugungi kunda respublikada koronavirusga chalinganlar soni 15 542 nafarni, undan vafot etganlar soni 97 nafarni tashkil qilmoqda. Shu bilan birga, 9 902 kishi virus asoratlaridan sog‘ayib ketgan.

Mavzuga oid