Jahon | 16:27 / 03.01.2025
6874
3 daqiqa o‘qiladi

To‘qayev: Davlat rahbari – yollanma davlat boshqaruvchisi, «Tangrining soyasi» emas

Qozog‘iston prezidenti mamlakatda adolat tamoyillarini joriy etish va xalq birligini qo‘z qorachig‘idek himoya qilish lozimligini ta’kidladi.

Foto: akorda.kz

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev 2024 yil yakunlariga bag‘ishlangan intervyuda 2022 yil yanvarida mamlakatda sodir bo‘lgan qonli voqealarni esga oldi.

«Bu voqealarning asosiy sababi – ijtimoiy adolatsizlik, siyosiy turg‘unlik, shuningdek, fitnachilarning bostirib bo‘lmaydigan ambitsiyalari, xalq va davlat taqdiriga befarqligidir. Hali ham taxminlar va sodir bo‘lgan voqealarning turli versiyalari mavjud. Bundan tashqari, ba’zi bir tarafkash shaxslar faktlarni o‘ylab, fuqarolarning his-tuyg‘ularini manipulyatsiya qilmoqda. Hokimiyatning o‘zi jamiyatda savollar qolmasligidan manfaatdor. Bir narsa aniq: qat’iy choralar ko‘rilmaganida, Qozog‘iston suvereniteti cheklangan, butunlay boshqacha davlatga aylangan bo‘lardi», dedi To‘qayev.

Qozog‘iston rahbari yanvar voqealaridan chiqarilgan xulosalarni sanadi.

«Bu voqealar barchamizga ko‘p narsani o‘rgatdi. Birinchidan, mamlakatda hokimiyat birlashtirilishi kerak, qo‘shhokimiyat bo‘lmasligi kerak. Ikkinchidan, davlat rahbari - ma’lum bir muddatga yollangan davlat boshqaruvchisi, «Tangrining soyasi» emas. Uchinchidan, oliy davlat lavozimlariga nomzodlarni, jumladan, huquq-tartibot idoralari rahbarlarini ham puxta tanlash, ular Vatanga, Qozog‘istonga fidoyi bo‘lishi kerak, eng muhimi, hamma joyda adolat tamoyillarini joriy etish zarur, xalq birligini qo‘z qorachig‘idek himoya qilish lozim», dedi To‘qayev.

2022 yil yanvar oyida Qozog‘istonda suyultirilgan gaz narxi keskin oshganidan keyin ommaviy norozilik namoyishlari va tartibsizliklar boshlanib ketdi. Odamlar va huquq-tartibot idoralari xodimlari to‘qnashuvi oqibatida 250 nafardan ortiq kishi halok bo‘lib, 8 mingga yaqini jarohat oldi. Qonli voqealardan so‘ng Qozog‘istonning sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyev «Elboshi» unvonidan va boshqa ko‘plab imtiyozlardan mahrum etildi. Uning yaqin qarindoshlariga nisbatan korrupsiya bo‘yicha jinoiy ishlar qo‘zg‘atildi.

Mavzuga oid