O‘zbekiston | 17:49 / 05.03.2026
2676
2 daqiqa o‘qiladi

Saida Mirziyoyeva O‘zbekiston ayol sudyalari assotsiatsiyasi tashkil etilgani bilan qutladi

Toshkentda Xalqaro ayol sudyalar kuniga bag‘ishlangan tantanali uchrashuvda Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ishtirok etdi va O‘zbekiston ayol sudyalari assotsiatsiyasi tashkil etilgani munosabati bilan barchani samimiy qutladi.

Foto: Telegram/Saida Mirziyoyeva

Toshkentda 10 mart – Xalqaro ayol sudyalar kuniga bag‘ishlangan tantanali uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mamlakat tarixida ilk bor O‘zbekiston ayol sudyalari assotsiatsiyasi tashkil etildi. Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ushbu voqea munosabati bilan barchani samimiy qutladi.

«Prezidentimiz tomonidan xotin-qizlar va bolalarni zo‘ravonlik hamda tazyiqlardan himoya qilishga qaratilgan muhim farmon qabul qilindi. Bu – inson taqdirini barbod qilib, jinoyatini “an’ana” niqobi ostiga yashirishga, mavqei yoki mansabi bilan xaspo‘shlashga urinayotgan kimsalarga qarshi murosasiz qadamdir. Bu borada sudyalar hal qiluvchi o‘ringa ega: qonun shunday ishlashi kerakki, jinoyatchi uchun bahona ham, “tuynuk” ham qolmasin.

Bunga erishish uchun sudyalar, huquqni muhofaza qiluvchi va tergovga qadar tekshiruv organlari faoliyatining samaradorligi, mas’uliyati yanada oshiriladi hamda zo‘ravonlikning har qanday holatiga real huquqiy baho berilishi ta’minlanadi.

Birinchi bor aynan ushbu xalqaro sana munosabati bilan ayol sudyalarimiz davlat mukofotlari bilan taqdirlandilar. Men buni qat’iyati va halolligi bilan odil sudlovni amalga oshirayotgan insonlarga bo‘lgan yuksak hurmat ifodasi, deb bilaman.

Zo‘ravonlik atrofdagilar sukuti va mazlumlarning qo‘rquvi ortiga aslo yashirina olmasligi kerak. Biz ana shunday muhitni barpo etishni maqsad qilganmiz», dedi Saida Mirziyoyeva.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid