O‘zbekiston | 13:48 / 16.11.2025
3369
4 daqiqa o‘qiladi

«Uzoqni ko‘ra oladigan siyosatchi» – Aliyev Mirziyoyevning o‘zaro munosabatlarni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi haqida

U Markaziy Osiyo va Ozarboyjon allaqachon yagona geosiyosiy va geoiqtisodiy mintaqa ekanini ta’kidlagan.

Foto: Ozarboyjon davlat axborot agentligi

Ozarboyjon xalqi O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevni amalga oshirayotgan ishlari, ko‘rsatayotgan yaxshi munosabati uchun qattiq hurmat qiladi. Bu haqda Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi maslahat uchrashuvidagi nutqida aytib o‘tdi.

«Avvalo, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevga Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi maslahat uchrashuvida ishtirok etish taklifi uchun chuqur minnatdorlik bildiraman. An’anaviy mehmondo‘stlik uchun O‘zbekiston tomoniga minnatdorchilik bildiraman.

O‘zbekiston birodarim Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning oqilona rahbarligi ostida taraqqiyot va bunyodkorlik yo‘lidan dadil bormoqda. Ulkan xalqaro nufuz, samarali iqtisodiy islohotlar, sanoat, transport, qishloq xo‘jaligi sohalaridagi keng ko‘lamli loyihalar O‘zbekistonni mintaqada yetakchi o‘ringa olib chiqdi. O‘zbekiston – prezidentning har kunlik g‘amxo‘rligi tufayli jahonning yetakchi sport davlatlari qatorida bormoqda. So‘nggi yozgi Olimpiya o‘yinlari buni yaqqol ko‘rsatdi.

Shavkat Miromonovich nafaqat donishmand davlat arbobi, balki O‘zbekiston va Ozarboyjon munosabatlarini rivojlantirish ishiga katta hissa qo‘shgan inson hamdir. Ozarboyjonda uni aniq ishlari, xalqimizga bo‘lgan yaxshi munosabati uchun sevishadi va hurmat qilishadi. Uzoqni ko‘ra oladigan siyosatchi sifatida Shavkat Miromonovich Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarboyjon o‘rtasida yanada yaqin hamkorlik zarurligini yaqqol ko‘radi. Yana bir bor, hurmatli Shavkat Miromonovich, barchasi uchun sizga katta rahmat.

Kecha Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘ldik. O‘zbekiston prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilgan markaz O‘zbekiston prezidentining O‘zbekistonning boy madaniy merosiga sodiqligining yana bir dalilidir. Ayrim mamlakatlarda dinimizga qarshi xurujlar kuchayib, islomofobiya tizimli tus olayotgan bir paytda Islom sivilizatsiyasi markazi ochilishi Islomning bunyodkorlik, bag‘rikenglik, do‘stlik va birodarlik dini ekanini butun dunyoga namoyon etmoqda.

Islom dunyosining atoqli namoyandalari jahon ilm-fani, madaniyatiga ulkan hissa qo‘shgan va Islom sivilizatsiyasi markazi buni yaqqol ko‘rsatib turibdi. Ishonchim komilki, Toshkent shahridagi muhtasham va betakror Islom sivilizatsiyasi markazi butun islom olamining faxr-iftixoriga aylanadi», – degan Ozarboyjon prezidenti.

U Markaziy Osiyo va Ozarboyjon allaqachon yagona geosiyosiy va geoiqtisodiy mintaqa ekanini ta’kidlagan.

«Garchi Ozarboyjon Janubiy Kavkazda joylashgan bo‘lsa-da, bugungi kunda faol hamkorlik tufayli Markaziy Osiyo va Ozarboyjon dunyoda ahamiyati tobora ortib borayotgan yagona geosiyosiy va geoiqtisodiy mintaqaga aylandi», – dedi u.

U Ozarboyjon va Markaziy Osiyo davlatlari turli xalqaro tashkilotlar doirasida muvaffaqiyatli hamkorlik qilayotgani, bir-birining tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlayotgani, global va mintaqaviy xarakterdagi masalalarni hal qilish bo‘yicha umumiy yondashuvlarni ishlab chiqayotganini ta’kidlagan.

Aliyevning qo‘shimcha qilishicha, Ozarboyjon va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi munosabatlar o‘ziga xos xususiyatga ega.

«Bizni ko‘p asrlik mushtarak tarix, ma’naviy va madaniy meros, qardoshlik, do‘stlik va hamjihatlik birlashtirib turadi. Biz nafaqat bu aloqalarni saqlab qolishga erishdik, balki ularga strategik sheriklik xususiyatiga ega yangi sur’at bag‘ishladik», – deydi Ozarboyjon prezidenti.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid