O‘zbekiston | 20:03 / 29.04.2020
149586
2 daqiqa o‘qiladi

Karantin choralari yumshatilmoqda: Kunning ma'lum qismida avtomobildan foydalanishga ruxsat beriladi

O‘zbekistonda ayrim karantin choralari yumshatilmoqda. Xususan, shaxsiy avtomobilda kunning ayrim vaqtlarida harakatlanishga ruxsat beriladi. Bu haqda prezident ishtirokidagi videoselektorda ma'lum qilingan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev aholi orasida kasallikka chalinish dinamikasi pasayib borayotganini inobatga olib, fuqarolar tomonidan shaxsiy avtotransportdan foydalanishga cheklovlarni ham sekin-asta yumshatish maqsadga muvofiqligini aytib o‘tgan.

Respublika komissiyasi tegishli cheklovlar o‘rnatilgan hududlarda aholi tomonidan ertalab soat 7:00dan 10:00 gacha hamda kechqurun 17:00 dan 20:00 gacha shaxsiy avtomashinalardan foydalanishga ruxsat berilishini ta'minlaydi.

Bunda shaxsiy avtotransportdan, birinchi navbatda, fuqarolarning ish joyiga, tibbiyot muassasalariga borishi va uyiga qaytishi, iste'mol mahsulotlari, dori-darmon va tibbiy buyumlarni xarid qilishi uchun foydalanishi mumkin.

Shaxsiy avtotransportlardan foydalanishga ruxsatnomaga ega bo‘lgan va yetkazib berish xizmatlari bilan shug‘ullanadigan fuqarolar hech qanday cheklovlarsiz o‘z mashinalaridan foydalanishlari mumkin.

Shuningdek, fuqarolarning ko‘plab murojaatlarini inobatga olgan holda, shahar va tumanlardagi ko‘p qavatli uylarning ichki hovli va hududlarida ota-onalar hamrohligida bolalarini sayr qildirishga ruxsat beriladi. Bunda xavfsizlik choralariga qat'iy rioya qilish talab etiladi.

Mavzuga oid