Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Oliy ta'lim muassasalarida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limlari tashkil etiladi
Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Moliya vazirligining “Oliy ta'lim muassasalari boshqaruv, texnik, xizmat ko‘rsatuvchi va o‘quv-yordamchi xodimlarining namunaviy shtatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qarori qabul qilindi.
Namunaviy shtatlar oliy ta'lim muassasalarining budjetdan tashqari mablag‘lari va to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishdan tushgan mablag‘lar hisobidan joriy etiladi.
Kiritilgan o‘zgartirishlarga asosan namunaviy shtatlarning 2 va 3-pozitsiyalari quyidagi lavozimlar bilan taqdim etilgan:
o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor (filial direktori o‘rinbosari) (ilgari - o‘quv va tarbiyaviy ishlar bo‘yicha prorektor (filial direktori o‘rinbosari);
yoshlar masalalari va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha prorektor (filial direktori o‘rinbosari) (ilgari - o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor (filial direktori o‘rinbosari).
Yuqorida ko‘rsatilgan lavozimlar mamlakatning barcha OTM namunaviy shtatlariga kiritiladi.
Lavozim - yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor (filial direktori o‘rinbosari) namunaviy shtatlardan chiqarib tashlanadi.
Monitoring va ichki nazorat bo‘limi (talabalar soni 1500 kishigacha bo‘lgan OTMda - monitoring va ichki nazorat sektori) jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash, nazorat va monitoring bo‘limi (talabalar soni 1500 kishigacha bo‘lgan OTMda - jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash, nazorat va monitoring sektori) etib qayta nomlandi. Bo‘lim (sektor) quyidagi lavozimlar bilan taqdim etilgan: bo‘lim boshlig‘i (sektor mudiri), bosh mutaxassis, inspektor.
Yangi bo‘lim - korrupsiyaga qarshi kurashish "komplayens-nazorat" tizimini boshqarish bo‘limi kiritiladi. Mazkur bo‘lim bo‘lim boshlig‘i va bosh mutaxassis bilan taqdim etilgan. Bo‘lim boshlig‘i lavozimi talabalar soni 1 500 kishigacha bo‘lgan OTMda nazarda tutilmagan.
Boshqa o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar ham kiritilgan.
Hujjat Prezidentning 2019 yil 6 sentyabrdagi "Professional ta'lim tizimini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoni, 2019 yil 8 oktyabrdagi "O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida"gi farmoni, 2019 yil 11 iyuldagi "Oliy va o‘rta maxsus ta'lim tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori, 2020 yil 28 apreldagi "Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori, 2021 yil 26 martdagi "Ma'naviy-ma'rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori va Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 31 dekabrdagi "Oliy ta'lim muassasalarida ta'lim jarayonini tashkil etish bilan bog‘liq tizimni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" qaroriga muvofiq qabul qilingan.