Jamiyat | 20:48 / 08.04.2026
31571
1 daqiqa o‘qiladi

Gulira’no Qosimova ishi: Furqat tumani IIB sobiq rahbarlariga hukm o‘zgarishsiz qoldirildi

Andijon viloyati sudi kassatsiya instansiyasi Gulira’no Qosimova ishi bo‘yicha Furqat tuman ichki ishlar bo‘limi sobiq boshlig‘i Akmal Xo‘jayev va uning o‘rinbosari Jasur Rasulovga nisbatan chiqarilgan hukmni o‘zgarishsiz qoldirdi.

Foto: Andijon viloyati sudlari axborot xizmati

Andijon viloyati sudlari axborot xizmati ma’lum qilishicha, kassatsiya tartibida ko‘rib chiqilgan ishda birinchi instansiya qarori kuchda qoldirilgan.

Ma’lumot uchun, Akmal Xo‘jayev va Jasur Rasulov JIB Quva tuman sudining 2025 yil 28 noyabrdagi hukmi bilan bir nechta moddalar bo‘yicha aybli deb topilgan edi. Ularga nisbatan:

  • shaxsiy hayotga oid ma’lumotlarni oshkor qilish,
  • turar joy daxlsizligini buzish,
  • mansab vakolatidan chetga chiqish,
  • tezkor-qidiruv materiallarini soxtalashtirish,
  • qonunga xilof ushlab turish kabi ayblovlar qo‘yilgan.

Sud hukmiga ko‘ra, har ikkisiga 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Shuningdek, ular 3 yil davomida ichki ishlar tizimi va davlat ishtirokidagi tashkilotlarda mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilingan.

Kassatsiya instansiyasi ajrimi bilan mazkur jazo o‘zgarishsiz qoldirildi.

Tomonlar qonunda belgilangan tartibda taftish instansiyasiga shikoyat berish huquqiga ega.

Руслан Сабуров
Tayyorlagan Руслан Сабуров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid