O‘zbekiston | 19:40
23116
3 daqiqa o‘qiladi

Ichki ishlar xodimini urgan haydovchi qamoqqa olindi

Ichki ishlar tizimida mas’ul lavozimda ishlagan Sherzod Pardayev lavozimidan ozod etildi. Uning ukasi bilan bog‘liq holatga aralashgani o‘z xizmat vakolatlaridan noto‘g‘ri foydalanish sifatida baholandi.

Foto: Videodan kadr

Sirdaryo viloyati IIBda ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Diyorbek Sattarov rahbarligida tanqidiy yig‘ilish o‘tkazildi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar berdi.

Yig‘ilishda ayrim rahbar xodimlarning xizmat majburiyatlarini bajarishga nisbatan loqayd munosabati tanqidga olingan.

Xususan, Sirdaryo viloyati IIB rahbar xodimi va uning yaqin qarindoshi ishtirokidagi holat – mast haydovchining ichki ishlar xodimini urishi va yonidagi polkovnik akasi bunga aralashishi voqeasi keskin muhokama qilingan. Bu xizmat vakolatlarini suiiste’mol qilish va mansab mavqeyidan shaxsiy manfaatlar yo‘lida foydalanish ehtimolini ko‘rsatuvchi salbiy holat sifatida baholangan.

Ma’lum qilinishicha, huquqbuzarlikka yo‘l qo‘ygan podpolkovnik Sherzod Pardayev vazirlikning tegishli buyrug‘i bilan lavozimidan ozod etilgan.

Yig‘ilish yakunida mavjud kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish, xizmat intizomini mustahkamlash hamda qonuniylikni ta’minlash bo‘yicha rahbar xodimlarga aniq ko‘rsatmalar berilgan.

Xodimga tushirilgan musht voqeasi

Holat 30 mart kuni tungi vaqtda Yashnobod tumanida sodir bo‘lgandi. Malibu va Leapmotor mashinalari o‘zaro to‘qnashib ketgach, haydovchilar o‘rtasida tortishuv yuzaga kelgan. So‘ngra Leapmotor haydovchisi 102 raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, davlat raqam belgisiga ega bo‘lmagan Malibu haydovchisi avariya sodir etib, unga nisbatan qo‘pollik qilayotgani haqida xabar bergan.

Murojaatga asosan voqea joyiga yetib borgan yo‘l-patrul xizmati xodimlari holatni rasmiylashtirishga kirishgan. Mast holatda mashina boshqarib kelgan Malibu haydovchisiga alkotester orqali tekshiruvdan o‘tish taklif qilingan.

Haydovchi esa qarshilik ko‘rsatib, xodimlardan biriga musht tushirgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda haydovchi ichki ishlar xodimiga tirsagi bilan zarba berganini va uning akasi ekani aytilgan erkak vaziyatga aralashishga uringanini ko‘rish mumkin.

Haydovchi spirtli ichimlik ichgani sababli qo‘li ko‘tarilib ketganini aytib, uzr so‘ragan. Hozirda u protsessual tartibda ushlangan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Haydovchi qamoqqa olingan

Toshkent shahar sudlari axborot xizmatiga ko‘ra, mast holda mashina boshqarib, ichki ishlar xodimini urgan 36 yoshli Bobur Pardayevga JIB Yashnobod tuman sudi ajrimi bilan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. 

Bugun ushbu sud ajrimi Toshkent shahar sudida apellyatsiya tartibida ko‘rib chiqilib, birinchi instansiya sudining ajrimi o‘zgarishsiz, ayblanuvchi tomon keltirgan apellyatsiya shikoyati qanoatlantirilmasdan qoldirilgan.

Руслан Сабуров
Tayyorlagan Руслан Сабуров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid