Jahon | 22:53 / 03.01.2025
3600
2 daqiqa o‘qiladi

Yevrokomissiya rahbarida pnevmoniyaning og‘ir shakli aniqlandi

Ursula fon der Lyayyen kasallik tufayli ikki haftaga mo‘ljallangan safarlarini bekor qildi. Yevropa komissiyasi rahbari sog‘aygunicha Gannoverda qoladi.

Foto: DPA

Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen pnevmoniyaning og‘ir shakli bilan kasallangani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda DPA agentligi YeI ijro organi vakiliga tayanib xabar berdi.

Qayd etilishicha, fon der Lyayyen yaqin ikki haftaga mo‘ljallangan safarlarini bekor qilgan. Xususan, YeK rahbari Polsha Yevroittifoq kengashi raisligini zimmasiga olishi munosabati bilan Gdanskga tashrif buyurishi kerak edi, biroq bu tashrif qoldirildi.

Ursula fon der Lyayyen sog‘aygunicha Gannoverda qoladi. Yevrokomissiyadagilar u yanvar o‘rtalarigacha tuzalib ketishiga umid bildirdi.

Ursula fon der Lyayyen 1958 yilda Belgiyada tug‘ilgan. 1978 yilda London iqtisodiyot va siyosiy fanlar maktabini, 1987 yilda esa Hannover Oliy tibbiyot maktabini tamomlagan. U shifokor sifatida o‘qigan va 1991 yilda tibbiyot fanlari doktori ilmiy darajasini himoya qilgan.

Siyosiy faoliyatini 1990 yilda Germaniya Xristian Demokratik Ittifoqi (XDI) partiyasida boshlagan. 2009 yildan 2013 yilgacha Germaniya Mehnat va jamoat ishlari vaziri lavozimida ishlagan. 2013 yildan 2019 yilgacha Germaniya Mudofaa vazirligini boshqargan. U bu lavozimni egallagan birinchi ayol bo‘ldi.

2019 yilda Ursula fon der Lyayyen Yevropa komissiyasini boshqargan birinchi ayol bo‘ldi. 2022 va 2023 yillarda Forbes jurnali uni «dunyodagi eng qudratli ayol» deb topdi. U 2019 yildan beri Yevropa komissiyasiga rahbarlik qilib keladi. 2024 yilda u yana besh yil muddatga YeK rahbarligiga saylangan edi.

 

Mavzuga oid