O‘zbekiston | 07:52 / 16.02.2019
13539
3 daqiqa o‘qiladi

Mahalla raislari saylovi joriy yil may oyida o‘tkaziladi 

Foto: senat.uz

2019 yil 15 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining axborot xizmati xabariga ko‘ra, Oliy Majlis Senati Kengashi a'zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasining mas'ul xodimlari, vazirliklar, idoralar, “Mahalla” xayriya jamoat fondi va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan majlisda fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari)  sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish masalasi muhokama etildi.

Foto: senat.uz

Qayd etilganidek, bu galgi fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovi jamiyatni yanada isloh qilish va demokratlashtirish, mamlakatni modernizatsiyalash sharoitida bo‘lib o‘tadi. 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq 2018 yilning oktyabrida “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi to‘g‘risida”gi Qonun yangi tahrirda qabul qilindi. Unda fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) uch yil muddatga saylanishi, yashirin ovoz berish, fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi Respublika komissiyasining vakolatlari, fuqarolar vakillarining soni saylovda ishtirok etish huquqiga ega bo‘lgan fuqarolar umumiy sonining kamida 12 foizini tashkil etishi lozimligi kabi yangi qoidalar mustahkamlab qo‘yildi.   

Muhokama yakunlari bo‘yicha avvalgi saylovlarda orttirilgan tajriba va qonun hujjatlari talablarini hisobga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining “Fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovi joriy yil may oyida o‘tkaziladi. Fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha tadbirlar rejasi, fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) sayloviga doir saylov byulleteni namunasi tasdiqlandi. Shuningdek, Fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi respublika komissiyasi tuzilib, uning tarkibi tasdiqlandi.

Mavzuga oid